O’ZBEKISTON-POKISTON HAMKORLIGINI KENGAYTIRISH YO’LIDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Shu yilning 4-6-aprel kunlari O’zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi vakillari Pokistonning eng yirik agrar va sanoat markazi - Panjob provinsiyasi poytaxti Lahor shahrida bo’lishdi. Safar Pokiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o’zbek mahsulotlarini ushbu mamlakat bozoriga yetkazilishini faollashtirish maqsadida amalga oshirildi.
Lahor shahrida O’zbekiston diplomatlarini Panjob provinsiyasi bosh vaziri Shahboz Sharif qabul qildi. Muzokaralar chog’ida mezbonlar O’zbekistonning iqtisodiy va eksport salohiyati, Pokiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, jumladan, shu yilning mart oyida Islomobod shahrida O’zbekiston savdo uyining ochilgani va Pokiston zamini sharoitida sinovdan o’tkazilishi uchun qishloq xo’jalik texnikalari namunalari keltirilgani haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Sh.Sharif “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan Lahor-Toshkent-Lahor yo’nalishida aviaqatnovlarning qaytadan yo’lga qo’yilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Uning fikriga ko’ra, bu O’zbekiston-Pokiston munosabatlarini ayniqsa savdo va sayyohlik sohalarida chuqurlashtirish borasida muhim qadamdir.
Shu bilan birga, tomonlar Bosh vazir o’rinbosari U.Ro’ziqulov rahbarligidagi O’zbekiston delegatsiyasining Islomobodga hamda Pokiston qishloq xo’jaligi federal vazirining mamlakatimizga tashrifi yakunlarini muhokama qildilar. Panjob bosh vaziri provinsiyaning O’zbekiston bilan eng avvalo agrar sohadagi o’zaro manfaatli hamkorlikni yo’lga qo’yish foydadan xoli emasligini qayd etdi. Bundan tashqari, Panjobning yirik fermer xo’jaliklari va taniqli to’qimachilik kompaniyalari ham O’zbekistondan paxta xomashyosini sotib olish, shuningdek, ushbu mahsulotni yetishtirishning o’ziga xos tajribasini o’rganish masalalariga qiziqish bildirdilar.
Joriy yilning 5-aprel kuni Lahorning Allam Iqbol nomidagi xalqaro aeroportida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasining Toshkent-Lahor yo’nalishi bo’yicha birinchi qatnoviga bag’ishlangan tantanali marosim bo’lib o’tdi. Tadbirda Panjob provinsiyasi hukumati va Lahor shahar meriyasi mas’ul xodimlari, Pokistonning ijtimoiy-siyosiy doiralari va OAV vakillari hamda Allam Iqbol aeroporti rahbariyati qatnashdilar.
O’zbekiston tomonidan olib borilayotgan ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish borasidagi intilishlarining namoyishi bo’lgan mamlakatlarimiz o’rtasidagi to’g’ridan-to’g’ri aviaqatnovning qayta tiklanishi Pokistonning turli jamoatchilik doiralari va ommaviy axborot vositalarida ijobiy baholandi.
Mazkur marosim doirasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasining mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi. Tadbir qatnashchilariga O’zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarning borishi, mamlakatda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida O’zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi shaharlari diqqatga sazovor maskanlari haqidagi videofilm namoyish etildi. Alohida video taqdimotda kecha mehmonlari mamlakatimizda turizm sohasining rivojlanishi, zamonaviy mehmonxona majmualari imkoniyatlari hamda transport va xizmat ko’rsatish infratuzilmalari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo’ldilar.
“Jahon” AA, Islomobod