NAMANGAN VILOYATI ISHBILARMON DOIRALARI VAKILLARI ITALIYADA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaqinda Namangan viloyati ishbilarmon doiralari va fermer xo’jaliklari vakillaridan iborat O’zbekiston delegatsiyasi Italiyada bo’ldi. Safar davomida mamlakatimiz delegatsiyasi italiyalik hamkorlar bilan o’zaro tajriba almashishdi hamda qishloq xo’jalik mahsulotlarini saqlash, saralash, ishlov berish va qadoqlash texnologiyasini o’rganish maqsadida ushbu mamlakatning qayta ishlash korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Italiyaning Ishlab chiqaruvchilar va xususiy korxonalar konfederatsiyasi rahbari Uolter Zampolini, Milan shahridagi “Italiya-O’zbekiston” savdo va sanoat palatasi raisi Luiji Iperti, “Zanotti” kompaniyasi prezidenti Valter Mayokki hamda biznes va fermer xo’jaliklari rahbarlari bilan uchrashuvlar chog’ida O’zbekistonda agrosanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavotlarni dunyo bozoriga eksport qilish borasida qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizda zamonaviy qishloq xo’jalik infratuzilmasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar italiyalik mutaxassislarda katta qiziqish uyg’otdi. Shu bilan birga 2016 yil 8-12 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo’lib o’tgan I Xalqaro meva va sabzavot yarmarkasida qatnashish jarayonida Italiya ishbilarmonlari o’zbekistonlik hamkorlar bilan o’zaro manfaatli kelishuvlarga erishishganini qayd etishdi. Xususan, “Zanotti” kompaniyasi rahbari V.Mayokki Toshkent yarmarkasi chog’ida Italiya delegatsiyasi Namanganda bo’lib, viloyatning qishloq xo’jalik imkoniyatlari bilan tanishganini ta’kidladi.
O’tkazilgan muzokaralar yakuniga ko’ra, O’zbekiston kompaniyalari va fermer xo’jaliklarining takliflari va ehtiyojlari asosida italiyalik tadbirkorlar bilan Namangan viloyatida yiliga qariyb 4 ming tonna meva-sabzavot va go’sht-sut mahsulotlarini saqlash hamda ishlov berishga mo’ljallangan sovitish uskunasini yetkazib berish va o’rnatish bo’yicha 5 ta protokol imzolandi. Shu bilan birga tomonlar o’rganib chiqib, kelishuvga erishganidan so’ng imzolanishi rejalashtirilgan yana 5 ta hujjat loyihasi tayyorlandi. Ushbu bitimlarda 10 ming tonna mahsulotni qayta ishlash va saqlash uskunalarini yetkazib berish ko’zda tutilgan.
Bundan tashqari, O’zbekiston Savdo va sanoat palatasining Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakolatxonasi italiyalik sheriklar bilan o’zbek tadbirkorlari va fermerlarining zamonaviy agrosanoat texnologiyalariga ega bo’lish, teng manfaatli muzokaralar olib borish hamda Italiyada bo’lib o’tadigan ko’rgazma va biznes forumlarda qatnashishlarini ta’minlash ko’zda tutilgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
“Zanotti” kompaniyasi bilan Namangandagi “Zamonaviy kelajak ta’lim” nodavlat o’quv markazi negizida o’zbekistonlik ishbilarmonlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish bo’yicha kelishuvga erishildi.
“Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan suhbat chog’ida “Italiya-O’zbekiston” savdo va sanoat palatasi raisi L.Iperti O’zbekiston delegatsiyasi vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijalarini yuqori baholar ekan, jumladan quyidagi mulohazalarni bayon qildi.
— O’zbekistonda meva-sabzavot yetishtirish tarmog’i infratuzilmasini modernizatsiya qilish va agrosanoat mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorlar topish mamlakatingiz rahbariyati tomonidan yaqinda bo’lib o’tgan Vazirlar Mahkamasidagi yig’ilishda belgilangan eng ustuvor vazifalardan biri bo’ldi. Davlatning keng qo’llab-quvvatlashi tufayli O’zbekiston va Italiyaning aniq eksport shartnomalariga asoslangan hamkorligi rivojlanib bormoqda.
Bunday sa’y-harakatlar va amaliy chora-tadbirlar behuda ketmaydi, albatta. Italiyaning Tashqi savdo amaliyotlarini sug’urtalash davlat instituti va mamlakatimiz banklari “Zanotti” kompaniyasining O’zbekiston korxonalari bilan uzoq muddatli shartnomalarini moliyalashtirishi uchun jami 50 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit bilan ta’minladi hamda uning sug’urta to’lovini qondirdi. Mazkur kredit yo’nalishi doirasida kompaniya o’zbekistonlik sheriklari bilan meva va sabzovot mahsulotlarini qayta ishlash hamda saqlash savdo-logistika markazini tashkil etish borasida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
“Jahon” AA, Rim