MILLIY O‘ZLIKNI ANGLASH VATANGA MUHABBATNI YUKSALTIRADI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mustaqillik haqida o‘ylaganda, avvalo, o‘zlikni anglash, moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani tiklash borasida qilingan keng ko‘lamli ishlar ko‘z oldimizdan o‘tadi. Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq o‘ijduvoniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy kabi allomalar qadamjolarini obod hamda mo‘’tabar ziyoratgohlarga aylantirish, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, shuningdek, millat ozodligi yo‘lida kurashgan ma’rifatparvarlar shon-shavkatini ulug‘lashga qaratilgan chora-tadbirlar har bir insonni hayratga soladi, qalbini faxr va iftixorga to‘ldiradi.
Kechagidek yodimizda, Navro‘z taqiqlanib, sumalak to‘la qozonlar ag‘darib tashlangan. Chopon kiyganlar ta’qib qilingan, diniy kitoblar yoqilgan. Buyam kamlik qilgandek, “o‘zbek ishi” degan ayblov bilan “qama-qama” avj olgan. Ota-bobosidan qolgan udumning boshini tutgan borki, “millatchi” deb ayblangan...
Yurtboshimiz 1989 yil 23 iyun kuni O‘zbekiston rahbari sifatida faoliyat boshlagach, bunday ishlarga batamom chek qo‘yildi. Millatning qaddini ko‘tarish, himoyasiz hamda kamsitilgan xalqning dardini eshitish, dil yarasiga malham qo‘yish uchun el-ulus qalbiga quloq tutdi. Pirovardida shu xayrli harakatlar ko‘ngillarda umid uyg‘otdi. Shundan so‘ng Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, tilimizga davlat tili maqomi berish, toptalgan qadriyatlarimizni tiklash kabi dolzarb masalalar ilgari surildi...
O‘sha vaqt qilingan sa’y-harakatlarning ko‘lami ulkan. Amalga oshirilgan beqiyos ezgu ishlar bugungi nurli hayotimizga yo‘l ochdi. Endilikda barcha-barcha mamlakatimizdagi obodlik va bunyodkorlikka astoydil havas bilan qaramoqda. Davlatimiz rahbari yaqinda Surxondaryo viloyatiga qilgan safarida ta’kidlaganidek, xalqimizning halol-pokizaligi, iymon-e’tiqodi hamda yaratuvchanlik salohiyati bunda muhim o‘rin tutadi, albatta.
Prezidentimiz aytganidek, tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. Shu ma’noda, milliy tariximiz hamda an’analarimizni haqqoniy tahlil va targ‘ib qilish, ajdodlar xotirasini e’zozlash borasida qilingan ishlar g‘oyat serqirra hamda ko‘lamlidir. Bu borada, ayniqsa, muzeylar faoliyati alohida o‘rin tutadi.
Davlatimiz rahbarining 1998 yil 12 yanvardagi “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni tizimda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Jumladan, xalqimiz tarixini to‘laqonli aks ettiruvchi noyob ashyolarni to‘plash, ularni asl holicha saqlashni ta’minlash, mamlakatimizda shakllangan muzeylar tizimini takomillashtirish hamda jahon muzeyshunosligi tajribalarini qo‘llashga zarur shart-sharoit yaratdi.
1996 yilda sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Toshkent shahri markazida Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etilishi hayotimizda unutilmas voqyea bo‘ldi. Yurtboshimiz ushbu maskanning ochilish marosimida ta’kidlaganidek, “Temuriylar tarixi davlat muzeyi Sohibqiron shaxsiyatiga nisbatan yurtimizda tarixiy adolat tantana qilganining yana bir amaliy isbоtidir. Aytish mumkinki, Amir Temur xiyoboni go‘zal bir uzuk bo‘lsa, bu muzey shu uzukning yoqut ko‘zidir”.
Shuningdek, qisqa vaqt ichida Olimpiya shon-shuhrati muzeyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi, O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzey, Aloqa tarixi muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi tashkil topishi mamlakatimiz madaniy hayotida yangi sahifalar ochdi. Xivada Ma’mun akademiyasi tarixi muzeyi, Samarqandda Mirzo Ulug‘bek rasadxona-muzeyi barpo etildi. Mazkur muzeylar xalqimiz hayotining turli jabhalarini qamrab olgan bo‘lib, bugun ular yosh avlod ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga xizmat qilib kelmoqda.
Mustaqillik tufayli muzeylar fondida saqlanib kelingan noyob va nodir eksponatlar yana yuzaga chiqdi, ularni dunyo xalqlariga namoyish etish borasida salmoqli ishlar qilindi. Zero, har bir osoriatiqa milliy g‘urur hamda iftixor manbai, u ozodlik tarixi va xalqimizning shonli o‘tmishini yodga soladi, Vatanga muhabbat tuyg‘usini qanotlantiradi. Hozir shu maqsadga xizmat qiluvchi butun bir tizim yuzaga keldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalash, ular qalbiga boy milliy meros va tarixiy xotirani izzat-hurmat qilish tuyg‘usini singdirish, ota-onalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2014 yil 11 iyul kuni “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Ushbu qarorga binoan, davlat muzeylari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun seshanba va juma kunlari bepul xizmat ko‘rsatadi. Xuddi shuningdek, har yili sentyabr oyida “Muzeylar haftaligi” o‘tkazilishi ham an’anaga aylandiki, bunda aholining barcha qatlami muzeylar faoliyati bilan yanada yaqinroq tanishishi mumkin.
Mustaqillik yillari tarixiy obidalarni tiklash, ta’mirlash hamda asrab-avaylash masalasi davlat siyosatining uzviy qismiga aylandi. Mavjud 7345 ta osoriatiqa davlat himoyasiga olindi. Ya’ni 4124 ta arxeologik, 2277 ta arxitektura, 657 ta mahobatli san’at asari va 287 ta diqqatga sazovor joy moddiy-madaniy meros namunasi sifatida muhofaza qilib kelinadi.
1991 yili Xivadagi “Ichan-Qal’a”, 1993 yili Buxoro shahrining tarixiy markazi, 2000 yili Shahrisabzdagi Amir Temur hamda temuriylar davri me’morchilik obidalari, 2001 yili Samarqand shahridagi tarixiy yodgorliklar YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Sohibqiron tavalludining 660 yilligi munosabati bilan 1996 yili Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli, Bibixonim masjidi, Shahrisabzda esa Dorut-tilovat va Dorus-saodat majmualari tubdan qayta ta’mirlandi. Samarqand shahrining 2750 yillik, Shahrisabz hamda Qarshi shaharlarining 2700 yillik, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yillik, Toshkent shahrining 2200 yillik, Marg‘ilon shahrining 2000 yillik ayyomlarini keng nishonlash munosabati bilan yuzlab tarixiy obidalar va osoriatiqalar qayta jilo topdi. Bugun ular qadimiy shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy bag‘ishlab turibdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xalq amaliy san’ati muzeyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi ixlosmandlar bilan doimo gavjum. Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Farg‘ona davlat muzey-qo‘riqxonalari yurtimizning kechagi kuni va buguni haqida hikoya qiladi. Nainki vatandoshlarimiz, balki chet ellik sayyohlar ham bu maskanlarni katta qiziqish bilan tomosha qiladilar. Muzeylarda saqlanayotgan bebaho meros bilan tanishish uchun har yili 3,5 milliondan ziyod kishi tashrif buyuradi.
Davlatimiz rahbarining “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida: “...inson o‘zligini anglagani, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ildiz otib, ulg‘aya boradi. Bu ildiz qancha teran bo‘lsa, tug‘ilib o‘sgan yurtga muhabbat ham shu qadar yuksak bo‘ladi”, deya ta’kidlangan. Binobarin, bugun mamlakatimizda ma’naviy yuksalishga xizmat qilayotgan islohotlar navqiron avlodni ulug‘ ajdodlarimiz xotirasi bilan haqli ravishda faxrlanish, tinchlik, oso-yishtalik hamda obodlik uchun kurashish, mustaqillikni qadrlash va Vatanni ardoqlab yashashga undashi bilan yanada ahamiyatlidir.