O’ZBEK XALQINING TARIXIY-MADANIY MEROSI HAMDA BOY SAYYOHLIK SALOHIYATI VASHINGTONDA TAQDIM ETILDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Vashingtonda har yili tashkil etiladigan “Winternational” IV festivali bo’lib o’tdi. U dunyodagi turli mamlakatlarning madaniyati, an’ana va sayyohlik salohiyatini namoyish etadi.
Mazkur an’anaviy tadbir doirasida mamlakatimizning Amerika Qo’shma Shtatlaridagi elchixonasi tomonidan O’zbekiston san’ati asarlari, va hunarmandchilik buyumlarining taqdimoti tashkil etildi.
Festival ishtirokchilari respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli o’zgarishlar, o’zbek xalqining tarixiy-madaniy merosi hamda boy sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, 2016-yil mamlakatimizda “Sog’lom ona va bola yili”, deb e’lon qilingani, bu yo’nalishda ayollar va bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani ham ma’lum qilindi.
Mamlakatimizning sarmoyaviy imkoniyatlariga qiziqish bildirgan AQSh biznes doiralarining vakillari respublikamizning savdo-iqtisodiy salohiyati, Prezident Islom Karimovning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi tafsilotlari bilan atroflicha tanishtirildi.
Ronald Reygan nomidagi Xalqaro savdo markazi vitse-prezidenti Endryu Jelfuzo bo’lib o’tgan taqdimot marosimidan orttirgan taassurotlarini o’rtoqlashar ekan, ushbu tadbir Amerikaning keng jamoatchiligini o’zbek xalqining noyob merosi va xalq an’analari bilan tanishtirish uchun juda qulay imkoniyat bo’lganini qayd etdi. “Biz mamlakatingiz xalqining ko’p qirrali san’atidagi o’ziga xosliklar bilan, shuningdek, respublikada biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishdik”, dedi u.
“Washington Intergovernmental Professional Group” tashkiloti prezidenti Nelson Garsiya keyingi yillar davomida O’zbekistondagi sheriklar bilan mustahkam aloqalarni yo’lga qo’yganini ma’lum qildi. “AQSh Kongressida, federal vazirliklar va agentliklar o’rtasida hamda xususiy biznesda turli davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlarini ilgari suradigan yetakchi tashkilotlardan birining rahbari sifatida umid qilamanki, mamlakatlarimiz kelajakda ham o’zaro hamkorlikni davom ettiradi. Bugun tashkil etilgan taqdimot esa o’zaro madaniy-gumanitar munosabatlarimizni rivojlantirish ishiga ko’maklashadi”, dedi u.
AQSh Milliy matbuot klubi vakili Piter Xikman madaniy-tarixiy meros va pazandachilik nuqtai nazaridan O’zbekiston noyob mamlakat ekanligini aytdi. Amerikalik jurnalistning fikr bildirishicha, taqdimot chog’ida mehmondo’stlik o’zbek xalqining milliy xarakteriga xos ekanligi hamda madaniy sohadagi o’zaro hamkorlikni yanada ilgari surish imkoniyatlari o’zbek tomonidan munosib ravishda namoyish etildi.
O’z navbatida, LADO Xalqaro instituti vakili Bruk Rassel tadbir chog’ida O’zbekiston salohiyati ko’p qirrali ekanligiga guvoh bo’lganini aytgan bo’lsa, Dubai TV telekanali vakillari taqdimot chog’ida namoyish etilgan o’zbek xalq madaniy osori-atiqalari haqidagi ma’lumotlar dunyo xalqlarining madaniy-tarixiy o’ziga xosliklariga doir teleko’rsatuvlar orqali Yaqin Sharq mamlakatlaridagi tomoshabinlar e’tiboriga havola etilishini ma’lum qildi.
“Jahon” AA, Vashington