Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили 2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari
hamma resurslarni ko'rsatish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram faxriylar!

Hurmatli mehmonlar!

Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni Ikkinchi jahon urushida erishilgan Gʻalabaning 74 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugun barchamiz avvalo buyuk Gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshgan, mana shu yorugʻ kunlarga yetib kelolmagan aziz insonlarni yod etamiz, ularning xotirasi, pok ruhlari oldida taʼzim qilamiz. Shafqatsiz urushda, mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat koʻrsatgan barcha faxriylarimizga yuksak hurmat va ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Hech shubhasiz, oradan qancha yillar, zamonlar oʻtmasin, buyuk Gʻalabaning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib boraveradi.

Ming-minglab jasur ota-bobolarimiz dunyodagi koʻplab xalqlar qatorida bu mudhish urushda chinakam qahramonlik koʻrsatdilar. Bu soʻnmas jasorat, mana, 74 yildirki, biz uchun mardlik maktabi, gʻurur-iftixor manbai boʻlib kelmoqda va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.

Haqiqatan ham, 9 may – Gʻalaba kuni el-yurtimizning asl farzandlari besh yil davomida mardona jang qilib, yovuz dushmanni tor-mor etgan, mislsiz talofatlar evaziga erishgan shon-sharaf ayyomidir.

Bu – hech qachon unutilmaydigan, hech qanday kuch bizdan tortib ololmaydigan buyuk tarix, qudratli maʼnaviy boyligimiz desak, ayni haqiqat boʻladi.

Biz bu tarixdan kuch-quvvat olamiz. Bu tarix bizni tinchlikni asrab, barcha xalqlar bilan doʻst va hamkor boʻlib, yorugʻ kelajak bunyod etishga daʼvat etadi.

Ushbu tantanali, ayni vaqtda mayus kunlarda oʻtmishdan zarur saboq va xulosalar chiqarish uchun urush davriga qayta-qayta murojaat qilishimiz tabiiydir.

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda 1 yarim milliondan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi qatnashgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok boʻlgan, 133 ming nafarga yaqini bedarak yoʻqolgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa urushdan nogiron boʻlib qaytgan.

Oʻzbekistonlik 120 mingdan ziyod askar va ofitser jang maydonlaridagi jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan. Ularning orasida 280 nafar Sovet Ittifoqi Qahramoni, 82 nafar uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor boʻlgan jasur insonlar borligini alohida taʼkidlash lozim.

Oʻsha olovli yillarda Oʻzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – gʻalaba uchun!” deb yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʻir mehnat qildi. Respublikamiz frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylandi.

Yurtimizdan jang maydonlariga 2 mingdan ziyod samolyot, koʻplab qurol-yarogʻlar, harbiy-sanitariya poyezdlari, yuzlab dala oshxonalari, palatkalar, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.

Oʻzbekiston ahli urush hududlaridan koʻchirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, oʻz nonini ular bilan baham koʻrdi. Ayniqsa, ota-onasi, oilasidan judo boʻlgan 200 ming nafar begunoh bolalarni “Sen yetim emassan!” deb bagʻriga bosib, mehr-muruvvat koʻrsatdi.

Albatta, bu raqamlar – shunchaki statistik maʼlumotlar emas. Bu raqamlar boshimizdan kechirgan mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiradi. Shu bilan birga, bugungi tinch va goʻzal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh boʻlishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Hurmatli vatandoshlar!

Barchangizga maʼlum, Ikkinchi jahon urushida, mehnat frontida ishtirok etgan moʻtabar faxriylarimizga yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelmoqda.

Bugungi ozod va erkin hayot uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun biz ularning oldida cheksiz qarzdormiz.

Bu aziz insonlarni asrab-avaylash, ularning sogʻ-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitni yaratib berish – hammamizning muqaddas insoniy burchimizdir. Ayniqsa, rahbar va mutasaddilar buni birinchi navbatda chuqur his etishlari lozim.

Biz shu maqsadda boshlagan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz, shu yoʻlda davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz.

Aziz doʻstlar!

Xabaringiz bor, kelgusi yili Gʻalabaning 75 yillik bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanadi.

Hozirgi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari bilan birga bu qutlugʻ sanani munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish uchun katta tayyorgarlik koʻrmoqdamiz. Jumladan, Oʻzbekiston xalqining buyuk Gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasini aks ettiradigan, gʻoyat muhim tarixiy maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan kitob-albom nashrga tayyorlanmoqda.

Ayni vaqtda Toshkent shahrining eng koʻrkam maskanlaridan birida ushbu shonli sanaga bagʻishlab ulkan Gʻalaba bogʻini barpo etamiz. Bu borada loyiha-qurilish ishlarini boshlab yuborganimizni bugun sizlarga maʼlum qilmoqchiman.

Albatta, bu bogʻ va uning tarkibida bunyod etiladigan shon-shuhrat muzeyini eng goʻzal va puxta ishlangan loyihalar asosida yaratamiz. Ammo bu muhtasham yodgorlik majmuasining maʼno-mazmuni, muzey ekspozitsiyasini shakllantirishda biz muhtaram faxriylarimiz, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalariga tayanamiz.

Shuning uchun buyuk Gʻalabaga hissa qoʻshgan vatandoshlarimiz hayoti, jasorat va matonatini yanada chuqurroq oʻrganishimiz, bu haqda yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilm va spektakllar yaratishimiz kerak. Yoshlarimiz kimlarning jasorati tufayli qariyb 75 yil mobaynida urush balosini koʻrmasdan, tinch va baxtli zamonda yashayotganimizni bilishi va buning qadriga yetishi zarur.

Mana, barchamiz guvohmiz, oʻsha dahshatli janglarda ishtirok etgan, urushning azob-uqubatlarini koʻrgan kishilar soni, afsuski, kamayib bormoqda. Hatto ularni tanigan, bilgan odamlar safi ham kamaymoqda. Bunday insonlar, ularning har bitta soʻzi oltinga teng boʻlib bormoqda.

Shuning uchun urush haqidagi, urush qahramonlari haqidagi maʼlumotlarni ulardan yozib olib, xalqimizga yetkazishimiz kerak. Joylarda, taʼlim-tarbiya maskanlarida “Mahallamiz qahramonlari”, “Vatan himoyachilari” degan tasviriy koʻrgazmalar tashkil etsak, oʻylaymanki, nur ustiga nur boʻladi.

Bu koʻrgazmalarda urush ishtirokchilari bilan birga mustaqillik yillarida tinch-osoyishta hayotimizni himoya qilish yoʻlida mardlik koʻrsatgan askar va ofitserlarimiz toʻgʻrisida ham maʼlumotlar oʻz aksini topishi maqsadga muvofiqdir.

Shu tariqa biz oʻz tariximizni, ajdodlarimizga xos jasorat va matonat tuygʻusini, jangovar anʼanalarni kelgusi avlodlarimizga meros qilib qoldirishga erishamiz. Bu ishlarni bugun qilmasak, ertaga kech boʻlishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, men barchangizni tarixni oʻrganishda yanada uygʻoq, yanada faol boʻlishga chaqirmoqchiman. Tarixga sergak qaragan odamgina doimo hushyor va ogoh boʻlib yashaydi. Bugungi vaziyatga ham, kelgusi jarayonlarga ham xolis va haqqoniy baho bera oladi. Bu esa hozirgi murakkab va shiddatli zamonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, yuksak taraqqiyotga erishishning eng muhim shartidir.

Aziz doʻstlar!

Urush qahramonlari haqida gapirar ekanmiz, tabarruk Ona siymosi koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi deb biladigan mard va bоtir oʻgʻlonlarni voyaga yetkazgan ulugʻ zot – onadir. Urushning barcha azob-uqubatlarini eng koʻp tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir.

Bamisoli sabr-bardoshdan yaralgan, urush yillarida muqaddas Vatan timsoliga aylangan bunday metin irodali onalar yurtimizda koʻplab topiladi.

Soʻzimning isbоti uchun bir misol keltirmoqchiman. Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida Zulfiya aya Zokirova ismli bir moʻtabar onaxon yashab oʻtganlar. Tom maʼnoda buyuk bu insonning jasoratini taʼriflashga til ojiz.

Turmush oʻrtogʻi Xolmat aka vafot etgach Zulfiya aya besh oʻgʻil va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazganlar.

Hammamiz yaxshi bilamiz, ona zoti uchun farzand dogʻini koʻrishdan ham ogʻir yoʻqotish yoʻq. Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat oʻgʻlidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo boʻlgan.

Oʻzingiz ayting, qadrli doʻstlar, har qanday odamni ham yiqitib, yakson qiladigan taqdirning bunday beshafqat zarbasiga bardosh berish mumkinmi?

Lekin Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon oʻzbek ayoli bunga bardosh bera oldi. Shunday fojiali qismatga besh marta koʻksini qalqon qilib, besh marta ham mardona oyoqqa turdi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, qanchalik metin sabr-bardosh boʻlishi kerak!

Yovuz urush tufayli ayaning toʻrt kelini beva, besh nabirasi yetim boʻlib qoldi. Uning oʻzi esa bir umr motamda yashadi. Lekin hech qachon umidsizlikka tushmadi, oʻgʻillarining soʻnmas xotirasi, yorugʻ kunlar yodi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, orzu-umidlari bilan yashadi.

“Joyi chiqsa, turmush qilinglar, men sizlardan mingdan-ming roziman”, deydi Zulfiya aya kelinlariga. Lekin ular ham Zulfiya ayadan oʻrnak olib, unga madad boʻlib, barchasi oʻz yoriga, oilasiga sodiq qoladi, boshqa turmush qurmaydi.

Mana, oʻzbek ayollarining, oʻzbek xalqining haqiqiy jasorati va matonati!

Mana, sevgi va sadoqat madhiyasi, uning yengilmas kuch-qudrati!

Mana, yoshlarimiz, farzandlarimiz kimdan namuna va oʻrnak olishlari kerak!

Hayotda biron-bir qiyinchilikka duch kelsa, umidsizlikka tushmasdan, ularni bardosh bilan yengib oʻtishda Zulfiya Zokirova va uning oilasi yosh avlodimiz uchun chinakam ibrat maktabi emasmi?

“Yaxshilar yodi hech qachon unutilmaydi”, deydi xalqimiz. Biz ezgu niyat bilan barpo etadigan Gʻalaba bogʻi markaziga Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh oʻgʻli, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal oʻrnatsak, unga “Matonat madhiyasi” deb nom bersak, nima deysizlar?

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi yangi hayot, beqiyos oʻzgarishlar hammamizdan yangicha safarbarlikni talab etmoqda. Mana shu jarayonda tinchlikni asrash, dunyodagi taraqqiyparvar xalqlar, davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bosh vazifamizga aylanmoqda.

Oʻzbekiston tashqi siyosatida uzoq-yaqin barcha davlatlar, avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli, doʻstona aloqalarni rivojlantirish bundan buyon ham ustuvor yoʻnalish boʻlib qoladi.

Ayni vaqtda yana bir haqiqatni ham hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak. Eng katta, bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlikka raxna solish, turli xalqlar oʻrtasida urush olovini yoqish, milliy va diniy ziddiyatlarni avj oldirishga urinayotgan kuchlar ham yoʻq emas. Bunday yovuz kuchlarga qarshi kurashda avvalo doimiy hushyorlik va ogohlik, jaholatga qarshi – maʼrifat, butun xalqimizning birligi va hamjihatligi hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Shu maqsadda mustaqilligimiz va tinch hayotimizning ishonchli himoyachisi boʻlgan Qurolli Kuchlarimizning jangovar qudrati va salohiyatini yanada oshirish, xalq va armiya birligini mustahkamlash boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Hozirgi gʻoyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli zararli taʼsirlardan asrash yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shu vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda muhtaram faxriylarimizning jasorati, shonli anʼanalari, hech shubhasiz, biz uchun hamisha ibrat boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, sizlar barcha ishlarimizda dono maslahatgoʻy, togʻdek tayanch boʻlib, xalqimizni rozi qilish yoʻlidagi islohotlarimizga oʻz amaliy ishlaringiz, duolaringiz bilan madad berib kelmoqdasiz. Va biz buni yuksak qadrlaymiz, sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz!

Fursatdan foydalanib, bugungi tinch va ozod, erkin hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun oʻz nomimdan, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi nomidan sizlarga yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka tilayman. Doimo hayotimizga fayz berib, el-yurtimiz ardogʻida boʻlib yurishingizni Yaratgandan soʻrayman.

Baxtimizga hamisha omon boʻling!

Gʻalaba bayrami barchamizga muborak boʻlsin!

Katta rahmat sizlarga!

www.uza.uz