Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining tantanali ochilish marosimidagi nutqi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich!
Xonimlar va janoblar!
Assalomu alaykum, aziz mehmonlar!
Siz, azizlarni mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminida yana bir bor qutlaymiz.
Butun Oʻzbekiston xalqi nomidan birodar Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Kemelovich Toqayevni mamlakatimizga ilk bor davlat tashrifi munosabati bilan chuqur mamnuniyat izhor etishga ruxsat bergaysiz.
Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich!
Aziz doʻstlar!
Xonimlar va janoblar!
Bugun sizlarni Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining tantanali ochilish marosimida qutlashdan mamnunman.
Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Elboshi, ogʻam, muhtaram Nursulton Abishevich Nazarboyevning 2017 yil sentabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi chogʻida biz oʻtgan yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilini, bu yil esa yurtimizda Qozogʻiston yilini oʻtkazishga kelishib olgan edik.
Fursatdan foydalanib, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi nomidan Nursulton Abishevichga mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan beqiyos hissasi, shuningdek, mamlakatingizda oʻtkazilgan ajoyib, yorqin va unutilmas Oʻzbekiston yili tadbirlari uchun samimiy minnatdorlik izhor qilmoqchiman.
Bugun muhtaram Qosim-Jomart Kemelivich bilan birgalikda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining ochilishi mamlakatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib, oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlash, birodarlik rishtalari uzviy mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
Bu muhim voqelik, shuningdek, xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy va samimiy doʻstlik, madaniy va maʼnaviy yakdillik ramzidir.
Qozogʻistonning Abay Qoʻnonboyev, Muxtor Avezov, Axmet Baytursunov, Ilyos Yesenberlin, Oʻljas Sulaymonov va boshqa koʻplab atoqli madaniyat namoyandalari tinchlik va ezgulikni asrash, xalqlarimizga xos yuksak insoniy fazilatlarni tarannum etgan.
Oʻzining joʻshqin asarlari bilan ular ushbu ezgu qadriyatlarni hozirgi avlodga yetkazish, mamlakatlarimiz, xalqlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini kengaytirishga ulkan hissa qoʻshgan.
Shu munosabat bilan men hamkorligimiz kelajagiga katta nekbinlik bilan qaramoqdaman va Oʻzbekistondagi Qozogʻiston yili tadbirlari ushbu koʻp asrlik aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonchim komil.
Bugungi kunda Qozogʻiston butun dunyoga davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida, jumladan, zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini izchil oshirish boʻyicha erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlarini namoyon qilayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman.
Ishonchim komilki, mamlakatimizda Qozogʻiston yili tadbirlari nafaqat ushbu yoʻnalishdagi ishlar natijalarini namoyish qilish imkonini beradi, balki mamlakatlarimiz sanʼati, ilm-fani, taʼlimi, biznesi vakillari oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, bilim va yutuqlarni almashish uchun yangi ufqlar ochib beradi.
Bularning barchasi madaniyatlarni boyitish, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Yurtimizda yaqinda oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida qozogʻistonlik Uljan Baybusinova Gran-priga sazovor boʻlgani ham quvonarli hol.
Barcha qozogʻistonlik doʻstlarimizni samimiy qutlayman!
Aziz doʻstlar!
Oʻylaymanki, Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili qardosh mamlakat sanʼat ustalarining katta konsert dasturi – koʻpmillatli Qozogʻistonning yorqin va serqirra namoyishi bilan boshlanishida ramziy maʼno mujassam.
Darhaqiqat, sheʼriyat, musiqa va qoʻshiq xalqlarning eng pok va goʻzal orzu-umidlari, ezgu intilishlarini ifoda etadi.
Shu munosabat bilan qozogʻistonlik doʻstlarimiz, barcha ishtirokchilarga ushbu bayram konsertini tashkil qilganliklari uchun samimiy minnatdorlik izhor qilmoqchiman.
Hurmatli doʻstlar!
Qozoq xalq maqolida aytilganidek: “Tuы-sы ja-qыn – ja-qыn yemes, qoʻnы-sы ja-qыn – ja-qыn”.
Biz qardosh Qozogʻiston bilan yoʻlga qoʻyilgan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini qadrlaymiz va eng yaqin qoʻshnimiz bilan muloqot hamda koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga intilamiz.
Biz bir-birimizga hamisha yelkadosh boʻlib kelganmiz, xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashganmiz, bugun esa umumiy yorqin kelajagimizni ham birga qurmoqdamiz.
Oʻylaymanki, ulugʻ bobokalonlarimiz Alisher Navoiy va Abay Qoʻnonboyevlarning muqaddas ruhi bizni bu yoʻlda qoʻllab-quvvatlaydi.
Biz xalqlarimiz, farzandlarimiz va nabiralarimiz tinchligi va farovonligi yoʻlida qoʻlimizdan kelgan barcha ishlarni qilamiz!
Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich!
Muhtaram qozogʻistonlik doʻstlar!
Bugungi kun oʻzbek-qozoq munosabatlarida yangi, tarixiy sana sifatida xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik aloqalarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi, deb ishonaman.
Yana bir bor Oʻzbekistonga xush kelibsiz!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!