O’ZBEKISTON OLIY TA’LIM MUASSASALARINING O’QITUVCHILARI GERMANIYADA MALAKA OSHIRISHDI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O’zbekiston va Germaniya o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar turli jabhalarda, jumladan, ilm-fan va ta’lim sohasida ham faol rivojlanib bormoqda.
Yaqinda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “Iste’dod” jamg’armasi granti sohiblaridan iborat mamlakatimizning til o’rgatishga ixtisoslashgan oliy o’quv yurtlari o’qituvchilari guruhi Bremerxafen universitetida tashkil etilgan ikki haftalik malaka oshirish kursini tugatdi.
Germaniyaning mazkur oliy o’quv yurtidagi “Yozgi maktab” ma’rifiy dasturi doirasida mamlakatimiz lingvist o’qituvchilari og’zaki va yozma tarjima bo’yicha pedagoglar malakalarini oshirishdagi Germaniya tizimining o’ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu dastur yurtdoshlarimizga nemis hamkasblari bilan o’zaro tajriba almashish uchun ham qulay imkoniyat yaratdi. Bu, shubhasiz, tilshunoslik sohasida mutaxassislar tayyorlash darajasini yanada oshirish ishiga xizmat qiladi.
Malaka oshirish kursi dasturi yakunida tinglovchilarga tegishli sertifikatlar berildi.
O’zbek xalqining ko’hna tarixi va boy madaniyati, an’analari hamda urf-odatlari, mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti bilan germaniyalik hamkasblarini tanishtirish maqsadida mazkur o’quv dasturi doirasida Bremerxafen universitetida “Iste’dod” jamg’armasi granti sohiblari tomonidan O’zbekiston taqdimoti o’tkazildi.
Marosim chog’ida taqdim etilgan ma’lumotlar Bremerxafen universitetining professor-o’qituvchilari va talabalaridan iborat tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg’otdi. Ular mamlakatimizda ilm-fan va ta’limni yanada rivojlantirish, har tomonlama sog’lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan e’tiborga yuqori baho berdilar.
Bremerxafen universiteti prorektori va “Yozgi maktab” ma’rifiy dasturining rahbari, professor Gerxard Feldmayer «Jahon» axborot agentligi muxbiri savollariga javob berar ekan, quyidagi fikr-mulohazalarini bayon etdi:
— Biz 2007 yildan buyon O’zbekistonning universitet va institutlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Shuni ta’kidlashni istar edimki, Markaziy Osiyo mintaqasida mamlakatingiz bizning ilmiy-ma’rifiy sohadagi asosiy hamkorimiz hisoblanadi. Biz har yili o’zbek o’qituvchilaridan iborat delegatsiyani tajriba hamda bilim almashish uchun “Yozgi maktab”da ko’rishimiz va qutlashimizdan juda mamnunmiz. Bu yil biz ular uchun juda to’laqonli ma’rifiy va madaniy dasturni tayyorladik.
Men bir necha marotaba respublikangizda bo’lganman. Safarlarim chog’ida shunga amin bo’ldimki, mamlakatingizda ilm-fan va ta’limni rivojlantirish masalalari davlat siyosati ustuvorligi darajasiga ko’tarilgan. Shunisi ham diqqatga molikki, respublikaning oliy o’quv yurtlari jahondagi turli universitet va institutlar bilan sheriklik aloqalarini o’rnatishga va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ushbu fursatdan foydalanib, O’zbekistonning barcha xalqini Mustaqillikning 24 yillik bayrami bilan samimiy tabriklashni va o’zimning iliq tilaklarimni izhor etishni istar edim. Biz va o’zbek sheriklarimiz o’rtasidagi konstruktiv va uzoq muddatli hamkorligimiz yanada katta muvaffaqiyatlar bilan davom etishiga umid qilaman.
“Yozgi maktab” ishtirokchisi, O’zbekiston Jahon tillari davlat universiteti roman-german filologiyasi fakultetining o’qituvchisi Lutfulla Xoliyarov germaniyalik hamkorlar O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, jumladan, ta’lim sohasida ro’y berayotgan o’zgarishlarni yuqori baholashayotganini ma’lum qildi.
— Ularning fikricha, mamlakatimizda har yili ta’lim sohasiga yo’naltirilayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etayotgani juda katta e’tiborga sazovordir.
Bremerxafen universitetida tashkil etilgan malaka oshirish kurslari biz uchun juda foydali bo’ldi. Mamlakatimiz oliy o’quv yurtlaridagi o’quv jarayonlarida bu yerda olgan nazariy bilimlarimiz va amaliy ko’nikmalarimizdan foydalanamiz.
“Jahon” AA, Berlin