O’ZBEKISTON “BALTIC FASHION & TEXTILE RIGA-2017” KO’RGAZMASIDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaqinda Latviya poytaxtida o’tgan ana shu nomli xalqaro moda va to’qimachilik sanoati ko’rgazmasida dunyoning 17 mamlakatidan kelgan 200 dan ziyod kompaniyalar, jumladan, O’zbekiston vakillari ham ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli tadbir Boltiqbo’yi davlatlarida har yili o’tadigan yirik ko’rgazma hisoblanib, ishtirokchi kompaniya va korxonalarga keng turdagi to’qimachilik mahsulotlari, poyabzallar, gazlamalar, mato va xomashyolar, tikuvchilik jihozlari, sanoat asbob-uskunalari va texnologiyalarni yetkazib berish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini beradi. Ko’rgazmada moda sanoatining turli jihozlari, liboslar, choyshablar, to’qimachilik, charm-poyabzal, qo’lda ishlangan buyumlar, yigirilgan ip hamda sanoat texnikasi va butlovchi qismlarning xilma-xil namunalari namoyish etildi.
O’zbekiston milliy bo’linmasidan mamlakatimizning shu sohaga ixtisoslashgan korxonalarida ishlab chiqarilgan paxta xomashyosidan tayyorlangan ip va matolarning rang-barang turlari o’rin oldi. Unda “Amudartextile” aksiyadorlik jamiyati, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Surhonteks” qo’shma korxonasi va yakka tartibdagi “Nortextile” korxonasi o’z mahsulotlari bilan qatnashdi.
Ko’rgazma chog’ida O’zbekiston to’qimachilik sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyati, ikat - adras gazlamasining o’ziga xos tarixi hamda dizayn ishlarining zamonaviy ko’rinishlariga bag’ishlangan taqdimot bo’lib o’tdi. Tadbirda ishtirokchilar mamlakatimizda paxta tolasini qayta ishlash quvvati, qo’shimcha qiymatli mahsulotlarning ishlab chiqarilishi hamda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarida tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, hamkorlikning istiqbolli yo’nalishlariga beriladigan qulaylik va imtiyozlar bilan tanishdilar.
Taqdimot mehmonlari e’tiboriga shuningdek, O’zbekistonda amalga oshirilayotgan xorijiy sarmoyadorlar uchun investitsiyaviy loyihalar, boshqaruv organlari va xo’jalik sub’yektlarining nizom jamg’armasidagi davlat (jumladan, hissadorlik jamiyatlari aksiyalar paketi bilan birga) ulushlari haqida batafsil ma’lumotlar havola etildi.
Ko’rgazma mehmonlari fikriga ko’ra, O’zbekiston milliy bo’linmasi o’z kengligi va rang-baranligi - to’qimachilik sanoati uchun paxta xomashyosidan ishlangan ipdan tortib to ipak hamda jun va paxta aralashtirilgan yarim ipak matolargacha bo’lgan mahsulotlarning namoyishga qo’yilgani bilan alohida e’tiborni tortadi.
Taqdimot marosimida xorijiy ekspertlar va ishbilarmon doiralarning taniqli vakillari qatnashdilar hamda ular bilan foydali hamkorlikni yo’lga qo’yish borasida muzokaralar o’tkazildi. Uchrashuvlar yakuniga ko’ra o’zaro manfaatli shartnomalar imzolandi.
Ko’rgazma kunlari davomida uning mehmonlariga O’zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari hamda mamlakatimizda turizm sanoatini takomillashtirish, sayohatchilarning to’laqonli dam olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sohada yangi yo’nalishlarni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar haqidagi axborot materiallari ham tarqatildi.
Bundan tashqari, ko’rgazma doirasida “Moda va dizayn: sohadagi biznes va an’analar” mavzusida xalqaro anjuman o’tkazildi. Unda Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Litva va O’zbekiston mutaxassislari tarmoqning yangi yo’nalishlari va istiqbollari xususida fikr almashdilar.
“Jahon” AA, Riga