NARIMON UMAROVNING SURXONDARYO VILOYATI SAYLOVCHILARI BILAN UCHRASHUVI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 1-noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi rahbari A.Ortiqov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili R.Hamroyev yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod nutq so‘zlab, saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
Dasturda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilganligini kuchaytirish, aholi turli ijtimoiy qatlamlarining turmush sifati va darajasini yanada oshirish kabi muhim vazifalar belgilangan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Aholining barcha qatlamlari o‘z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘ruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirish masalalari dasturning asosiy yo‘nalishlaridandir.
Dasturda, shuningdek, ijtimoiy soha, xususan, ta’lim tizimini isloh qilish borasida bir qator vazifalar ilgari surilgan. Jumladan, nomzod so‘nggi yillarda yoshlarimiz orasida oliy ta’lim olishga intilish kuchayib borayotgani, birgina Termiz davlat universitetiga abituriyentlar soni belgilangan qabul kvotalariga nisbatan 18-20 barobar ortiqni tashkil etayotganini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, dasturda oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda iste’dodli yoshlarni saralab olish sifatini oshirish hamda ta’lim-tarbiya sohasida uzviylikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator g‘oyalar ilgari surilgan.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Surxondaryo viloyatining ham boy tarixi tiklanib, shahar va qishloqlar infratuzilmasi zamonaviy qiyofa kasb etdi. So‘nggi besh yil davomida Termiz shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, bir-biridan ko‘rkam va muhtasham turar joy binolari, ko‘plab savdo va maishiy xizmat inshootlari qad rostladi, aholi turmush farovonligi yuksaldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati D.Tangirov, Termiz axborot texnologiyalari va maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi N.Xidirova, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi O‘.Toshboyev, “Termiz-Baqtriya savdo kompleksi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi B.Bobomurodov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
O’zA