Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili 2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
hamma resurslarni ko'rsatish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

2018-yil 27-sentyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi. Yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar, mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan keyin senatorlar koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishga kirishdi.

Parlament aʼzolari ishni yangi tahrirdagi “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokamasidan boshladilar.

Ushbu qonun bojxona organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga, fuqarolar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning qoʻshimcha huquqiy mexanizmlarini yaratishga qaratilgani taʼkidlandi.
Qonunga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoyalash, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, qonun hujjatlari buzilishlarining, shu jumladan, kontrabandaning oldini olish, ularni aniqlash va bunga chek qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmatining asosiy vazifalari etib belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonunda bojxona organlarining huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirish, xavfni boshqarish tizimi qoʻllanilishi samaradorligining muntazam monitoringini amalga oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va nazoratning texnik vositalarini qoʻllash, bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish, tashqi savdo operatsiyalarining monitoringini amalga oshirish, eksport-import shartnomalarining ijrosini tahlil qilish, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalarining bojxona organlariga taalluqli qismini oʻtkazishda valyuta toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etish, tovarlarning tashqi savdosiga doir bojxona statistikasini hamda tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklaturasini yuritish kabi yangi vazifalari belgilab berilmoqda.

Bojxona organlari faoliyatining qonuniylik, yagonalik, ochiqlik va shaffoflik, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilishdan iborat asosiy prinsiplari qonunchilik yoʻli bilan mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Taʼkidlanganidek, ushbu qonunda xodimlarning qoʻshimcha huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilmoqda hamda xizmatni oʻtashning quyidagi batafsil tartibi va shartlari belgilab berilmoqda: xizmatga qabul qilish, maxsus unvonlar berish, bu unvonlarni pasaytirish va ulardan mahrum qilish, xodimlarni tayinlash va ozod etish, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xodimlarni safarga yuborish, attestatsiyadan oʻtkazish, ularga taʼtillar berish, xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan boʻshatish va xizmatga tiklash, xizmatni oʻtash rejimini taʼminlash. Shuningdek, bojxona xizmati organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish choralariga aniqlik kiritilmoqda.
Soʻzga chiqqanlar qayd etganidek, qonun bojxona organlari xodimlari majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq huquqiy xatti-harakatlar kafolatlarini mustahkamlashga, ularni moddiy va ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar. Taʼkidlanganidek, qonunda Oʻzbekiston fuqarolarini ham mamlakatimiz korxonalarida, ham xorijda ishga joylashtirish imkoniyatlarini oshirish va kengaytirish, davlat xizmatlari va xususiy bandlik sektori hamkorligi mexanizmlarini aniq tartibga solish, ishga joylashtirish xizmatlarini koʻrsatish tartibi va shartlarini, shu jumladan, xususiy bandlik agentliklarining, korxonalarning va ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilab berish nazarda tutilmoqda.

Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish sohasidagi vakolatlari mustahkamlanmoqda. Qonun normalariga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlar aholi bandligini taʼminlashga, shu jumladan, xorijda fuqarolarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan dasturlar va loyihalarni amalga oshirishga xususiy bandlik agentliklarini jalb qilish, fuqarolarni ishga joylashtirish sohasidagi davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish, fuqarolarni ishga joylashtirish masalalari boʻyicha axborot kampaniyalari, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar tayyorlash va oʻtkazishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar. Qonun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylov jarayonining ochiq-oshkoraligi prinsiplariga rioya etishga, fuqarolar yigʻinlari rahbarlarining davlat organlaridan mustaqilligini taʼminlashga, fuqarolar yigʻinlarining kadrlar salohiyatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Fuqarolar yigʻini raisining (oqsoqolining) vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilgacha uzaytirilmoqda.

Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning kengroq ishtirokini taʼminlash maqsadida qonunda mamlakatning har bir hududi aholisi soni hisobga olingan holda hovlilar, uylar, koʻchalardan fuqarolarning eng kam vakillik normasi belgilanmoqda. Differensiyalashgan kvotani taʼminlash maqsadida eng kam vakillik normasini foizlarda belgilashni nazarda tutuvchi qoida mustahkamlab qoʻyilmoqda. Bunga koʻra, fuqarolarning eng kam vakillik normasi saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning 12 foizidan kam boʻlmasligi kerak. Qonunda fuqarolar vakillariga talablar belgilanmoqda. Odatda, bu tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega shaxslardir.

Qonunga muvofiq saylovni respublika darajasida tashkil etish va oʻtkazish bilan Senat Kengashi tomonidan tashkil etiladigan Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasi shugʻullanadi. Uning tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritilishi mumkin.

Fuqarolar xohish-istagini biror-bir tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash uchun fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida yashirin ovoz berishni oʻtkazish belgilanmoqda.

Qonun normalariga muvofiq fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish, saylov oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar, ovoz berish yakunlari toʻgʻrisidagi axborotni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarning rasmiy veb-saytlariga saylov oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtirish lozim. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatorlar “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini ham koʻrib chiqdilar.Qonun fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishga doir fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini toʻliq amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratishga, saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashga, fuqarolar yigʻini raisiga (oqsoqoliga) oʻz bilim va boshqaruv mahoratlarini namoyon etishlari uchun koʻproq imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar kiritilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidan va “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunidan “va ularning maslahatchilari” degan soʻzlar chiqarib tashlanmoqda. Konstitutsiyadan fuqarolar yigʻini raisining (oqsoqolining) vakolatlari muddati ham chiqarilmoqda, bu oʻz aksini “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida topgan.

Soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganidek, qonun qabul qilinishi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylov jarayoni ochiqligini, fuqarolar yigʻinlari rahbarlarining davlat organlaridan mustaqilligini taʼminlaydi, fuqarolar yigʻinlarining kadrlar salohiyatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshiradi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi. Qonunda 5 aprelni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kuni etib belgilash nazarda tutilmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, qonunning qabul qilinishi harbiy xizmatchilar orasida harbiy-vatanparvarlik, axloqiy-maʼnaviy ishlarni kuchaytirishga, xizmat burchiga sadoqat ruhini shakllantirishga, harbiy xizmatchilar va xodimlarda tanlagan kasbiga nisbatan gʻurur hissini shakllantirishga, shaxsiy tarkibning jipsligini, xizmat faoliyatining samaradorligini oshirishga, fuqarolar, shu jumladan, yoshlarning faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirishga hamda harbiy xizmatning oʻziga jalb etuvchanligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari “Iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini ham koʻrib chiqdilar.

Senatorlar taʼkidlaganidek, qonunning maqsadi iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan oʻzgartishlarda ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun beriladigan litsenziyaning amal qilish muddati cheklanishini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlari roʻyxatidan faoliyatning quyidagi toʻrtta turi chiqarib tashlanmoqda: aeroportlarda havo orqali tashish bilan bogʻliq havo kemalariga xizmat koʻrsatish; audiovizual asarlar tayyorlash, takrorlash va ekranda koʻrsatish; audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun dasturlarni realizatsiya qilish, ijaraga berish; tamaki xomashyosini fermentatsiyalash. Bunda faoliyatning toʻrtta litsenziyalanadigan turi – telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmatlar koʻrsatish bitta turga birlashtirilmoqda.

Qonunda ustav jamgʻarmasida davlat ulushi boʻlgan korxonalar uchun ayrim talablar, jumladan, tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlangan boʻlsa, tovarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslari vakolatli organ bilan kelishish zarurligi, tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazmasligi haqida vakolatli organning xulosasi kerakligi, tovar bojxona hududida qayta ishlangan boʻlsa, tovarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslari vakolatli organ bilan kelishish zarurligi toʻgʻrisidagi talablar bekor qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq qonun bilan bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma xususiyatiga ega hujjatning, shuningdek, bojxonada rasmiylashtiruvchi mutaxassisda malaka attestati boʻlishi kerakligi toʻgʻrisidagi talabning bekor qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2017-yil 12-sentyabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, banklarga mikroqarzlar berish huquqini beruvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda. Bunda mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish shartnomalari boʻyicha yillik qarz miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qoʻllash taqiqlanmoqda.

Senatorlar qonunning qabul qilinishi tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va umuman iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Ushbu qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Fuqarolik, Uy-joy va Soliq kodekslariga hamda “Notariat toʻgʻrisida”gi va “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan kiritilayotgan oʻzgartishlarda advokatlik faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash, yuridik xizmat xodimi sifatida, sudya, tergovchi, prokuror lavozimida kamida 3 yil ish stajiga ega ayrim toifadagi shaxslarga advokatlik tuzilmasida stajirovkadan oʻtmasdan malaka imtihonida ishtirok etish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Qonunda advokatlik byurosini taʼsis etgan advokatlarga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda oʻziga tegishli boʻlgan turar joylarda oʻz faoliyatini amalga oshirish huquqi berilmoqda. Bunda advokatga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish maqsadida noturar joylar toifasiga oʻtkazish talab qilinmaydi. Advokatga patent vakili va mediator sifatida, shartnoma asosida davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, shuningdek, hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatida faoliyat olib borish huquqi berilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarda koʻchmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini notarial tasdiqlashni bekor qilish, notarial tasdiqlanishi lozim boʻlgan xatti-harakatlar roʻyxatini maqbullashtirish, yuridik shaxs kollegial organining iltimosi bilan uning kollegial organlari tomonidan qaror qabul qilinganligi faktini notarial tasdiqlash, notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka oʻtash muddatini 2 yildan 1 yilga qisqartirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, notarius lavozimiga nomzodlar uchun sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslarga majburiy stajirovka oʻtash talablari bekor qilinmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini taʼminlash va uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonunda “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi “Mehnat faoliyatini olib borayotgan pensionerlarning alohida toifalariga qulay sharoitlar yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan joriy etilayotgan tartibga koʻra, pensioner Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining ortiqcha toʻlangan pensiya summasini ushlab qolish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik u aniqlangan sanadan boshlab koʻpi bilan uch yil uchun sud orqali undiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi “Suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra,davlat va xususiy uy-joy fondlarida ichimlik suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari 100 foizlik haq toʻlash asosida koʻrsatiladi. Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, bu joylarni ijaraga oluvchilarga suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik haq toʻlash amalga oshirilmagan taqdirda, suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) tizimlaridan toʻliq uzib qoʻyishgacha boʻlgan choralar koʻriladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokama etildi.

Qonun jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi jinoiy, jinoiy-protsessual va maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgani qayd etildi.

Jumladan, qonunda yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kuchaytiriloqda.

Shuningdek, qonunda hayoti yoki sogʻligʻi xavf ostida boʻlgan shaxsga shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishni asossiz ravishda rad etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, noqonuniy aralashganlik hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiluvchi boshqa huquqbuzarliklar uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Muhokama chogʻida qonun qabul qilinishi jamoat xavfsizligini taʼminlashning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga koʻmaklashishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Senatorlar qayd etganidek, qonun amaldagi qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirishga, mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirishga hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish boʻyicha huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga qaratilgan.

Ushbu qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga va “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga suvlarning davlat hisobini yuritish qoidalarini buzganlik, suv xoʻjaligi inshootlari va qurilmalarini shikastlantirganlik, ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzganlik, shuningdek, sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni toʻplash, zararsizlantirish, saqlash, realizatsiya qilish chogʻida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun choralar kuchaytirilishini nazarda tutadigan qoʻshimchalar kiritilmoqda.

“Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida hisobga olish va nazorat qilish, chiqindilarni koʻmib tashlash va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritish, chiqindilarni transchegaraviy tashish kabi faoliyat turlari hisobiga “chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish” tushunchasi mazmuni kengaytirilmoqda. Shuningdek, sanoat chiqindilarini va maishiy chiqindilarni maxsus texnik moslamalarsiz zararsizlantirish taqiqlanmoqda.

Taʼkidlanganidek, qonunning qabul qilinishi profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirishga, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslar va fuqarolar javobgarligini oshirishga, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organlarining tezkor va samarali faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonun odil sudlovni amalga oshirish va sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan. Jumladan, sudlov hayʼatlari va quyi turuvchi sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirishda Oliy sud raisi oʻrinbosarlarining – tegishli sudlov hayʼatlari raislarining javobgarligini kuchaytirish maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning 27-moddasiga oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Kiritilayotgan oʻzgartishlarga muvofiq, mazkur shaxslar Oliy sudning tegishli sudlov hayʼatlari ishiga rahbarlik qilish bilan birga, tegishli sudlov hayʼatlarining sud majlislarida raislik qiladi, tegishli sudlov hayʼatlarining majlislarida ishlarni koʻrib chiqish uchun tarkiblarni shakllantiradi, quyi turuvchi sudlar faoliyatini tashkil etishda koʻmaklashadi.

“Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilayotgan oʻzgartishlarda sud va quyi sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirishda viloyat sudi va unga tenglashtirilgan sud raislari va oʻrinbosarlarining masʼuliyatini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng qoʻllanilishini taʼminlash, shuningdek, sudyalar oʻrtasida ishlarni toʻgʻri va bir xil taqsimlash maqsadida kiritilayotgan oʻzgartish sud ishlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda taqsimlashga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti Ustavi va Tartib-qoidalarini (Istanbul, 1999-yil 7-noyabr, 2017-yil 7-may holatidagi oʻzgartirishlar bilan) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi, “Islom hamkorlik tashkiloti Ustaviga kiritilgan tuzatishni (Abidjan, 2017-yil 10-11-iyul) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi, “Parij bitimini (Parij, 2015-yil 12-dekabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni koʻrib chiqdilar. Qonunlar senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻn oltinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

www.uza.uz