“O’ZBEKENERGO” AKSIYADORLIK JAMIYATI TOMONIDAN AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR SARHISOB ETILDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Milliy matbuot markazida “O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mustaqillik yillarida tizimda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalarga bag’ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar beradi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyotining energetika tarmog’ida amalga oshirilgan keng ko’lamli islohotlar samarasida O’zbekiston energiya bo’yicha ichki ehtiyojlarni to’liq ta’minlab, uni eksport qiladigan davlatga aylandi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda iste’molchilar soni 2,5 millionga, iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasi iste’moli 445,6 million kilovatt-soatga ko’paydi.
“O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangi elektr energetika ob’yektlarini qurish, ishlab turganlarini zamonaviy talablar darajasida rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, quvvatlarning ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida 300 megavatt va Talimarjon IESda 800 megavatt quvvatga ega yangi energiya blogi, Navoiy IESda 478 megavattli zamonaviy bug’-gaz hamda Toshkent issiqlik elektr markazida 27 megavattli kogeneratsion gaz-turbina qurilmalari ishga tushirildi.
Uzunligi 167,5 kilometrlik Yangi Angren IES - O’zbekiston, 197 kilometrlik G’uzor - Surxon, 123 kilometrlik Sirdaryo IES - Yangi Angren IES, 215 kilometrlik Talimarjon IES - So’g’diyona nimstansiyalari singari liniyalar foydalanishga topshirildi.
O’tgan davrda elektr stansiyalarining quvvati 1,5 million kilovatt-soat, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 1,5 milliard kilovatt-soat, elektr tarmoqlarining umumiy uzunligi 38,2 ming kilometrga oshdi.
Namangan viloyatining To’raqo’rg’on tumanida umumiy quvvati 900 megavattni tashkil etadigan ikkita bug’-gaz qurilmali issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda. Joriy yilning oxirigacha Toshkent issiqlik elektr stansiyasida 370 megavattli shunday qurilma loyihasi bo’yicha qurilish-montaj hamda gaz turbinasini yig’ish ishlarini yakunlash ko’zda tutilgan.
— Tabiiy resurslarni tejash va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida “Jizzax” maxsus industrial zonasida quyosh kollektorlarini ishlab chiqaruvchi “Quyosh issiqlik energiyasi” hamda svetodiodli chiroqlar ishlab chiqaruvchi “Yorqin chiroqlar” qo’shma korxonalari tashkil etildi, - deydi “O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig’i o’rinbosari Sh.Umrzoqov. - Shuningdek, Samarqand, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida har biri 100 megavatt quvvatiga ega quyosh elektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan.
2020 yilga qadar ishlab turgan 19 GESni modernizatsiyalash ishlari ko’zda tutilgan. Buning natijasida 100 megavattga yaqin quvvat barpo etilib, qo’shimcha 450 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Tadbirda “O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, energetika tizimini yanada takomillashtirish istiqbollari haqida so’z yuritildi. Jurnalistlar savollariga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.
O’zA