O‘ZBEKISTON MUSTAQILLIGI IN’OM ETGAN MUVAFFAQIYATLAR XORIJLIKLAR NIGOHIDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Shu kunlarda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalariga mamlakatimiz davlat mustaqilligining 25 yillik yubileyi munosabati bilan o‘zbek xalqi nomiga yo‘llangan tabriknomalarning kelishi davom etmoqda. Ularda samimiy qutlovlar va ezgu tilaklar bilan birga mamlakatimiz mustaqil rivojlanish yillari davomida turli jabhalarda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlar e’tirofi ham o‘z ifodasini topgan.
AQSH Kongressi Vakillar palatasining Yevropa, Yevroosiyo va yuzaga keladigan xavf-xatarlar bo‘yicha kichik qo‘mitasi raisi, Kaliforniya shtatidan kongressmen Deyna Rorabaxer:
— O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston barqaror va gullab-yashnayotgan mamlakatga aylandiki, rivojlanishning bu modeli ko‘pgina davlatlar uchun yaqqol namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Prezident Islom Karimovning oqilona rahbarligi tufayli respublika xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini egalladi.
O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqadagi eng muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Mamlakatlarimiz yaqin do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda davom etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik masalalariga mutasaddi bo‘lgan parlament a’zosi sifatida Vakillar palatasida Markaziy Osiyo bo‘yicha tashabbus guruhi yaratilishiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman. Bundan tashqari, kongressmenlar delegatsiyasi parlamentlararo aloqalarni hamda boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorlik ko‘lamlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama etish maqsadida yana O‘zbekistonga borishni mo‘ljallamoqda.
Ushbu ajoyib imkoniyatdan foydalangan holda, qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston aholisiga o‘zimning eng ezgu tilaklarimni izhor etishni istar edim. Xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida respublika bilan munosabatlarimiz yanada chuqurlashishiga umid qilaman.
Germaniya Bundestagining a’zosi, GFR ichki ishlar vazirligi huzuridagi ko‘chib kelganlar va milliy ozchilik masalalari bo‘yicha mamlakat federal hukumatining vakili Xartmut Koshik:
— Germaniya Federativ Respublikasi 1991 yil 31 avgust kuni o‘z mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekiston Respublikasini birinchilardan bo‘lib tan olgan va Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan mamlakatlardan biridir.
Hademay o‘z mustaqilligining 25 yilligini nishonlaydigan yosh davlat - O‘zbekiston Respublikasi xalqi tarixining ildizlari asrlar qa’riga borib tutashadi, uning madaniy merosi esa umumjahon ahamiyatiga molik.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etishni istar edimki, muvaffaqiyat bilan rivojlanib borayotgan Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar o‘zbeklar zaminida istiqomat qilayotgan nemis diasporasi farovonligiga ham xizmat qilmoqda. Mustaqillik mamlakatda yashaydigan nemislargagina emas, balki boshqa millat va elatlar vakillarining erkin rivojlanishi uchun ham qulay sharoit yaratdi.
O‘zbekistondagi nemis diasporasi vakillaridan kelayotgan ko‘p sonli maktublar orqali shuni yaxshi bilamanki, ular O‘zbekistonni o‘z Vatani deb bilishgani holda mamlakat farovonligi yo‘lida yelkama-yelka turib mehnat qilishmoqda. Nemis diasporasi mamlakatda munosib o‘rinlariga ega bo‘lishgani holda, o‘zlarini mustaqil O‘zbekistonning teng huquqli fuqarolari sifatida his etishadi.
Germaniya federal hukumati O‘zbekiston qiyofasida o‘zining kuchli va ishonchli sherigini ko‘radi.
Ushbu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyati va xalqini mustaqillikning 25 yillik bayrami bilan samimiy qutlar ekanman, nemis jamoatchiligiga nisbatan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, samarali o‘zaro hamkorligi uchun O‘zbekiston davlatiga o‘z minnatdorligimni izhor etaman. Mamlakatning barcha fuqarolariga bardavom baxtu iqbol va farovonlik tilayman.
Polshadagi “SARO” energetika kompaniyasining rahbari Yarek Zojefchik:
— O‘zbekiston tarixan qisqa davr ichida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy institutlar hamda fuqarolik jamiyati tizimini shakllantirish va mustahkamlash borasida salmoqli taraqqiyotga erishdi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining yuqori darajasi, aholining fuqaro sifatidagi faolligi va uning huquqiy madaniyati, shuningdek, yoshlarning katta intellektual salohiyati barqarorlik hamda izchil farovonlik saqlanib qolishining kafolati hisoblanadi.
Yangi avtomobil va temir yo‘llarining qurilishi, mavjud transport yo‘laklarining rekonstruksiya qilinishi, yuk va yo‘lovchi tashish samaradorligining oshishi respublikaning xorijiy davlatlar bilan eksport-import aloqalarini kengaytirishga ko‘maklashmoqda.
Ko‘pgina mamlakatlar O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarni qurish, biznesni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni hayotga tadbiq etishga intilishadi. Respublika mintaqaning turli rusumdagi yengil avtomobillarni ishlab chiqaradigan yagona mamlakati hisoblanadi. O‘zbekistondagi zamonaviy avtosanoat majmui mustaqil taraqqiyotning, milliy iqtisodiyotdagi salmoqli salohiyatning ramzi bo‘lib qoldi.
Respublika yangidan-yangi cho‘qqilarni zabt etgani va jamiyatda birdamlikni saqlagani holda taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan odimlamoqda.
Lyublin voyevodasi (Polsha) Eksportchilar uyushmasining prezidenti Rizar Novik:
— O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng siyosiy taraqqiyot va iqtisodiy farovonlikka erishish borasida to‘g‘ri yo‘lni tanladi. Shunisi alohida quvonarliki, respublikada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mehnat bozori, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari nuqtai nazaridan katta salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston noyob va istiqbolli mamlakat hisoblanadi.
Bank-moliya tizimini hamda iqtisodiyot real tarmoqlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha islohotlar ijobiy samaralarini bermoqda. Raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnikaviy va texnologik jihatdan yangilash bilan bog‘liq ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
“Xing Asia Travel” sayyohlik kompaniyasi (Singapur) direktori Maykl Li:
— O‘zbekiston sayyohlik sohasida ulkan salohiyatga ega. O‘lkaning noyob tabiati, boy tarixi hamda o‘ziga xos madaniyati uni sayohatchilar uchun sevimli go‘shaga aylantirgan. Respublikaning noyob, ya’ni Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashuvi hamda mamlakatda turli davr va sivilizatsiyalarga xos bo‘lgan 7000 dan ziyod yodgorliklarning qaror topgani sayyohlik tarmog‘ining izchil rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda.
Mustaqillik yillarida keng qamrovli ijobiy o‘zgarishlarning ro‘y bergani sayyohlik infratuzilmasini tubdan takomillashtirish imkonini berdi - jahondagi ilg‘or andozalarga muvofiq keladigan, barcha qulayliklarga ega mehmonxonalar, aeroportlar qurildi va zamonaviylashtirildi, me’morchilikka oid ko‘pgina madaniy-tarixiy yodgorliklar ta’mirlandi, mehmonlarga servis xizmati ko‘rsatish yuqori darajaga ko‘tarildi.
Bu yo‘nalishdagi ishlarning natijalari respublikaga kelayotgan sayohatchilar oqimining og‘ishmay o‘sib borayotganida namoyon bo‘lmoqda. Xususan, kompaniyamiz 2014 yili O‘zbekistonga sayyohlar guruhlari muntazam jo‘natilishini yo‘lga qo‘ydi. Singapurliklar nafaqat O‘zbekiston tabiatining go‘zalligi va boy tarixidan, balki o‘zbek xalqining ko‘p asrlik an’analari, ochiq ko‘ngilligi, mehmondo‘stligi va, albatta, betakror milliy taomlaridan behad ta’sirlanib qaytishadi.
Bu yil O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 25 yillik yubileyini keng nishonlaydi. Ishonchim komilki, chorak asr davomida qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar bundan keyin ham barcha yo‘nalishlardagi izchil rivojlanishga ko‘maklashadi.
Barcha o‘zbekistonliklarning ushbu qutlug‘ bayram bilan muborakbod etaman. Chin dilimdan ezgulikka, tinchlik, farovonlik va osmon musaffoligiga yo‘g‘rilgan tilaklarimni izhor etaman.
“Jahon” AA