«O’ZBEKISTON HAVO YO’LLARI»: ISHONCHLI, XAVFSIZ VA BARQAROR
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1992 -yil 28 -yanvarda «O’zbekiston havo yo’llari» milliy aviakompaniyasini tashkil etish to’g’risidagi farmonni imzoladi va kompaniya milliy aviatashuvchi maqomiga ega bo’ldi.
O’zbekiston mustaqillikka erishgach, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti - IKAOning to’la huquqli a’zosi bo’ldi. Milliy aviakompaniyamiz Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi - IATAda ro’yxatdan o’tdi va dunyo aviatsiyasida o’z maqomi va o’rnini mustahkamladi.
Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligi va Havo floti kuniga bag’ishlab o’tkazilgan matbuot anjumanida kompaniyaning o’tgan yillarda erishgan yutuqlari va uni rivojlantirish istiqbollari xususida so’z yuritildi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan mamlakatimizda dunyo standartlariga mos, zamonaviy moddiy-texnik baza va yuqori malakali mutaxassislarga ega qudratli fuqaro aviatsiyasini shakllantirish boshlandi. Havo kemalari parkining muntazam yangilanib borilayotgani bu boradagi asosiy yutuqlardan biridir. So’nggi yillarda milliy aviakompaniyamiz parki o’nta yangi «A-320» va to’rtta «Boing-767-300ER» havo kemalari bilan to’ldirildi. Ushbu laynerlar bugungi kunda xalqaro va mahalliy yo’nalishlarda parvoz qilmoqda. Shuningdek, ular safiga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan o’rta magistralli oltita «Il-114-100» samolyoti qo’shildi. Mazkur yangi texnika kichik aviatsiya uchun xarid qilindi. Joriy yilda esa kompaniya ko’plab vazifalarni bajarishga mo’ljallangan «Mi-8MTV-1» vertolyotiga ega bo’ldi.
Yangi turdagi samolyotlardan foydalanish yer usti texnika bazasini yangilashni taqozo etdi. Xususan, poytaxtimiz va viloyatlar markazlaridagi aeroportlar to’liq modernizatsiya qilindi. Ushbu aeroportlarda yo’lovchilarni tekshirish vositalari tegishli tartibda ishlab turibdi, yangi va takomillashgan texnikalar joriy etilmoqda, uchish-qo’nish yo’laklari rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, aerovokzallarning tashqi qiyofasi yangilanib, yo’lovchi terminallari soni ko’paytirildi va xizmat ko’rsatish texnologiyalari yaxshilandi.
Ushbu global vazifalarni bajarish mamlakatimizga jahon aviatransport tizimining bir qismiga aylanish imkonini berdi. Chunonchi, shu yilning birinchi yarmida «O’zbekiston havo yo’llari» milliy aviakompaniyasi samolyotlari 11,5 mingdan ortiq parvozni amalga oshirdi. 1,2 milliondan ziyod yo’lovchi milliy aviakompaniyamiz xizmatlaridan foydalandi. 18,3 ming tonna yuk tashildi.
«Navoiy» aeroporti bazasida tashkil etilgan Xalqaro intermodal logistika markazi jadal rivojlanmoqda. 2009- yilning may oyidan joriy yil birinchi yarmiga qadar yuk tashish hajmi 219,7 ming tonnadan oshdi. 2015- yilning birinchi yarmida «O’zbekiston havo yo’llari» milliy aviakompaniyasi va xorijiy aviakompaniyalarning «Navoiy» Xalqaro intermodal logistika markazi orqali tashilgan umumiy yuk hajmi 14 ming tonnani tashkil etdi. Qayta jihozlangan ikkita «Boing» yuk samolyotining foydalanishga topshirilgani yo’nalishlarni kengaytirish va markaz orqali yuk tashish hajmini oshirish imkonini berdi. Bugungi kunda ushbu samolyotlar Dehli, Mumbay, Frankfurt, Amsterdam va Shanxay shaharlariga parvoz qilmoqda.
«O’zbekiston havo yo’llari» milliy avikompaniyasi bosh direktori V.Tyanning so’zlariga ko’ra, iste’molchilar talabini to’la qondirish milliy aviatashuvchi oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. Milliy aviakompaniyamiz yo’lovchilarga yuqori sifatli xizmat ko’rsatishni kafolatlaydi. Kompaniya jamoasi mamlakatimiz aviatsiyasining kelajagini o’ylab, texnik va ta’mirlash bazasini yaxshilash, milliy aviakompaniyaning dunyo aviatashuvlar bozoridagi o’rnini mustahkamlash, xizmat ko’rsatish darajasini oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ayni paytda milliy aviakompaniya tomonidan 12 investitsiya loyihasi amalga oshirilayotir. Ushbu loyihalarda havo parkini yangilash, «Boing-787 Drimlayner» samolyotlariga texnik xizmat ko’rsatishga mo’ljallangan angar va yangi «Toshkent-4» yo’lovchi terminalini barpo etish, aeroportlarning yer usti infratuzilmasini rivojlantirish va ularni maxsus aeroport texnikasi hamda texnik vositalar bilan jihozlash ko’zda tutilgan. «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasi bazasida samolyotlarning kompozitsion materiallardan tayyorlangan yirik tarkibiy qismlarini ta’mirlash bo’yicha yangi markaz tashkil etilmoqda. Ushbu markaz kelgusi yili ish boshlaydi. Uchuvchilar malakasini oshirish maqsadida shu yilning oxirigacha milliy aviakompaniyaning o’quv-mashg’ulot markazida yangi trenajyor - «A-320» havo kemasining Full-flight simulyatori o’rnatiladi. Aeroportning rekonstruksiya qilingan VIP, CIP va «Business-lounge» zallarining foydalanishga topshirilishi Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligiga munosib sovg’a bo’ladi.
Bu keng ko’lamli loyihalarning bir qismi bo’lib, ularning hayotga tatbiq etilishi yaqin kelajakda milliy fuqaro aviatsiyamizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish, jahon aviabozorida ishonchli va barqaror aviatashuvchi maqomini yanada mustahkamlash imkonini beradi, deb yozadi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.
O’zA