O‘ZBEKISTON AGRAR SOHASI OLIY TA’LIM MUTAXASSISLARI BAVARIYADA TAJRIBA ALMASHDILAR
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Shu yilning 13-24 iyul kunlari Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, Urganch davlat universiteti, Samarqand va Andijon qishloq xo‘jalik institutlari professor-o‘qituvchilaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Germaniyaning qishloq xo‘jaligi jadal rivojlangan Bavariya federal yeridagi Vaynshtefan-Trisdorf universitetida bo‘ldi.
Tashrif doirasida o‘zbek mutaxassislari Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan “Hamkor davlatlar oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun safabarlik” loyihasi doirasida tashkil etilgan xalqaro seminarda qatnashdilar.
Anjumanda so‘zga chiqqan agrar tarmog‘iga kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan o‘zbek o‘quv maskanlari vakillari ishtirokchilarni mamlakatimizda kechayotgan qizg‘in islohotlar, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoevning farmoni bilan shu yilning fevral oyida qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy mazmuni bilan tanishtirdilar. Jumladan, mazkur hujjatda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish borasida agrar sohaning o‘rni va ahamiyati, undagi kadrlar salohiyatini jahon andozalari darajasiga olib chiqish alohida belgilangani ta’kidlandi. Shu maqsadda Germaniyaning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat maxsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida kadrlar tayyorlovchi Vaynshtefan-Trisdorf universiteti bilan hamkorlikni faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ana shu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalardan biri ekani aytib o‘tildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari yuqorida zikr etilgan ta’lim maskanining o‘quv binolari, laboratoriya xonalari, tajriba uchastkalari hamda parrandachilik, sut mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, shuningdek, alohida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda barcha sohalar kabi qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ham olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar germaniyalik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Xususan, Vaynshtefan-Trisdorf universiteti prezidenti Markus Reynke yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Bryuseselga tashrifi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan qishloq xo‘jaligi sohasida imzolangan kelishuvlarga alohida urg‘u berib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning izchil va samarali rivojlanishiga katta imkoniyatlar ochilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, u nemis universiteti o‘zbek oliygohlari bilan ikki tomonlama diplom berish va fermerlarni o‘qitish borasidagi tajriba almashish hajmini kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
“Hamkor davlatlar oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari uchun safabarlik” loyihasi muvofiqlashtiruvchisi, professor Aram Aristakesyan Vaynshtefan-Trisdorf xalqaro hamkorligida erishilayotgan yutuqlarning bir ko‘rinishi sifatida ERASMUS+ dasturi doirasida qator xorij oliy o‘quv yurtlari bilan ikki tomonlama diplom berish yo‘lga qo‘yilgani haqida to‘xtaldi.
Olimning fikriga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda Toshkent davlat agrar universiteti va O‘zbekistonning sohaga oid boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunda hamkorlikning yangi bosqichi boshlanmoqda.
O‘z navbatida Toshkent davlat agrar universiteti Iqtisodiyot va marketing kafedrasi mudiri, professor Muxammad-Ali Saidov Vaynshtefan-Trisdorf universiteti bilan hamkorlikni yuqori baholar ekan, u nafaqat Germaniyaning, balki Yevropa Ittifoqining agrar soha bo‘yicha yetuk ta’lim maskani sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani o‘tkazilgan seminar va ikki tomonlama uchrashuvlar davomida yaqqol sezilib turganini ta’kidladi.
— Germaniyadagi tajriba almashish va xalqaro seminarda ishtirokning natijasi o‘laroq yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishda o‘zimizga zarur ko‘nikmalar oldik, - dedi M.Saidov. - Masalan, qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini amaliyot ob’ektlari sifatida ko‘rish, ularda o‘talgan ishlab chiqarish jarayoni natijalaridan talabaning keyingi o‘quv faoliyatini atroflicha baholash, xususan, bakalavriat ta’limi ko‘nikmalarining hayotiyligini ta’minlab, yoshlarni magistraturaga o‘qishga qabul qilishda aynan fermer xo‘jaliklari tavsiyasi asosida baholash ahamiyatini oshirish shular jumlasidandir.
“Jahon” AA, Frankfurt-Mayn