“O’ZBEKISTON KO’PGINA MAMLAKATLARGA NAMUNA BO’LISHI MUMKIN”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasida O’zbekiston davlat mustaqilligining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali kecha bo’lib o’tdi.
Tadbirda AQSh hukumati va Kongressi vakillari, diplomatiya korpusi, ishbilarmon, ekspertlar, madaniy, ilmiy-gumanitar doiralar va o’zbek diasporasi vakillari hozir bo’ldilar.
Davlat kotibining yordamchisi Nisha Bisval respublikamizni AQSh ma’muriyati nomidan qutlar ekan, ikki mamlakat o’rtasidagi ko’p qirrali munosabatlarning hozirgi rivojini ijobiy baholadi. Uning fikr bildirishicha, O’zbekiston mustaqillikni qo’lga kiritgan birinchi kunlardanoq Amerika Qo’shma Shtatlari respublikamizni qo’llab-quvvatlab kelayotgani barobarida mamlakatimiz bilan aloqalarni yanada mustahkamlashni o’z tashqi siyosatidagi ustuvorliklardan biri deb hisoblaydi.
Tantanali tadbir chog’ida AQSh ishbilarmon va jamoatchilik doiralari vakillari mamlakatimiz suveren rivojlanishi yillari davomida qo’lga kiritgan muvaffaqiyatlariga o’z baholarini berdilar.
Amerika - O’zbekiston savdo palatasi direktorlar kengashining raisi Kerolin Lemm barcha a’zo kompaniyalar nomidan O’zbekiston hukumatini davlat mustaqilligining 24 yilligi bilan chin dildan qutladi.
— Keyingi yigirma yil ichida O’zbekiston iqtisodiyotning ko’pgina yo’nalishlarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgani holda jahon bozorlarida beqaror vaziyat saqlanib qolayotganiga qaramay yalpi ichki mahsulot yillik o’sishining 8 foizdan ziyod darajasini ta’minlashga qodir bo’lgan kam sonli mamlakatlardan biri bo’lib qolmoqda, - dedi u. - Biz respublikada olib borilayotgan islohotlarni hamda muhim tizimli o’zgarishlarni, shu jumladan, bozor iqtisodiyotiga o’tish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va jozibali sarmoyaviy muhitni yaratish bo’yicha ko’rilayotgan jiddiy chora-tadbirlarni tabriklaymiz va yuqori baholaymiz.
Jan du Pleyn, “Du Plain Enterprises” kompaniyasi prezidenti, Xalqaro savdo markazining Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha dasturi direktori:
— O’zbekistonning tarixan qisqa davr oralig’ida qo’lga kiritgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti e’tiborga molikdir. AQSh xuddi shunday muvaffaqiyatlarga bir necha o’n yilliklar ichida erishgan edi.
Hozirgi paytda respublika hududida istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari o’rtasida tinchlik, barqarorlik va millatlararo hamjihatlikning ta’minlangani O’zbekistonning eng muhim muvaffaqiyatlaridan biri hisoblanadi. Dunyoning qator mintaqalarida tartibsizliklar va beqarorlik sari tamoyillar kuzatilayotgan bir paytda O’zbekistonning bu yo’nalishdagi siyosati diniy va milliy negizdagi turli nizolar yuki yelkasiga tushgan ko’pgina mamlakatlar uchun namuna bo’lishga haqlidir.
Piter Rudik, Kongress kutubxonasi huzuridagi Huquqiy tadqiqotlar institutining direktori:
— Mustaqillik yillari davomida Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi bilan bilan yo’lga qo’yilgan ikki tomonlama hamkorlikni Kongress kutubxonasi yuqori baholaydi. Tomonlar kutubxonachilik ishi ilmiy xodimlari va mutaxassislarini almashish bo’yicha qo’shma dasturlarni hayotga tadbiq etayotgani barobarida Amerika Qo’shma Shtatlarida hamda O’zbekistonda tashkil etilayotgan sohaga doir konferensiyalar va boshqa tadbirlarda muntazam ravishda ishtirok etishmoqda.
Quyoshli o’lkada qonun ijodkorligini rivojlantirish va huquqshunos kadrlar tayyorlash masalalariga qaratilayotgan e’tibor bizlarni quvontiradi, chunki Amerika akademik va tadqiqotchilar doiralarida respublikadan olinadigan huquqshunoslikka doir kitob va materiallarga katta talab mavjuddir. Huquqiy sohani rivojlantirish respublikaning barcha yo’nalishlarda yanada gullab-yashnashiga xizmat qiladi, deb o’ylayman.
Brayan Lopp, “Boing” kompaniyasining xalqaro aloqalar bo’yicha direktori:
— Mamlakatingiz bilan, ayniqsa, “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi bilan mustahkam va do’stona aloqalarga ega bo’lish biz uchun katta sharafdir. Bizlarning o’zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga yo’naltirilgan sa’y-harakatlarimiz mamlakatingiz aviatsiya tarmog’ini takomillashtirishga hamda o’zbek havo yo’llarining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga ko’maklashayotganidan juda faxrlanamiz. Shuningdek, tomonlar samolyotlarni ta’mirlash bo’yicha mintaqadagi yagona markazni barpo etish yuzasidan ham o’zaro hamkorlik qilmoqda.
Biz hozirgi paytda dunyoning eng muhim mintaqa va mamlakatlarining ko’pchiligini qamrab olgan O’zbekiston fuqaro aviatsiyasining shitob bilan rivojlanayotgani respublikaning mustaqillik yillari davomida qo’lga kiritgan asosiy muvaffaqiyatlaridan biridir, deb hisoblashga haqlimiz. Shu bilan birga, O’zbekiston va “Boing” kompaniyasi o’rtasidagi hamkorlik O’zbekiston-Amerika savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligining muhim qismi hamdir. Kelgusi yillarda ikki tomonlama hamkorligimiz yanada chuqurlashishiga umid qilamiz. Bu har ikki mamlakat xalqlarining farovonligiga xizmat qiladi.
“Jahon” AA, Vashington