O’ZBEKISTON - MINTAQANING MADANIY VA SAYYOHLIK DURDONASI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasida “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasining Dehlidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda O’zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti bo’lib o’tdi. Tadbir ikki mamlakat o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilganining 25 yilligiga bag’ishlandi.
Hindiston ijtimoiy-siyosiy va ekspert-tahliliy doiralari, Dehlida akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus, mahalliy turizm kompaniyalari va OAV vakillari hamda ushbu mamlakat poytaxtida tahsil olayotgan o’zbekistonlik talabalar tadbir ishtirokchilari bo’lishdi.
Uchrashuv mehmonlari e’tiboriga zamonaviy O’zbekiston hududida davlatchilikning shakllanganiga 3,5 ming yildan oshgani, qadimgi Rim va Bobil davlatlariga tengdosh, dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi o’rta asrlar ilm-fan, san’at, madaniyat va taraqqiyot markazlari YUNESKOning Butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilgani haqidagi ma’lumotlar havola etildi.
Shu bilan birga, 2016-yil yakunlariga ko’ra, O’zbekistonga hindistonlik sayyohlarning borishi soni sezilarli darajada o’sgani, bunda “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Dehli-Toshkent va Toshkent-Amritsar-Toshkent yo’nalishi bo’yicha qatnovlari muntazam yo’lga qo’yilgani ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. O’z navbatida ko’plab hind sayohat kompaniyalari vakillari mamlakatimiz aviakompaniyasi xizmatlari yuqori darajada ekanligi hamda bir ovozdan eng qulay va xavfsiz deya e’tirof etilishini ta’kidladilar.
Tadbirda so’zga chiqqan Javaharlal Neru nomidagi universitetning Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini o’rganish markazi direktori Sanday Pandey O’zbekiston mintaqaning madaniy markazi va sayyohlik durdonasi hisoblanishini qayd etdi.
— O’zbekistonga dunyoning turli burchaklaridagi sayyohlar e’tiborining ortib borayotganiga nafaqat mamlakatda beqiyos tarixiy-me’moriy yodgorliklarning ko’pligi, balki o’zbek xalqining samimiyligi, mehmondo’stligi, har bir mehmonning qalbiga yo’l topa oladigan mehribonlik fazilatlarining ham munosib o’rni bor.
Mamlakatlarimiz o’rtasidagi madaniy va tarixiy aloqalar shu qadar mustahkamki, vaqt va davrlar ushbu munosabatlarga soya sola olmaydi.
O’zbekiston - Hindistonning eng yaqin va ishonchli do’stidir. Biz o’zbek xalqi bilan do’stlik va ishonch rishtalari bog’lab turgan qadrdonlarmiz. O’zbekistonning do’stona ko’magi tufayli Hindiston yaqin kelajakda Shanxay Hamkorlik tashkilotining teng huquqli a’zosiga aylanishi haqidagi dalil ham ushbu fikrimni tasdiqlaydi.
Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va tahlili instituti yetakchi eksperti Punchok Stobdan O’zbekistonning mintaqada va xalqaro munosabatlarda o’ziga xos o’rin tutishini qayd etdi.
— O’zbekiston - nafaqat mintaqadagi barqarorlikning kafolati, balki o’tmish va bugun hamohang, dunyo sayyohligining yetakchi markazlaridan biri bo’lgan davlatdir.
Asrlar davomida odamlar Buxoro va Samarqandga nafaqat qadimiy obidalar bilan tanishish uchun, balki o’zbek xalqining buyuk farzandlari, ismlari butun dunyoda, shu jumladan, Hindistonda ham hurmat bilan tilga olinadigan islom dinining peshvolari - Imom Buxoriy va Bahouddin Naqshband shaxsiga o’z ehtiromlarini bildirish uchun borishganini alohida ta’kidlashni istardim.
Menimcha, hozir Hindiston va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanmoqda va bu shubhasiz, o’zida siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning keskin oshishini namoyon etadi.
Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va tahlili instituti yetakchi mutaxassisi Mina Singx Roy xonim diplomatik munosabatlar o’rnatilganligining 25 yilligi ikki mamlakat uchun ham muhim voqea bo’lib, O’zbekiston va Hindistonning ko’plab masalalarda uyg’un yondashuvlarga egaligining timsoli ekanini ta’kidladi.
— Men O’zbekistonning tabiati, madaniyati va ushbu farovon o’lkaga borganlarning barchasida birdek ijobiy taassurot qoldiruvchi o’zbek xalqining samimiy va beg’uborligidan hamisha hayratlanaman.
Ishonamanki, Hindistonning O’zbekiston bilan kelgusi hamkorligi nafaqat mavjud munosabatlarni mustahkamlashga, balki zamonaviy talablarga javob beradigan yangi istiqbolli yo’nalishlarni belgilashga qaratilgan uzoq muddatli maqsadlarga asoslanadi.
“Jahon” AA, Dehli