O’ZBEKISTON OZARBAYJON OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINING DIQQAT MARKAZIDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Birinchi sentabr kuni O’zbekiston o’z davlat mustaqilligining yigirma to’rt yilligini nishonlaydi. Ushbu qutlug’ sana arafasida Ozarbayjonning yetakchi ommaviy axborot vositalari o’zlarining elektron portallarida respublikamiz ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid xabar-maqolalarni e’lon qilishayotgani kuzatilmoqda.
Jumladan, Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi mamlakatimizning mustaqil rivojlanish yillari davomida qo’lga kiritgan muvaffaqiyatlariga bag’ishlangan maqolani e’lon qildi.
Unda qayd etilganidek, O’zbekiston mustaqillikni qo’lga kiritganidan so’ng chuqur islohotlar o’tkazish borasida o’z yo’lini tanlab oldi va keyingi 24 yil davomida barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. “Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan islohotlarning “o’zbek modeli” qo’lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarning bosh omili, amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o’zgarishlarning asosi bo’lib qolmoqda”.
Rivojlanishning bu modeli besh mashhur tamoyilga asoslanadi. Maqola muallifi ularning har birini sanab o’tgani barobarida ushbu tamoyillar yuzasidan muxtasar tushuntirishlarni ham o’z o’quvchilari e’tiboriga havola qilgan.
Day.az elektron portali ham mamlakatimiz mavzusi qalamga olingan materialda O’zbekiston iqtisodiyotida erishilgan muvaffaqiyatlarga asosiy e’tiborni qaratgan. Unda ta’kidlanganidek, “izchil o’sib borayotgan iqtisodiyotga va yuksak salohiyatga ega bo’lgan O’zbekiston qudratli, sanoati rivojlangan davlatga aylandi. Mamlakatda zamonaviy yuqori texnologiyalar qo’llanilishi hisobidan yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 25 foizga yetdi. Eksportga mo’ljallangan va raqobatbardoshli mahsulotlarning 60 foizdan ziyodi yuqori texnologiyaga asoslangan tarmoqlarda ishlab chiqarilmoqda”.
Maqolada alohida ta’kidlanganidek, tarixan qisqa davr ichida iqtisodiyot 5,5 barobardan ziyodga o’sdi, aholining aniq daromadlari jon boshiga hisoblaganda qariyb 9 barobarga oshdi. “O’tgan davr mobaynida milliy iqtisodiyotga jalb etilgan190 milliard AQSh dollari miqdoridagi sarmoyalar, shu jumladan, 65 milliard AQFSH dollaridan ziyod xorijiy sarmoyalar hisobidan avtomobilsozlik, neft va gaz kimyo sanoati, neft-gaz va temir yo’l mashinasozligi, zamonaviy qurilish materiallari, maishiy elektronika ishlab chiqarishi, farmatsevtika, zamonaviy oziq-ovqat va to’qimachilik sanoati singari yangi tarmoqlar barpo etildi”, deb yozadi Day.az.
Qishloq xo’jaligi sohasida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar shakllandi. Fermerlik harakatini rivojlantirish uchun keng yo’l ochilgan. Bugungi kunda mamlakatdagi barcha qishloq xo’jalik mahsulotlarining 90 - 92 foizi fermerlik xo’jaliklari tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
O’zbekiston aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojining katta qismi import hisobidan qondirilgan 1990 -yilga taqqoslaganda bugungi kunga kelib zarur mahsulotlarning 96 foizini ichki ishlab chiqarish ta’minlamoqda.
Shu bilan birga, deb yozadi Day.az, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi 56 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Bu sohada ish bilan band aholining 75-77 foizi mehnat qilmoqda.
Report.az elektron sahifasida e’lon qilingan boshqa bir maqolada ham O’zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar tufayli jamiyatning barqaror va izchil rivojlanishi, aholi turmush darajasining yuksalishi ta’minlanayotgani qayd etilgan. Unda har yili davlat byudjetining qariyb 60 foizi sog’liqni saqlash, ta’lim, kommunal xo’jaligi va aholining ijtimoiy himoyasi bilan bog’liq boshqa sohalarga yo’naltirilayotgani alohida ta’kidlangan. Aholining reproduktiv salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza etishga ajratilayotgan mablag’lar onalar o’limini ikki baravardan ziyodga, bolalar o’limini uch baravar kamaytirish imkonini berdi. Irsiy va tug’ma nuqsonli bolalar tug’ilishi ikki baravarga kamaydi.
O’zbekistonda mustaqillik yillari davomida o’rtacha umr ko’rish 7,5 yilga oshdi (66 yoshdan 73,5 yoshga) bunda ayollar o’rtasidagi o’rtacha umr kechirish 75 yoshni tashkil etmoqda.
Muayyan ijtimoiy sohaga davlat va jamiyat tomonidan katta e’tibor qaratilgan holda har bir yilga nom berilishi O’zbekistonda yaxshi an’anaga aylanib qolgani xususida ham atroflicha fikr yuritilgan. Muallif O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2015-yil mamlakatda “Keksalarni e’zozlash yili”, deb e’lon qilingani haqida to’xtalar ekan, keksalar, avvalambor, fashizm ustidan qozonilgan g’alaba va Vatanimizni qayta tiklashga munosib hissa qo’shgan 1941 – 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo’llab-quvvatlashni kuchaytirish, yoshi ulug’ insonlar, birinchi navbatda, yolg’iz qariyalar va nogironlarga ko’rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar ro’yxatining kengayganini ta’kidlaydi. “Qabul qilingan Davlat dasturi doirasida 2,25 trillion so’m miqdorida (229,6 million AQSh dollariga teng) mablag’ ajratilgan”, deb yozadi nashr.
“Interfaks-Ozarbayjon” axborot portali sahifasida yoritilgan maqolada esa davlatimiz tomonidan sog’lom va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida atroflicha fikr yuritilgan. Keyingi besh yil ichida 278 bolalar musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirildi, 523 ta sport inshooti va 100 dan ziyod suzish havzasi qurildi. Bugungi kunda ularda 2 million nafardan ziyod yosh, jumladan, 840 ming nafardan ortiq qiz sport bilan muntazam shug’ullanib kelmoqda.
Maqolada Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko’magida AQShning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” mavzusida o’tkazilgan tadqiqot natijalari ham o’quvchilar e’tiboriga havola etilgan. “Ushbu tadqiqotga ko’ra, O’zbekiston “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” reytingida 158 mamlakat orasida 44-o’rinni, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi davlatlari o’rtasida esa birinchi o’rinni egallagan”, deb yozadi “Interfaks-Ozarbayjon”.
Ozarbayjonning “Ethnoglobus” axborot agentligi ham mamlakatimiz aholisi o’rtasida sog’lom turmush tarzining yuksalib borayotgani mavzusiga murojaat qilgan. Agentlik tarqatgan maqolada qayd etilganidek, mamlakatimiz umumta’lim maktablari huzurida faoliyat ko’rsatayotgan fan to’garaklari va sport seksiyalarida 482,1 mingdan ziyod bolalar shug’ullanishdi. “Sog’lom turmush tarzini targ’ib etish maqsadida maktablar va mahallalarda 6,5 ming sport seksiyalari ishlab turibdi. Sportga jalb etilgan bolalarning umumiy miqdori 12,3 foizdan oshadi”.
“Jahon” AA, Boku