O‘zbekiston Prezidenti Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga amaliy tashrifi dasturi doirasida 22-aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Ostona shahridagi “EXPO” xalqaro ko‘rgazmalar markazida tashkil etilgan Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasidagi milliy pavilonlarni borib ko‘rdi.
MES-2026 diqqat markazida ekologik siyosatga kompleks yondashuvni aks ettiruvchi sakkizta ustuvor yo‘nalish turibdi: iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini ta’minlash, tabiiy xavf-xatarlarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish, havo ifloslanishini kamaytirish va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik maqsadlarga erishish mexanizmlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, adolatli va inklyuziv “yashil” o‘tish, ekologik hamda raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish. Sammit kun tartibi barqaror rivojlanishning ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini ham qamrab olgan.
Tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlarning milliy pavilonlarida ularning ushbu yo‘nalishlardagi yutuqlari va kelgusi rejalari namoyish etilmoqda.
Interfaollik va multimedia elementlariga ega ko‘rgazma-taqdimot maydoni shaklida barpo etilgan O‘zbekiston paviloni mamlakatimizning ekologiya, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi sohalaridagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi. Shuningdek, ekspozitsiya O‘zbekistonning ekologiya sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini namoyon etadi.
Oliy martabali mehmonlarga ekologik taraqqiyotning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarni o‘z ichiga olgan ekspozitsiya taqdim etildi. “Chiqindisiz hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Biomeros” va “Ekologik ta’lim” kabi umummilliy loyihalar shular jumlasidan.
Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.