O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati binosida mamlakatimiz xavfsizligini mustahkamlash va milliy manfaatlarimizni himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, hukumat a’zolari, Davlat xavfsizlik xizmati shaxsiy tarkibi, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Videoselektor orqali tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, huquq-tartibоt idoralari rahbarlari kuzatib bordi.
Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqimizning osoyishtaligini ta’minlash maqsadida xavfsizlik tizimlari har tomonlama takomillashtirilmoqda, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati oshirib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tashkil etildi, uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. Shu yil 5 aprel kuni “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Yig‘ilishda tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijalari va galdagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Davlat xavfsizlik xizmatining boshqa davlat organlari va idoralari bilan tashqi va ichki tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorligini kuchaytirishga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Uzoq va yaqin mintaqalarda xalqaro terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilik faollashgan bugungi sharoitda mamlakatimiz xavfsizligini yanada mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgani va yot g‘oyalardan to‘g‘ri yo‘lga qaytgani uchun jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan ekstremistik tashkilotlarning sobiq a’zolari va tarafdorlarini normal hayotga qaytarishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish choralari belgilandi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlariga mazkur shaxslarning maishiy muammolarini hal qilish, ularni ishga joylashtirish va jamiyat hayotiga jalb qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, mamlakatimiz taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari xalqimizning ijtimoiy xavfsizligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Oziq-ovqat, energetika, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar xususida so‘z yuritilib, yo‘nalishlar aniq-ravshan ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobоtlari eshitildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining yangi hududi va yangi binosi, uning faoliyati, moddiy-texnik imkoniyatlari bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqotda bo‘ldi.
Shu yerda tahdidlarning oldini olish va bartaraf etish, davlat xavfsizligini ta’minlash jarayonida qo‘llaniladigan maxsus texnika va qurol-aslahalar namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifa ekanligini, har bir xizmatchi ushbu sharafli mas’uliyatni qalban his etib, har tomonlama yetuk va ogoh bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, muhim ko‘rsatmalar berdi.