Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:

oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish;

Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining flagmaniga aylantirish;

respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish;

oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʻtkazish;

xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilgʻor standartlarini joriy etish, jumladan, oʻquv dasturlarida nazariy bilim olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish;

oliy taʼlim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadigan, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

oliy taʼlim muassasalarining akademik mustaqilligini taʼminlash;

oliy taʼlim muassasalarida taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bogʻliqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;

xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar koʻlamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga oliy taʼlim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish;

oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik koʻrsatkichlari oshishi, shuningdek, respublika ilmiy jurnallarini xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishini taʼminlash;

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish;

oliy taʼlimning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish;

talaba-yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;

oliy taʼlim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablagʻlarini keng jalb qilish hisobiga yaxshilash, ularni bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash;

taʼlimning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorligini yoʻlga qoʻyish;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlarni yaxshilash;

b) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019-yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Konsepsiya tegishli davrga moʻljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqib, har yili alohida tasdiqlanadigan “Yoʻl xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari kengashi negizida nodavlat notijorat tashkilot shaklidagi Respublika oliy taʼlim kengashini (keyingi oʻrinlarda – Kengash) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

professor-oʻqituvchilar, talabalar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini oʻrganish hamda ilgʻor xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oliy taʼlim sifatini oshirish, oʻquv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

oliy taʼlimni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligiga va professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ular tomonidan taʼlim berishda qoʻllanilayotgan taʼlim-tarbiya usullarining taʼsirchanligiga xolisona baho berish;

taʼlim berishda yuqori sifatni taʼminlash yuzasidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;

oliy taʼlim muassasalari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;

oliy taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va pedagoglarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish boʻyicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

xalqaro aloqalar natijadorligini tahlil qilib borish, qoʻshma dasturlar samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-oʻqituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy taʼlim tizimiga jalb etish boʻyicha takliflar tayyorlash;

oliy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish boʻyicha xorijiy ilgʻor tajribalarni oʻrganish asosida ularni respublika oliy taʼlim muassasalari sharoitida qoʻllash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Kengashning faoliyati natijalari, ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining hayʼat majlisida yiliga kamida ikki marta Kengash aʼzolari bilan birgalikda koʻrib chiqiladi, natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi;

Kengash tomonidan tayyorlangan taklif va tavsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tarkibida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar hamda oliy taʼlim muassasalari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi, ular Kengashga vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmak beradilar, soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradilar;

Kengash faoliyati natijalari, oliy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Kengash faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

5. Taʼlim sifatini yaxshilash borasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida respublika oliy taʼlim muassasalari (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi tizimidagi oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) rahbar xodimlarining xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishini boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idorani xabardor qilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinsin.

Bunda oliy taʼlim muassasasi rahbar xodimlari tomonidan xorijiy mamlakatga xizmat safari oldidan asosiy maʼlumotlar, jumladan, mamlakat nomi, tashrif maqsadi va rejasi, safar natijalari yuzasidan esa oliy taʼlim muassasasi kengashiga amalga oshirilgan ishlar va xarajatlar toʻgʻrisida taqdim etilgan hisobоt oliy taʼlim muassasasi veb-saytiga joylashtiriladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

2019-yil 1-dekabr kuniga qadar 2030-yilga qadar respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritishni, bunda mazkur oliy taʼlim muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

har yili 1-dekabrga qadar oʻtayotgan yil boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” bajarilishi yakunlarini puxta oʻrganish asosida Konsepsiyani kelgusi yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“Yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritsin va uning natijalarini har chorakda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borsin.

7. Quyidagilar mazkur Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimovga – masʼul vazirliklar va idoralarning Konsepsiya hamda “Yoʻl xaritalari”ni bajarish boʻyicha faoliyati va oʻzaro hamkorligini samarali tashkil etish, “Yoʻl xaritalari” bajarilishini monitoring qilish davomida aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, masʼul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Konsepsiya va “Yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish;

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Madjidovga – Konsepsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va tematik koʻrsatuvlar tashkil etsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

www.uza.uz