O‘zbekiston Prezidenti dunyo mamlakatlarini o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chaqirdi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida o‘z ishini boshlagan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zladi.
Sessiya raisi Annalena Berbok boshchiligida o‘tkazilayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo davlatlar yetakchilari – Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron hamda boshqa mamlakatlar rahbarlari qatnashmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida ishtirokchilarni BMT Bosh Assambleyasining yubiley anjumani –80-sessiyasi bilan samimiy qutladi. Mazkur yig‘ilish shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda o‘tayotgani, bu esa Tashkilot faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlayotganini qayd etdi.
– Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda, – dedi O‘zbekiston rahbari.
Prezidentimiz Bosh kotib Antoniu Guterrishning eng og‘ir va o‘tkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun BMTni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi. “BMT – 80” tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi, mamlakatimiz Kelajak uchun paktga qat’iy sodiqligini tasdiqladi.
O‘zbekiston yetakchisi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayoniga batafsil to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati olib borilmoqda.
– Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir, – dedi Prezident.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilgani ta’kidlandi. Bu, avvalo, ta’lim va ilm-fan sohasini o‘zgartirilayotgani, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etilayotgani, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilinayotgani, kichik biznes har tomonlama rivojlantirilayotgani va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratilayotgani tufaylidir.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, oliy ta’lim bilan qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. O‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda.
Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklif etildi.
Ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimini yaratish xususida so‘z yuritar ekan, mamlakatimiz yetakchisi BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkazilishini aytdi.
Gender siyosatiga to‘xtalib, davlatimiz rahbari mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning roli bundan buyon ham mustahkamlanishini ta’kidladi. Shu ma’noda, keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish muhimligi qayd etildi.
Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qat’iy intilishini tasdiqlab, Prezident O‘zbekiston 2030 yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz shunday dedi: «Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi».
So‘nggi yillarda mintaqamizda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘paygani ta’kidlandi. Qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etilmoqda, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylandi.
– Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida sub’ekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari BMT tuzilmalari bilan mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni, jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilishni taklif qildi.
Bundan tashqari, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.
Global va mintaqaviy xavfsizlik borasida fikr yuritar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtaldi. Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimligini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston ushbu mamlakatda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchi ekani qayd etildi.
Prezidentimiz Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
G‘azo sektoridagi tobora yomonlashib borayotgan gumanitar inqiroz haqida gapirar ekan, Prezidentimiz harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.
– Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz, – dedi u yuksak minbardan turib.
Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solayotganini qayd etib, Prezidentimiz bu muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishladi.
Xavfsizlik mavzusi davomida davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlarni qayd etdi. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklif etildi. Markaz muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Mamlakatimiz yetakchisi bugungi tahdidlarga to‘la dunyoda global transport tizimining zaifligi dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etishga chaqirdi.
O‘zbekiston Prezidenti tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga ham alohida to‘xtaldi. Qayd etilganidek, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozim.
– Biz Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiryapmiz. So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi, – dedi davlat rahbari.
Suv resurslarining taqchilligi muammosiga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz O‘zbekistonda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish rejalashtirilganini ta’kidladi. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish mo‘ljallanmoqda.
Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Prezidentimiz ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilishga chaqirdi.
Barchaning barqaror taraqqiyotini ta’minlash haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ekaniga e’tibor qaratdi. Shu ma’noda, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etildi.
– Yana bir ustuvor masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi ilgari surildi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekiston jamiyatda bag‘rikenglik siyosatini izchil amalga oshirar ekan, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini faol davom ettiradi. Yaqin oylarda mintaqa uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi. Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimoti Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekani, xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishga doim tayyorligini ta’kidladi.