O‘ZBEKISTON MINTAQAVIY VA XALQARO HAMKORLIK UCHUN ISHONCHLI SHERIK
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Yaqinda Germaniya poytaxtida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi tomonidan Gumboldt nomidagi Berlin universitetining Markaziy Osiyo mamlakatlari filologiyasi va madaniyati kafedrasi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda mazkur oliy o‘quv yurti o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, sharqshunoslar, Kanada, Xitoy va boshqa mamlakatlarning ekspertlari ishtirok etdilar. Germaniyaning turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ham munozaralarga jalb etildi.
2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyati, asosiy vazifalari hamda ushbu muhim dasturilamal hujjatlarning hayotga tadbiq etilishi bilan bog‘liq atroflicha ma’lumotlar tadbir qatnashchilarining e’tiboriga havola qilindi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston suveren rivojlanish yillari davomida ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab olgan qator muhim islohotlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari, ichki va tashqi siyosatdagi ustuvorliklar taqdimoti ham davra suhbati qatnashchilarida jonli qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar hamda yoshlar siyosatidagi ustuvorliklar bilan ham yaqindan tanishdilar. Xalqaro andozalarga javob beradigan malakali mutaxassislarni tayyorlash Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi alohida qayd etildi. Oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining jahondagi yetakchi mamlakatlar, shu jumladan, Germaniya ilmiy-ma’rifiy muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini rivojlantirishga, ilg‘or pedagogika texnologiyalari, o‘quv dasturlari va uslubiy qo‘llanmalarni ta’lim jarayonlariga keng qo‘llashga alohida ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi.
Shu o‘rinda «Tempus» va «Erazmus Mundus» xalqaro dasturlari doirasida O‘zbekiston va Yevropa oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi muvaffaqiyatli sheriklik aloqalari yorqin misol tariqasida tilga olindi. Mazkur xalqaro dasturlar doirasidagi hamkorlik mamlakatimizdagi 50 dan ziyod ta’lim muassasasini qamrab olgan.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu davra suhbati tomonlarning turli sohalardagi O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ko‘rsatdi.
Gumboldt nomidagi Berlin universitetining ilmiy xodimi Tomas Loy “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ushbu tadbir haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
— Bugun bo‘lib o‘tgan davra suhbati ma’lumotlarga boy va juda foydali bo‘ldi, - dedi u. - Mamlakatni yanada ravnaq toptirish, turli sohalar va yo‘nalishlarda mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni faollashtirish yuzasidan O‘zbekiston rahbariyatining yangi tashabbuslari haqida atroflicha tasavvurga ega bo‘ldik. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-intellektual salohiyat nuqtai nazaridan O‘zbekistonga nisbatan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bugungi tadbirda Kanada, Xitoy va boshqa mamlakatlar sharqshunoslari ishtirok etgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Universitetimizning Markaziy Osiyo mamlakatlari filologiyasi va madaniyati kafedrasi uzoq yillardan beri O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Bunda talaba va aspirantlar hamda professor va o‘qituvchilar uchun akademik almashuvlar, ilmiy seminar, konferentsiyalar va boshqa ma’rifiy kurslarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jo‘g‘rofiy joylashuvi, ulkan iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari hamda katta intellektual salohiyati bilan mamlakatingiz mintaqaviy va xalqaro hamkorlik uchun muhim sherik hisoblanadi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining qutlug‘ 26 yilligini nishonlash arafasida turibdi. Ushbu fursatdan foydalanib, respublika aholisini qutlug‘ sana bilan samimiy tabriklar ekanman, mamlakatingizda yanada katta ravnaq, farovonlik tilayman. Biz o‘zbek sheriklarimiz bilan o‘zaro hamkorlikdan, qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishdan doimo mamnun bo‘lishimizni qayd etishni istar edim.
“Jahon” AA, Berlin