O’ZBEKISTON BO’YLAB SAYYOHAT QILISH MAROQLI VA QIZIQARLIDIR
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimiz sayohatchilar uchun behad boy dunyoga egadir. Buyuk Ipak yo’lida joylashgan O’zbekistonning qulay jo’g’rofiy joylashuvi, respublikamizning turli davr va sivilizatsiyalarga xos bo’lgan 7000 dan ziyod yodgorliklarga ega ekanligi va ularning ko’pchiligi YUNESKO Butunjahon merosi ro’yxatidan joy olgani bu sohaning izchil rivojlanishida muhim omil bo’lmoqda.
Birgina Samarqandda - Buyuk Amir Temur davlati poytaxtida bugungi kunda butun jahonga mashhur bo’lgan ko’pgina diqqatga sazovor joylar mavjud. Haqli ravishda O’rta asr Sharq me’morchiligining eng go’zal namunalarini o’zida jo qilgan Registon me’moriy ansambli, Ulug’bek rasadxonasi, Bibi xonim jasjidi, Amir Temur maqbarasi shaharning tashrif qog’oziga aylanib qolgan.
Tarixiy yodgorliklari va tabarruk qadamjolarining soni va ahamiyati jihatidan Buxoro ham Samarqanddan qolishmaydi.
Mahobatli minoralar, masjid va madrasalar, savdo gumbazlari va bozorlari, hovuzlariyu maydonlari Buxoroning 2500 yillik tarixiga guvohdir. Bundan tashqari, Xiva, Shahrisabz, Termiz ham boy va ko’p asrlik tarixi hamda noyob me’moriy yodgorliklari bilan ajdodlarni hayratlantirgani kabi zamondoshlarning qalblarida ham ana shunday tuyg’ularni jo’sh urdirmoqda.
O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng sayyohlik sohasidagi davlat siyosatining mutlaqo yangi tamoyillari ishlab chiqildi. Prezident Islom Karimovning 1992-yil 27-iyuldagi Farmoniga binoan “O’zbekturizm” Milliy kompaniyasi tashkil qilindi. Unga davlatning ushbu yo’nalishdagi siyosatini amalga oshirish, sayyohlikni rivojlantirishning milliy modelini shakllantirish vazifasi yuklandi.
1999-yili “Sayyohlik to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad mehmondo’stlik industriyasidagi munosabatlarni, shuningdek, sayohatchilarning qonuniy huquqlarini hamda ushbu soha sub’yektlarini himoya qilishni huquqiy jihatdan tartibga solish bilan izohlanadi. Keyingi yillar davomida ana shu hujjat asosida 30 dan ziyod qonunosti aktlari qabul qilindi.
Bundan tashqari, mamlakatda sayyohlik tarmog’ini rivojlantirishning davlat va hududiy dasturlari ham qabul qilingan bo’lib, ular izchillik bilan bajarilmoqda. Xususan, 1999-2005-yillari O’zbekistonda sayyohlikni rivojlantirish Davlat dasturi hayotga tadbiq etildi. Keyingi yillar davomida Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm va boshqa viloyatlarda dam olish industriyasini qo’llab-quvvatlash mintaqaviy dasturlari muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etildi.
O’tgan davr mobaynida O’zbekiston izchil rivojlanayotgan zamonaviy sayyohlik infratuzilmasiga ega bo’lgan davlat sifatida obro’-e’tibor qozondi.
Mamlakatda barcha qulayliklarga ega bo’lgan ko’pgina yangi mehmonxonalar qurildi, shu jumladan, umummilliy hamda B&B maqomidagi mehmonxonalar tarmoqlari barpo etildiki, ular chet ellik mehmonlarga yuqori sifatli xizmat ko’rsatmoqda. Radisson, Lotte, Ramada, Wyndham singari butun dunyoga mashhur yirik mehmonxonalar bilan bir qatorda O’zbekiston poytaxti va viloyatlarida kichik guruhlar va oilaviy sayyohlar uchun mo’ljallangan xususiy mehmonxonalar tarmog’i ham yaratildi.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Farg’ona va Navoiydagi aeroportlar zamonaviylashtirildi. Bugungi kunda O’zbekistonda xalqaro darajada xizmat ko’rsatadigan 11 ta havo bandargohi faoliyat ko’rsatmoqda. Milliy aviatashuvchi - “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi eng zamonaviy Boeing va Airbus avialaynerilarga ega bo’lib, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikaning 50 dan ziyod mamlakatiga muntazam havo qatnovlarini amalga oshirmoqda. Joriy yilda Milliy aviakompaniyaning aviaparki ikkita Boeing-787 Dreamliner samolyotlari bilan boyishi kutilmoqdaki, bu mamlakatimizda sayyohlik xizmatlari ko’rsatilishi darajasini yanada oshirish borasida muhim qadam bo’ladi.
Sayyohlar temir yo’l transporti vositasida ham diqqatga sazovor maskanlarni borib ko’rishlari mumkin.
2011-yili Toshkent va Samarqand o’rtasida Ispaniyaning PATENTES TALGO S.L. kompaniyasida ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikda harakatlanadigan Afrosiyob poyezdining qatnovi yo’lga qo’yildi. 2015-yili esa Afrosiyob poyezdi poytaxtdan Qashqadaryo viloyatining ma’muriy markazi - Qarshi shahriga ham qatnay boshladi. Bu poyezdning juda qulay va shinamligini mahalliy yo’lovchilar ham, xorijlik mehmonlar ham qayd etmoqdalar.
O’zbekistonda sayyohlik xizmatlari ko’rsatish bilan shug’ullanadigan biznes vakillari uchun qulay sharoitlar yaratilgan. 2015-yil ma’lumotlarida qayd etilishicha, respublikada 1279 ta sayyohlik tashkiloti, jumladan, 548 ta mehmonxona, sayyohlik bazasi va kempinglar, 731 ta sayyohlik kompaniyasi faoliyat ko’rsatmoqda.
So’nggi yillar mobaynida sayyohlikning yangi turlari, shu jumladan, ekoturizm, geoturizm, ekstremal, tibbiy va madaniy yo’nalishlardagi sayyohlik hamda alpinizm, rafting, baliq ovi yo’nalishlari hayotga tadbiq etilmoqda. Bu borada har bir mintaqaning o’ziga xosliklari va imkoniyatlari e’tiborga olinmoqda. Masalan, tarixiy yodgorliklari soni ko’p bo’lmagan viloyatlarda ekoturizm, geoturizm, off-road sayohatchiligi, tog’li hududlarda esa ekstremal sayyohlik turlari rivojlanmoqda. Madaniy meros ob’yektlarini ta’mirlash, sayyohlik qadamjolari qurilishi va ta’mirlanishi, qadimgi yodgorliklar va ajoyib tabiat manzarasiga ega bo’lgan yangi yo’nalishlarni ishlab chiqish bo’yicha loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari mamlakatimizga kelayotgan sayohatchilar sonining barqaror ravishda o’sib borayotganida ham yaqqol namoyon bo’lmoqda. Ular nafaqat o’lkamizning tabiiy go’zalligi, boy tarixi, rang-barang madaniyati va mahobatli tarixiy yodgorliklaridan, balki o’zbek xalqining ko’p asrlik an’analaridan, uning ochiqko’ngilligidan, mehmondo’stligidan va albatta, betakror milliy oshxonasi taomlaridan ham zavqlanishmoqda.
O’zbekiston aholisi daromadlarining o’sishi va dam olish industriyasi infratuzilmalarining takomillashgani tufayli borgan sari ichki sayyohlik ham rivojlanmoqda. Har yili millionlab yurtdoshlarimiz mamlakat bo’ylab sayohat qilishmoqda - ular qulay transport infratuzilmasi, barcha afzalliklarga ega mehmonxonalar va yuqori darajadagi xizmat ko’rsatishdan bahramand bo’lishmoqda.
Sayohatchilar oqimini yanada ko’paytirish maqsadida O’zbekiston dunyoning ko’plab davlatlari bilan o’zaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Shuning munosabati bilan qator xorijiy mamlakatlar bilan hukumatlararo va idoralararo shartnomalar imzolangan. Sayyohlik sohasidagi ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ham juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, 1993-yildan buyon O’zbekiston Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) a’zosi hisoblanadi. U dunyoning 150 dan ziyod davlatini birlashtirgan. 2004-yildan beri Samarqandda UNWTOning Buyuk Ipak yo’li bo’yicha Mintaqaviy ofisi faoliyat ko’rsatib keladi. U mazkur transkontinental yo’lda turizm rivoji qo’llab-quvvatlanishini muvofiqlashtiradi. Mamlakatimizning bu tarmoqni rivojlantirishdagi xizmatlarini e’tirof etgan holda ushbu xalqaro tashkilotga a’zo mamlakatlar bir necha bor O’zbekiston Respublikasini mazkur tashkilotning rahbarlik organi - Ijroiya Kengashiga saylagan. Kengashning 99-sessiyasi 2004-yili Samarqandda bo’lib o’tgan edi. Ushbu anjumanning o’zbeklar zaminida o’tkazilishi respublikada sayyohlik jabhasini rivojlantirish bo’yicha olib borilayotgan majmuaviy chora-tadbirlar samaradorligining xalqaro hamjamiyat tomonidan yana bir karra e’tirof etilganini tasdiqladi.
Tashkilot bosh kotibi Taleb Rifai sessiyaning ochilish marosimida so’zlar ekan, Buyuk Ipak yo’lida sayyohlikni yanada rivojlantirish bo’yicha xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishida mamlakatimiz yetakchi o’rin tutishini qayd etdi.
— Biz O’zbekistondagi juda ko’p o’zgarishlarni ko’rib turibmiz, - dedi UNWTO bosh kotibi. - Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatda sayyohlikni rivojlantirishga ko’p e’tibor qaratilmoqdaki, bu oqilona va uzoqni ko’zlagan siyosat rahbarligida respublika sayyohlik taraqqiyotining asosiy markazlaridan biri bo’lishi mumkin.
Zamonaviy bosqichda respublikada yirik tadbirlarning muntazam o’tkazilayotgani, ularda dunyoning ko’pgina mamlakatlari sayyohlik sanoati vakillari to’planayotgani O’zbekiston sayyohlik jabhasining shitob bilan rivojlanishi ta’minlanishida muhim o’rin tutadi. Bunday xalqaro tadbirlarda sayyohlik jabhasi mutaxassislari soha o’sishdagi asosiy tamoyillarni muhokama etishmoqda, o’zaro amaliy aloqalarni yo’lga qo’yishmoqda.
1995-yildan buyon Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi har yili o’tkazib kelinmoqda. Mazkur forum bu sohada faoliyat olib boradigan sheriklar o’rtasidagi konstruktiv muloqot uchun yaxshi minbar hisoblanadi. O’tgan yili bo’lib o’tgan Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasining yigirma birinchi anjumani chog’ida O’zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdim etildi.
Hosted Buyers (Professional xaridor) loyihasi Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi - 2015 ishidagi asosiy yangilik bo’ldi.
Hosted Buyers istiqbolli sheriklar va xaridorlar o’rtasidagi uchrashuvlarni oldindan belgilash, ularga muayyan imtiyozlar berish orqali sohada ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan g’oyat ahamiyatlidir.
2013-yildan buyon O’zbekistonda bahorgi-yozgi sayyohlik mavsumini ochib beradigan “Dam olish dunyosi” xalqaro O’zbekiston sayyohlik ko’rgazmasi o’tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirda respublika mintaqalari madaniyatlarining yorqinligi va rang-barangligi, ularning sayyohlik salohiyati namoyish etiladi. Ko’rgazma mahalliy va xorijiy turoperatorlarga yangi mavsum boshlanishida o’z mahsulotlari va xizmatlarini ilgari surish, yirik mijozlar bilan shartnomalar tuzish imkoniyatini yaratadi.
Qayd etish joizki, “Dam olish dunyosi - 2015” xalqaro O’zbekiston sayyohlik ko’rgazmasi doirasida UNWTOning “Gastronomik turizm - jahon sayyohlik salohiyatida yangi istiqbolli yo’nalish” mavzuidagi ilmiy-amaliy seminar bo’lib o’tdi. Gastronomik turizm pazandachilik bilan bog’liq barcha turistik faoliyat turlari, xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, gastronomik festivallar, oziq-ovqat yarmarkalari va bu borada tajriba orttirishga xizmat qiluvchi sayohatlar majmuidan iboratdir. Seminarda mamlakatimizda gastronomik turizmni rivojlantirish istiqbollari yuqori ekani ta’kidlandi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ha, O’zbekiston o’zining sayyohlik salohiyati bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinlardan birini egallaydi. Bu sohada erishilgan muvaffaqiyatlar mamlakatimizda tarmoq infratuzilmalarini yanada rivojlantirish, respublikaning bu sohadagi imkoniyatlarini keng ommalashtirish bo’yicha olib borilayotgan majmuaviy ishlarning natijasi hisoblanadi.
“Jahon” AA