MILLIY MANFAATLARIMIZ VA MILLIY QADRIYATLARIMIZ HIMOYASI — BOSH VAZIFAMIZ
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Sadullayevich Otamuratovning O’zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi V s’yezdidagi ma’ruzasi
Assalomu alaykum, hurmatli delegatlar!
Partiyamizning bugungi s’yezdi mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqyea — Prezident saylovi kampaniyasi qizg’in bosqichga kirgan bir paytda o’tmoqda. Ushbu saylov Vatanimiz mustahkam va barqaror siyosiy tizimga, jahon andozalariga javob beradigan demokratik saylov qonunchiligiga ega ekanligini yana bir bor namoyish etishi shak-shubhasizdir.
Istiqlol yillarida O’zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng miqyosli islohotlar amalga oshirildi. Xalqimiz qalbi, ong-tafakkurida fuqarolik hissi va mas’uliyati hamda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg’usi kuchayib bormoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari ta’siri oshib, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamiyat va davlat qurilishi jarayonida faol ishtirok etishlari uchun qulay tashkiliy, huquqiy va boshqa zarur sharoitlar yaratildi.
Xalqaro miqyosda e’tirof etilib, bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan besh tamoyil asosida islohotlar bardavomligini ta’minlash, boshlangan ulug’vor ishlarga jo’shqin sur’at baxsh etish uchun mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimizga erishishda to’plangan tajribalar, ulkan tarixiy, madaniy, boy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va an’analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash hamda ma’naviy yuksalishga erishish zarurligini alohida ta’kidlash zarur.
Barchamizga ma’lumki, partiyamizning maqsadi — milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g’oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning farovonligi oshishi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va maqsadli ilgari surish, O’zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitishdan iborat.
Ana shunday ezgu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal etishni Saylovoldi dasturiga kiritmoqdamiz.
Jamoatchilik va partiyamiz elektoratiga yaxshi ma’lumki, partiyamiz ma’naviy-ma’rifiy sohani o’zining dasturiy maqsad-vazifalari ichida yetakchi o’ringa qo’ygan. Chunki o’zligini anglagan, qadriyat va an’analarini e’zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutadi.
Mamlakatimizda bu sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz doimo milliy o’zlikni anglash, milliy g’urur va qadr-qimmat tuyg’usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berganmiz va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar diqqat-markazimizda bo’ladi. Milliy tiklanish — avvalambor, milliy o’zlikni anglash demakdir. Ushbu g’oyadan kelib chiqib, biz quyidagilarni qo’llab-quvvatlaymiz.
Xalqimizning betakror va ulug’vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ’ib qilish tarafdorimiz. Milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarimiz himoyasi bizning bosh vazifamizdir.
“O’z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo’q” tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o’rganish, bu borada o’zbek xalqining tarixiy o’tmishi va bugungi kunini baholashda biryoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo’l qo’ymaslik, O’zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashamiz.
O’zbekistonda umumjahon ahamiyatiga molik bo’lgan juda ko’plab tarixiy-madaniy va arxitektura yodgorliklari mavjud. Muzeylar, arxivlar va kutubxonalarda juda qimmatli qo’lyozmalar, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Bunday ulug’vor tarixiy merosni asrab-avaylash va hisobga olish bo’yicha muayyan ishlar qilingan bo’lsa-da, o’rganishlar shuni ko’rsatdiki, hali bir qator madaniy meros ob’yektlarimiz hisobga olinmagan, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari to’liq toifalashtirilmagan.
Ana shulardan kelib chiqib, madaniy meros ob’yektlarini to’liq xatlovdan o’tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish talab etiladi, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob’yekti belgilariga ega bo’lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to’liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zarur.
O’zbek xalqining tarixiy-madaniy merosi va madaniy yodgorliklari umumjahon ahamiyatiga molik ekanligini e’tirof etib hamda shaharlarimizning milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, qayta ta’mirlashga ko’maklashish va bugungi kungacha YUNESKO Butunjahon merosi ro’yxatiga kirmaganlarini unga kiritish uchun faollik ko’rsatish asosiy vazifamizdir.
Bu va sohadagi boshqa masalalarni hal etish uchun Moddiy madaniyat merosini qayta tiklash va kapital ta’mirlash jamg’armasini tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz.
Ma’lumki, asrlar davomida buyuk allomalarimiz tomonidan yaratilgan bebaho ma’naviy durdonalar tarix taqozosi bilan chet mamlakatlarda qolib ketgan yoki olib chiqib ketilgan. Biz mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan o’zbek allomalari, mutafakkirlari va yozuvchi-shoirlari tomonidan yaratilgan ilmiy va badiiy asarlar hamda xalqimiz tarixiga oid moddiy boyliklarni O’zbekistonga qaytarishda faollik ko’rsatamiz.
Yurtimizda azaldan hunarmandchilikning barcha turlari rivoj topgan. “Ustoz — shogird” an’anasi asosida davom etib kelayotgan va o’zbek xalqining yuksak madaniyati va iste’dodini namoyish etadigan hamda estetik qimmatga ega bo’lgan milliy hunarmandchilik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy maktablarning an’analarini saqlab qolishni rag’batlantirish doimiy diqqat-markazimizda bo’ladi.
“Barkamol avlod — millat tayanchi” tamoyili ostida biz yoshlar ongini xalqimizga yot bo’lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g’oyasini singdirish, milliy ma’naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirishimiz lozim. Bunda kino, teatr va estrada san’atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an’analari va ilg’or urf-odatlarini ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning dunyoga kelishiga ko’maklashish hamda ularni targ’ib qilish asosiy vazifamizdir.
Til millatning eng oliy qadriyatidir. Shundan kelib chiqib, qadimiy va boy tarixga ega bo’lgan, mustaqillik tufayli qadr-qimmati tiklangan, hozirda kechayotgan globallashuv davrida zamonaviy taraqqiyotning barcha sohalari talablariga javob beradigan darajada imkoniyatga ega bo’lgan tilimiz rivojini yangi bosqichga ko’tarish uchun davlat tilini boyitish, yanada takomillashtirishga, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to’la amal qilinishiga erishish, til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo’naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqishni yetakchi vazifalardan biri sifatida ko’rmoqdamiz.
Shu o’rinda bir narsani ta’kidlashni o’rinli deb bilaman. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda, ya’ni 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. Oradan 23 yil o’tgan bo’lsa-da, lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosi hayotimizda uzil-kesil o’z o’rnini topgani yo’q. Ushbu masalada savollar nihoyatda ko’p. Biz farzandlarimizni lotin alifbosi asosida o’qitdik va o’qitib kelayapmiz. Lekin o’sib kelayotgan yosh avlodning ma’rifiy va ma’naviy ehtiyojlarini zarur darajada qondirish uchun fanning barcha sohalari, ta’lim, adabiyot va matbuotda lotin yozuviga asoslangan o’zbek tilida kitoblar, gazeta va jurnallar yetarli darajada nashr qilinayaptimi? Katta avlodning ko’pgina qismi esa lotin alifbosini o’zlashtirmagan. Bu masalada avlodlar o’rtasida qandaydir uzilish sezilmoqda. Mazkur muammoni biz jamoatchiligimiz bilan birga uzil-kesil hal qilishimiz kerak.
Ijtimoiy hayotimizning ko’pgina sohalarida davlat tilining qo’llanilishi va uning qoidalariga rioya etilishida muammolar bor. Xususan, ommaviy muomalada, ko’chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e’lonlarda, ommaviy axborot vositalarida hali-hamon o’zbek adabiy tili me’yor va qoidalari qo’pol buzilmoqda. Ushbu muammo gazeta va jurnallarda, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiyamiz guruhlari tomonidan har bir tuman va shaharda muhokama qilingan bo’lsa-da, lekin sezilarli o’zgarishlar bo’lgani yo’q.
Fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o’ta muhim tarmoqlarda o’zbek tili o’zining haqiqiy o’rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug’atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish soha mutaxassislari oldida turgan dolzarb vazifa, deb hisoblaymiz.
Hurmatli delegatlar!
Shu o’rinda yana bir muammoga sizlarning e’tiborlaringizni qaratmoqchiman. O’zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan milliy kino asarlari deyarli mavjud emas.
Odamlar ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etilgan va o’zbek xalqining haqqoniy tarixi aks etgan kino asarlarini intiqlik bilan kutishmoqda. Vaholonki, O’zbekiston televideniyesida namoyish etilayotgan badiiy va videofilmlarning aksariyati xorijiy davlatlar tarixi, harbiy va siyosiy arboblari hamda olimlari haqidadir.
Bugungi kunda qo’shni xorijiy davlatlar o’zlarining millat qahramonlari haqida, ular jahon miqyosida buyuk bo’lmasa-da, chet elning yetuk kinostudiyalari bilan hamkorlikda kinoasarlar tayyorlab, ularni dunyo ommasiga tanishtirmoqdalar. Bunday tajriba milliy g’urur va iftixorni oshirib, millatni birlashtiradigan kuchli targ’ibоt usuli hisoblanadi.
Biz O’zbekiston xalqining madaniyati va san’ati yutuqlarini xalqaro maydonda keng miqyosda targ’ib etish, hozirgi O’zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan kinoasarlarning yaratilishida tashabbus ko’rsatishimiz kerak. Bu ishlarni moliyalashtirish, shu jumladan, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda va taniqli rejissyor va aktyorlar ishtirokida, uni butun dunyo jamoatchiligiga yetkazishni muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
E’tiboringizni juda muhim bir masalaga qaratmoqchiman. Tarixda xorijiy mamlakatlarda yashab ijod etgan hamda yurtimizda tug’ilib taqdir taqozosi bilan chet ellarda vafot etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning qabrlarini aniqlash, ularning mangu qo’nim topgan maskanlarini obodonlashtirish ishlarini davlat miqyosida amalga oshirish vaqti keldi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarning mamlakatimiz taraqqiyoti va yosh avlodimizning dunyoqarashini shakllantirishdagi o’ta muhim imkoniyatlaridan foydalanib, ularni vatanparvarlik, millatparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalash hamda milliy manfaatlarimizga zid bo’lgan g’oya va mafkuralarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishdagi ahamiyatidan kelib chiqqan holda, bu yo’nalishda tayyorlanadigan fundamental asarlarni bosmadan chiqarishni va ularning ommaviylashuvini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar belgilaymiz.
Jamiyat, oila va ta’lim tizimida yosh avlodni kitobga muhabbat va hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash, O’zbekiston xalqining tarixi, ma’naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug’ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlarni iqtisodiy jihatdan rag’batlantirish, ularga soliq va boshqa to’lovlar bo’yicha imtiyozlar berilishiga erishmog’imiz lozim.
Teatr insonning ma’naviy kamoloti, shaxsning didi va tafakkurini tarbiyalashda hamisha muhim o’rin tutgan. XX asr boshida o’zbek ziyolilari xalqni milliy uyg’otishni aynan teatrlar tashkil etishdan boshlaganliklari ham bejiz emas. O’sha davrda “Teatr — ibratxonadir” degan chuqur ma’noli hikmat orqali sahna san’ati millatimizning aslida kimu amalda qay ahvoldaligini ko’rsatib bergan.
Bugungi kunda globallashuv sharoitida xalqning o’ziga xos qiyofasi, milliy qadriyat va an’analarini asrab qolish, odamlarda yuksak ma’naviy ong va didni tarbiyalashda teatrning o’rni yana beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Biroq teatr san’atiga qiziqish havas qilarli darajada emas. Teatr zallari ko’pincha tomoshabinlar bilan yarim to’lgan ahvolda bo’ladi.
Biz ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yanada rivojlantirish tarafdori ekanmiz, teatrga odamlarni qaytarish uchun, eng avvalo, zamondoshlarimizni o’ylantirayotgan va to’lqinlantirayotgan mavzularda badiiy jihatdan yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan spektakllarni ko’paytirish, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi madaniyatini o’stirish va eng muhimi, mamlakatimizning barcha teatrlarida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilishiga erishishimiz ham farz, ham qarz.
Ma’lumki, davlat va jamiyat hayotida siyosiy va sud-huquq masalalari muhim o’rin tutadi. Shu bois biz bu borada mavjud davlat va siyosiy tizimni yanada mustahkamlash, milliy g’oya, jamiyatimizning axloqiy va ma’naviy asoslari ustuvorligini ta’minlashni asosiy vazifalarimizdan biri sifatida belgilamoqdamiz. Bizning bosh maqsadimiz — zamonaviy rivojlangan demokratik davlat qurishdir.
Jamiyatda hukm surayotgan va xalqimizga xos bag’rikenglik, millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat’i nazar, O’zbekiston xalqi, barcha fuqarolarning birdamligi va hamjihatligini mustahkamlashni istiqlol yillarida vujudga kelgan qadriyatlarimizdan biri sifatida e’tirof etamiz va uni yanada barqaror rivojlantiramiz.
Shu bilan birga, asrlar davomida o’zbek xalqining ezgu va ilg’or an’analari asosida tarixan qaror topgan mahallani milliy demokratik institut sifatida yanada takomillashtirish kerak. Uning tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan masalalarni hal etishda hamda milliy va ma’naviy qadriyatlar, mahalliy urf-odatlar va an’analarni qayta tiklash va boyitishdagi bevosita ishtirokini ta’minlashda rolini kuchaytirishni davom ettiramiz.
Barchamizki ma’lumki, istiqlol yillarida sud-huquq sohasini tubdan yangilash va isloh etish borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirildi. Sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish sohasidagi ustuvor vazifalar quyidagilardan iborat:
— jamiyatda mustahkam barqarorlik va qonun ustuvorligini ta’minlashda aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatda huquqiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, Konstitutsiya, inson huquqlari va demokratiya asoslarini uzluksiz o’rganish tizimini rivojlantirishga qaratilgan tizimli va izchil choralarni ko’rish;
— milliy qadriyat va xalqimizga xos fazilat hamda an’analardan kelib chiqib oila, meros, uy-joy da’vosi va maishiy turmush manbaida tug’iladigan nizolarni sudgacha hal etish tizimini rivojlantirish, shu jumladan, har qanday nizoni tinch yo’l bilan hal etishga intilish va murosa yo’lini izlash fuqarolarimiz manfaatlariga javob beradi. Shuningdek, yuqoridagi masalalarda va fuqarolarning sertashvish sud majlislariga xohish-istagining yo’qligini inobatga olib, bu borada mahalla, vasiylik va homiylik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini kuchaytirish lozim, deb hisoblaymiz.
Hurmatli delegatlar!
Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi oshishida iqtisodiyot hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi tushunamiz. Iqtisodiyot sohasida partiyamiz — “Xalqning ma’naviy-ruhiy tiklanishi — iqtisodiy islohotlarning negizidir”, degan shiorni ilgari surmoqda. Ushbu sohada esa quyidagi vazifalarni amalga oshiramiz.
Iqtisodiyotga XXI asr talablari va tafakkuri asosida yondashuvni amalga oshirib, ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yo’naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, mamlakatimizning turli mintaqalarida faoliyat yuritib, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug’ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to’lovlarda imtiyozlar berish yo’li bilan mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirishga erishishni maqsad qildik.
Dunyo bozorida raqobatdosh hamda milliy iqtisodiyotimiz timsoliga aylanadigan transmilliy kompaniyalarni shakllantirish, “O’zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig’i ostida jahon bozoriga mahsulot yetkazib berishga yo’naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni qabul qilish va xorijiy mahsulotlar o’rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo’llab-quvvatlash, jumladan, ular uchun soliq miqdorini kamaytirish, bojxona imtiyoz va preferensiyalari, imtiyozli subsidiyalar va boshqa shakllardagi davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash choralari joriy etilishiga erishishimiz kerak.
Bu yerda yana bitta muhim masalaga to’xtalmoqchiman. Ko’pchilik yaxshi biladiki, O’zbekiston nafaqat to’g’ridan-to’g’ri dunyo dengizlariga chiqa olmaydi. Shu bilan birga, to’g’ridan-to’g’ri dengizga chiqadigan davlat bilan ham chegaradosh emas. Dunyoda ana shunday murakkab geografik o’rinda joylashgan ikki mamlakatdan biri O’zbekistondir. Yana bir narsani yaxshi bilamizki, dunyoda eng arzon yo’l, bu — dengiz yo’lidir.
Bundan tashqari, O’zbekistonda transport xizmatlarining narxi yuqori. Tadqiqotlarga qaraganda, bugungi kunda 20 tonna mahsulotni 500 km. masofaga avtomobilda tashish tannarxi O’zbekistonda 1 km. uchun 1,75 dollarni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun qo’shni davlatlarda bu ko’rsatkich 0,7 dollardan 1,3 dollargacha miqdorni tashkil etadi.
Yuqorida aytib o’tilgan masalalar bilan bir qatorda, logistika infratuzilmasining sust rivojlangani, milliy mahsulotni jahon bozoriga olib chiqishda talab etiladigan hujjatlarning ko’pligi, ularni ko’rib chiqish muddatlarining uzoqligi va qimmatligi muammosi ham mavjud. Bularning barchasi mamlakat eksport salohiyatini oshirishga to’sqinlik qilmoqda va tashqi bozorda mahsulotlarimizning tannarxi sun’iy oshishiga olib kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, biz transport-ekspeditorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi kompaniyalarga imtiyozlar berish, yirik yuk tashuvchi avtomobillarni lizingga berish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, bojxona xizmatlari narxini kamaytirish va chegaradan o’tish tartibini soddalashtirish yuzasidan ish olib boramiz.
Milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)dan muhofaza etish, qulay va jozibador sarmoya muhitini shakllantirishning huquqiy asoslarini kuchaytirishni dolzarb vazifamiz, deb bilamiz.
Biz xalqimizning va ayniqsa, yoshlarning bevosita Vatanimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy va sifatli kiyim-kechakka bo’lgan ehtiyojini qondirish, yengil va ixcham to’qimachilik korxonalarining sonini ko’paytirish, ularga mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni qo’llab-quvvatlaymiz.
Davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo’jalik faoliyati shaffofligini ta’minlash orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish, ichki xususiy investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga yo’naltirishni yanada kengaytirishni har tomonlama qo’llab-quvvatlashni zamonning o’zi talab qilmoqda.
Sohadagi yana bir muhim masala — milliy iqtisodiyot rivoji yetuk mutaxassis-kadrlarga bog’liq ekanligini anglagan holda, zamonaviy bilim va malakaga ega injener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalarda iste’dodli yoshlarni qo’llab-quvvatlash nihoyatda zarur.
Ma’lumki, O’zbekiston ko’p asrlik tarixga va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatimizda ulkan salohiyati hozircha to’liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi.
Turizm iqtisodiyotning yanada rivojlanish jarayonini tezlashtiruvchi omil sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimida muhim o’rin tutadi, qo’shimcha ish o’rinlari yaratilishiga, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirishga, millat farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, iqtisodiy faoliyatning o’zaro bog’liq bo’lgan qator tarmoqlari, infratuzilmaning rivojlanishiga turtki bo’lib, yanada ommaviylashadi. Turizm ayni paytda ma’rifat va fuqarolik jamiyatining ma’naviy asoslarini shakllantirishda kuchli vosita bo’lib xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, biz quyidagi masalalarni o’z ichiga qamrab oladigan Kompleks chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishni taklif etamiz. Eng avvalo, sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishi, sayyohlar uchun mo’ljallangan ob’yektlarning har tomonlama maqbul bo’lishi, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirish va sayyohlik industriyasi bilan bog’liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta’minlash asosiy vazifaga aylanmog’i lozim.
Xorijiy mehmonlar va mamlakatimiz aholisi uchun yurtimizning xalqaro nufuzini, maftunkorligini oshirishda asosiy omil bo’lgan turistik faoliyat manzillarida, xalqaro aeroportlarda, vokzallarda ko’rsatilayotgan servis va xizmatlar sifatini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bundan tashqari, alohida qo’riqlanadigan noyob tabiiy hududlarni kelib ko’rish tartibini ko’zda tutadigan turizmning faol turlarini, xususan, ekoturizmni rivojlantirish uchun zarur bo’lgan shart-sharoitlarni yaratishga barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Bugun butun dunyoda odamlarni o’ylantirayotgan va qiziqtirayotgan masalalar ichida ijtimoiy masalalar alohida o’rinda turibdi. Shu bois biz aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirishni ijtimoiy sohadagi strategik maqsadimiz sifatida belgiladik. Shundan kelib chiqib, asosiy vazifalarimiz quyidagilardan iborat, deb hisoblaymiz.
Hammamiz yaxshi bilamizki, bugun jahonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shundan kelib chiqib, aholining ovqatlanish xilma-xilligini kengaytirish, mamlakatimizda sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko’paytirish va bunda genlarni modifikatsiya qilish usulidan foydalanishni cheklash, shu bilan birga, aholining ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish eng asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Millat genofondini asrash va sog’lom avlodni voyaga yetkazish maqsadida o’smirlarga sog’liq uchun zararli bo’lgan quvvat beruvchi ichimliklarni sotishni taqiqlash va bu borada ma’rifiy-tushuntirish ishlarini tizimli yo’lga qo’yish lozim. “Xalqi sog’lom va barkamol bo’lgan mamlakat kuchlidir!” tamoyilining amal qilishini izchillik bilan rivojlantirish zarur.
Shu o’rinda hayotimizda mavjud yana bir muammoga e’tibor qaratishni istayman. U ham bo’lsa, ayrim hollarda bo’lsa-da, voyaga yetmaganlar o’rtasida turmush qurish holatlari hali-hamon uchrab turganligidir. Erta turmush va erta tug’uruqlarning oldini olish borasida aniq va ta’sirchan choralar ko’rish, bu boradagi targ’ibоt-tashviqot ishlari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholida erta nikohga nisbatan murosasizlik tuyg’usini shakllantirishimiz lozim.
Oila va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarga g’amxo’rlikni oshirish bo’yicha keng ko’lamli ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qonunchiligimizni yanada takomillashtiramiz. Zero, buyuk ajdodlarga barkamol avlod munosib!
Qurilish va bezak ishlarida milliy me’morlik an’analarini va ilg’or xorijiy tajribani qo’llash, tarixiy shaharlar va ochiq osmon ostidagi muzeylarni qayta ta’mirlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan siyosatning izchil davom etishini har tomonlama qo’llab-quvvatlaymiz.
E’tiborlaringizni hayotimizda tez-tez uchrab turadigan va barchamizga yaxshi tanish bo’lgan bir muammoga qaratmoqchiman, yanada ochiqroq aytganda, bu masala ko’proq shahar aholisi turmushiga daxldor. Ko’p qavatli uylarda, uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish norma va qoidalari buzilish holatlari odatiy tus olmoqda. Odamlar moddiy farovonligi oshgani sayin uy-joyini zamonaviy andozalar asosida ta’mirlash, kengaytirishga berilib ketadi. Xavfsizlik masalasiga esa e’tibor bermaydi. Uyni ushlab turgan ustunlarni buzib bo’lsa-da, xonadonini kengaytirmoqchi bo’ladi. Bu ko’p qavatli uyda mendan boshqa ham odamlar bor, bu uy mening xususiy mulkim emas, degan narsalar xayoliga ham kelmaydi.
Bunday muammoning kelib chiqishiga uy-joy sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi va konkret mexanizmi bugungi kun talablariga javob bermasligi sababdir.
Mazkur muammoni hal qilish uchun respublikamizning barcha burchaklarida, ayniqsa, ko’p qavatli uylarda, uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish norma va qoidalari buzilishining oldini olish, shaharlarimizning arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash maqsadida uy-joy sohasidagi qonunchilikning bajarilishi ustidan samarali davlat nazoratini o’rnatish lozim, deb hisoblaymiz.
Mahallaning fuqarolar, o’g’il-qizlar va yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, yangi ish o’rinlarini yaratish, ijtimoiy sohadagi ishlarning samaradorligini oshirish, joylarda jamoat xavfsizligi va huquq-tartibоtni yaxshilash bilan bog’liq masalalarni hal etishdagi sa’y-harakatlarini faollashtirish zarur.
Yana bir masalaga e’tiboringizni qaratib, shuni aytish lozimki, bolalar, ayollar, shuningdek, og’ir kasalliklar, shu jumladan, odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan xastaliklar (OIV/OITS)dan aziyat chekuvchi shaxslarga samarali yordam ko’rsatishni izchil davom ettirish biz uchun muhim vazifadir. Shu bilan birga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak, deb hisoblaymiz.
XXI asr — axborot asri sifatida maydonga chiqqanligini hisobga olib, axborot sohasida milliy manfaatlarimiz va xalqimiz madaniyati va ma’naviyatning o’ziga xosligini saqlashni ta’minlashga qaratilgan milliy axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirishga har tomonlama ko’maklashish o’ta muhim vazifa sifatida kun tartibiga qo’yilmoqda. Mazkur vazifani amalga oshirish uchun quyidagi masalalar dolzarb ahamiyatga ega.
Milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini rivojlantirish, milliy axborot xavfsizligini ta’minlash vazifalarini hal etishni bugunning eng dolzarb vazifasi, deb hisoblaymiz. Rivojlangan milliy axborot makoni — mustahkam taraqqiyot poydevori ekanligini hisobga olib, uning izchillik bilan takomillashuviga erishish lozim.
Yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan kreativ axborot muhitini, samarali axborot-ta’lim makonini yaratish, bolalarni ularning jismoniy va ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazadigan axborotlardan muhofaza qilishga barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz. Bundan tashqari, ijtimoiy ongda milliy g’oya shakllanishi va rivojlanishi jarayonlarini axborot jihatidan ta’minlashni yanada kuchaytirish oldimizda turgan dolzarb vazifadir.
Muhtaram partiyadoshlar!
Yaqinda olimpiadachilarimiz va paralimpiyachilarimiz erishgan olamshumul g’alabalar butun xalqimiz va millatimizning g’ururini osmon barobar ko’tarib, fuqarolarimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor tuyg’ularini uyg’otdi. Darhaqiqat, “Dunyoda hyech bir narsa mamlakatni, millatni sportchalik dunyoga tez tanitmaydi, mashhur qila olmaydi” tamoyili asosida sportning barcha turlari, ayniqsa, Olimpiada o’yinlari dasturidan o’rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash yetakchi vazifamizdir.
Bunda, eng avvalo, jahon miqyosida o’zbek sportchilari erishayotgan olamshumul yutuqlarning xalq va millat g’ururi o’sishiga xizmat qilishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda odamlarni yagona maqsad sari birlashtiruvchi xususiyatini tizimli ravishda keng targ’ib qilish hamda Vatanimiz iftixorlari bo’lgan sportchilar hayot yo’li haqida tarbiyaviy ahamiyatga ega hujjatli va badiiy filmlar, ilmiy-ommabop asarlar yaratishni yanada kuchaytirishimiz kerak.
“Farzandlari sog’lom va barkamol yurt qudratli bo’lur” shiori ostida mamlakatimizda keng quloch yoygan va umummilliy vazifaga aylangan bolalar sportini rivojlantirish ishiga har tomonlama ko’maklashish darkor.
Biz milliy qadriyatlarimiz, matonat, jasorat, vatanparvarlik va insonparvarlik asoslarini o’zida yorqin mujassam etgan va bugun dunyoning 130 ga yaqin mamlakatida kurash federatsiyalari tashkil etilganligini hisobga olib, o’zbek kurashini Olimpiya o’yinlari qatoriga kiritish maqsadida xalqaro Kurash federasiyasi, Xalqaro va milliy Olimpiya qo’mitasi bilan aloqani har taraflama mustahkamlashni bu boradagi eng asosiy vazifamiz, deb bilamiz. Biz o’zbek kurashining Olimpiada o’yinlari dasturidan o’rin olishi uchun bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etib, bu ulug’vor maqsad uchun oxirigacha kurashamiz.
Dasturning pirovardida tashqi siyosat borasidagi vazifalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Tashqi siyosat sohasida biz O’zbekistonning tinchliksevar siyosati va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligini qo’llab-quvvatlab, O’zbekiston Respublikasi faol tashqi siyosatining asosiy maqsad va vazifalarini bugungi murakkab sharoitda, mintaqada xavfsizlikka va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolayotgan bir vaziyatda amalga oshirmoqda, deb hisoblaymiz.
O’zbekistonning boy tarixiy merosi, uning ma’naviy-axloqiy an’analari va qadriyatlari, jahon madaniyatiga qo’shgan beqiyos hissasi respublikaning zamonaviy xalqaro munosabatlarda, faol tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatda teng huquqli sub’yektga aylanishining asosiy va muhim vositasi bo’ldi.
Tashqi siyosat va davlat boshqaruvining boshqa organlari faoliyati doirasida milliy manfaatlarning qat’iy himoya qilinishi ta’minlanishiga erishishimiz shart. Bizning shiorimiz — milliy manfaatlar har narsadan ustun.
O’zbekiston xalqining madaniyati va san’ati yutuqlarini keng miqyosda targ’ib etib, O’zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini har tomonlama mustahkamlab borishimiz zarur.
Fuqarolarimiz va yuridik shaxslarning xorijiy davlatlarda huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari har tomonlama himoya qilinishini ta’minlash borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhim vazifamizga aylanmog’i kerak.
Insoniyat tamaddunining qadimgi transchegaraviy yo’nalishi bo’lgan Sharq va o’arbni birlashtiruvchi, iqtisodiy, siyosiy va madaniy-insonparvarlik sohalardagi hamkorlik aloqalarini institutsional mustahkamlash va kengaytirishda muhim o’rin tutadigan Buyuk Ipak yo’lini qayta tiklash, kuchli “Buyuk Ipak yo’li” brendini ilgari suramiz.
Aziz do’stlar!
Bizning asosiy g’oyamiz — Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash orqali iqtisodiyotning barqaror o’sish sur’atlari, xalqimiz farovonligi va mamlakatimizning bundan buyon ham gullab-yashnashiga bor kuch-qudratimizni bag’ishlash orqali jonajon O’zbekistonimizning milliy manfaatlari yo’lida fidokorona xizmat qilishdir.
Biz uchun yagona va ustuvor maqsad, bu — O’zbekiston manfaati va yana bir bor O’zbekiston manfaatidir.
E’tiboringiz uchun rahmat.
O’zA