Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili 2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

O‘simliklarni o‘rganish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda noyob botanik kolleksiyalarni saqlash sharoitlarini yaxshilash, o‘simlik dunyosini o‘rganish, saqlab qolish va undan barqaror foydalanish bo‘yicha ixtisoslashgan vazifalarni jadal hal etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining (keyingi o‘rinlarda – Institut deb yuritiladi) ilmiy faoliyatini yanada takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Institutni O‘zbekistonning tabiiy o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish sohasidagi yagona davlat ilmiy muassasa sifatida belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Institutning noyob ilmiy obyekti “Markaziy gerbariy” milliy ahamiyatga ega gerbariy deb tan olinsin va unga “O‘zbekiston milliy gerbariysi” (keyingi o‘rinlarda – Milliy gerbariy) nomi berilsin.

3. Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Milliy gerbariyning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Institut va Fanlar akademiyasi Milliy gerbariyni maxsus asbob-uskunalar bilan ta’minlash maqsadida ilmiy va kompyuter uskunalari, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar, sarflash materiallari, dasturiy ta’minotlar va texnik vositalarni xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari obyektlari realizatsiyasidan tushgan byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga o‘rnatilgan tartibda xarid qilsin.

5. Institut tarkibida:

noyob va endem o‘simlik turlari bo‘yicha maqsadli ilmiy-tadqiqotlarni olib borish va O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi nashrlarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash vazifalari yuklatilgan noyob o‘simliklar turlari kadastri va monitoringi laboratoriyasi;

O‘zbekiston tabiiy florasining taksonomik xilma-xilligini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha tizimli tadqiqotlar olib borish, o‘simliklarning invaziv turlari tarkibini va geografik tarqalishini belgilash, alohida ahamiyatga ega botanik xududlarni aniqlash hamda o‘simliklar dunyosining zamonaviy nomenklaturasi va filogenetik tizimi asosida “O‘zbekiston florasi”ning yangi nashrlarini tayyorlash vazifalari yuklatilgan O‘zbekiston florasi laboratoriyasi;

Institutning ilmiy-tadqiqot va o‘quv-amaliy faoliyatidagi yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek, keng jamoatchilikni O‘zbekistonning o‘ziga xos o‘simliklari xilma-xilligi bilan tanishtirish maqsadida Botanika muzeyi tashkil etilsin.

6. Fanlar akademiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining Fanlar akademiyasini O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash va chop etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, chop etish va yuritish tartibini tasdiqlasin.

7. Ilmiy bo‘linmalarning yaxlitligini saqlab qolish va ilmiy-tadqiqot faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

Institutning g‘o‘za sistematikasi va introduksiyasi laboratoriyasi,

“G‘o‘za genofondi” noyob ilmiy obyekti va issiqxona kompleksi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutiga;

Institutning anatomiya va sitoembriologiya, daraxt va o‘t o‘simliklari introduksiyasi, shuningdek, dorivor o‘simliklar laboratoriyalari akademik F.N.Rusanov nomidagi Botanika bog‘iga o‘tkazilsin.

8. 2018-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish va saqlab qolish sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarini rivojlantirish, shuningdek, salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligining Institut, Milliy gerbariy va Botanika muzeyini joylashtirish uchun yangi zamonaviy binoni (keyingi o‘rinlarda – obyekt) akademik F.N.Rusanov nomidagi Botanika bog‘i hududida qurish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

10. Quyidagilar:

a) obyekt bo‘yicha:

“Inkom kapital qurilish” injiniring kompaniyasi – buyurtmachi etib;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tanlov (tender) savdolari yakunlari bo‘yicha aniqlangan tashkilotlar – bosh loyihachi va bosh pudratchi etib;

b) har yili tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga ajratiladigan kapital qo‘yilmalar limitlari –

loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va obyektga doir qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish manbai etib belgilansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2021-2023 yillar uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan obyekt bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini o‘tkazish uchun kapital qo‘yilmalarning tegishli limitlarini nazarda tutsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlardagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan Institutning hamkorligini kengaytirish choralarini ko‘rsin, shuningdek, Institut negizida o‘simliklarning molekulyar filogeniyasi, biogeografiyasi, xemotaksonomiyasi va o‘simliklar olamining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil qilish uchun grant mablag‘lari jalb etilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu bandda nazarda tutilgan qo‘shma ilmiy laboratoriyalarni tashkil etishda Institutning ishchilari va ilmiy xodimlari umumiy cheklangan sonini ko‘paytirish huquqi berilsin.

13. Belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha Institut tomonidan olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ilmiy va kompyuter uskunalari, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar, sarflash materiallari, dasturiy ta’minotlar va texnik vositalar 2021 yil 1 iyulgacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3256-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

15. Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining raisi S.R.Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti B.S.Yo‘ldoshev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

UzA