Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING XORIJGA CHIQISH TARTIBINI TAKOMILLASHTIRISHGA DOIR MUHIM CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING XORIJGA CHIQISH TARTIBINI TAKOMILLASHTIRISHGA DOIR MUHIM CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi hududida zamonaviy innovatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda tayyorlangan biometrik pasport tizimini joriy qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini shunday hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tavsiyalari va boshqa xalqaro standartlarga mos keladigan biometrik hujjat bilan ta’minlash imkonini berdi.

2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi IKAOning tegishli axborot resursiga qo‘shildi va bu mamlakatimizning vakolatli organlariga davlat chegarasidan o‘tish punktlarida xorijiy davlatlarning biometrik hujjatlari haqiqiyligini avtomatik tarzda tekshirish imkoniyatini yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasining biometrik pasport tizimi mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining samaradorligi va tezkorligini oshirib, davlat chegarasidan o‘tishda fuqarolar shaxsini identifikatsiya qilish tartib-taomillarini soddalashtirdi, “Elektron hukumat” tizimi faoliyati doirasida interfaol davlat xizmatlarini ko‘rsatishga xizmat qiladigan jismoniy shaxslarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishni ta’minladi.

Shu bilan birga, ayni paytda fuqarolarimiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo ayrim mamlakatlardan tashqari, dunyoning barcha davlatlariga chiqishi uchun biometrik pasport bilan birgalikda ruxsat yozuvi qayd etilgan ikki yillik stikerni rasmiylashtirishi zarur. Ushbu stiker O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining erkin harakat qilishiga xalaqit berayotgan muayyan omil hisoblanadi.

Bu boradagi xalqaro tajribani o‘rganish shundan dalolat beradiki, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlarida ichki va tashqi foydalanish uchun mo‘ljallangan ikki turdagi hujjat qo‘llanilmoqda. Bunda xorijga chiqish uchun asosan elektron axborot manbaiga ega kitobcha shaklidagi pasportdan foydalanilmoqda va ruxsat beruvchi boshqa milliy hujjatlar rasmiylashtirilmaydi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, xorijga chiqish tartibini yanada takomillashtirish, aholiga qulay sharoitlar yaratish, xorijga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiya holatlarining oldini olish, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytirish, fuqarolarning davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarida pasport nazoratidan o‘tish tartib-taomillarini tubdan soddalashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2019-yilning 1-yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki,

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasining shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalaniladi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi mumkin;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda, undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagunga qadar O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi mumkin;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lish va ushbu davlatlar o‘rtasida harakatlanishda pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan boshqa davlatlarda bo‘lish va harakatlanish uchun pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarga kirish uchun haqiqiy hisoblanmaydi. Fuqarolarning qayd etilgan ushbu toifasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarga kirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirishni so‘rab, o‘rnatilgan tartibda murojaat qilishi kerak;

fuqarolarni qabul qilish, ma’lumotlar to‘plash va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini olish bo‘yicha elektron arizasini rasmiylashtirish va keyinchalik personallashtirilgan hujjatni berish ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini personallashtirishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi amalga oshiradi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) 2017-yilning 1-dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti Davlat standartini tasdiqlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A.Azizov) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Tashqi ishlar, Mudofaa, Xalq ta’limi vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar mazkur Farmon talablarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida yangi tahrirdagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi (S.Xudoyqulov) Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining buyurtmalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti bukletini tasdiqlangan Davlat standartiga muvofiq o‘z vaqtida tayyorlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi (N.To‘raxo‘jayev) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa, Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Milliy xavfsizlik xizmati bilan birgalikda:

amaldagi biometrik pasport tizimi bazasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini muomalaga kiritishga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar kompleksi o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlasin;

2018-yilning 1-dekabrigacha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini ishlab chiqish va joriy etilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (B.Xo‘jayev) va Iqtisodiyot vazirligi (G.Saidova) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va boshqa aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-oktabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy qilishga qaratilgan ishlarni moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun kiritsin.

9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (B.Alixonov) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz aholisi o‘rtasida ushbu Farmon qoidalarini keng yoritish bo‘yicha maqolalar e’lon qilinishi va mavzuga oid ko‘rsatuvlar efirga uzatilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (A.Komilov) muomalaga kiritilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportining amal qilish muddati haqida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va xorijiy mamlakatlar hukumatlarini o‘rnatilgan tartibda xabardor qilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi (R.Eminjonov) 2019-yilning 1-yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mazkur Farmon talablariga muvofiq xorijga chiqishini o‘rnatilgan tartibda nazorat qilishni ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A.Azizov) Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining me’yoriy-huquqiy hujjatlari va tegishli xalqaro shartnomalariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

13. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 16-avgust
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017-yil 16-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi
fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga
doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga

SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 16-avgustda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjatda 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini bekor qilish va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur me’yoriy hujjatni qabul qilishdan maqsad aholi uchun qulay sharoit yaratish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini soddalashtirish, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytirish, uni tayyorlash muddatini qisqartirish, fuqarolarning davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida pasport nazoratidan o‘tishini imkon qadar soddalashtirish, shuningdek, chet elga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiya holatlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratayotgan omillarni bartaraf etishdan iborat.

Farmon loyihasini tayyorlash davomida mutaxassislarimiz xorijga chiqish uchun pasportlardan foydalanish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rgandi. O‘rganish natijalari shundan dalolat beradiki, jahonning deyarli barcha davlatlarida ichki va tashqi foydalanish uchun mo‘ljallangan ikki turdagi hujjatdan foydalanilmoqda. Chet elga chiqishda kitob bukleti ko‘rinishidagi pasport unga ruxsat beradigan hech qanday qo‘shimcha yozuvlar kiritilmasdan, majburiy tartibda qo‘llanilmoqda.

Farmonda dastlabki bosqichda, ya’ni 2019-yilning 1-yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi bilan viza rejimi o‘rnatilgan davlatlarga chiqishni rejalashtirayotgan mamlakatimiz fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport beriladi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 1-yanvarigacha vizasiz rejim o‘rnatilgan mamlakatlarga (Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Gruziya) 2011-yilgi namunadagi amaldagi biometrik pasport bilan chiqishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining xorijda bo‘lib turgan fuqarolari 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportdan uning amal qilish muddati tugaguniga qadar foydalanishi mumkin. Yana shuni ta’kidlash kerakki, xorijga chiqish uchun biometrik pasport amaliyotga kiritilgunicha fuqarolar viza rejimi o‘rnatilgan davlatlarga 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportda amaldagi ruxsat yozuvi stikeri mavjud bo‘lganda shu pasport bilan chiqishi mumkin.

Ushbu farmonga muvofiq:

Fuqarolarni qabul qilish va xorijga chiqish uchun pasport olish hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, mamlakatimizdan tashqarida esa O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi muassasalari amalga oshiradi;

hujjatlarni personallashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, blankalarni tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi zimmasiga yuklanmoqda;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2018-yilning 1-dekabrigacha zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish orqali va aholiga maksimal interfaol xizmatlar ko‘rsatgan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etishga qaratilgan tashkiliy-texnik ishlarni amalga oshirish vazifasi topshirildi.

Pasport berish va xorijga chiqishni tartibga soladigan zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2017-yilning 1-dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining yangi dizayndagi 48 sahifali xorijga chiqish uchun biometrik pasportining Davlat standartini tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu farmon talablari ijrosini ta’minlash uchun Davlat personallashtirish markazi, Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida yangi tahrirdagi nizom loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun o‘rnatilgan tartibda taqdim etadi.

Nizomda quyidagilar ko‘zda tutiladi:

– O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasi shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va undan respublika hududida umumfuqarolik hujjati sifatida foydalaniladi;

– zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishi inobatga olinib, xorijga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish muddati 15 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartiriladi;

– xalqaro tajribaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportining amal qilish muddati voyaga yetmagan shaxslar uchun 5-yilgacha, 16 yoshdan katta shaxslar uchun 10-yilni tashkil qiladi;

– aholiga elektron ariza taqdim etish, elektron navbat, davlat bojini elektron to‘lov tizimi orqali to‘lash kabi interfaol xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, hujjatning tayyorligini tekshirish bo‘yicha maxsus xizmatlardan foydalangan holda hujjatni berish tartibi belgilanadi;

– Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar va tuman bo‘linmalarining vazifalari kengaytiriladi va shu munosabat bilan fuqarolar xorijga chiqish uchun pasport olish bo‘yicha arizani Ichki ishlar vazirligining doimiy yashash joyidagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar/tuman bo‘linmalariga taqdim etishi mumkin. Ayni paytda ushbu vazifalar Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish viloyat boshqarmalari zimmasiga yuklatilgan;

– hujjatlarni qabul qilish jarayonida “Elektron hukumat” tizimi imkoniyatlari orqali kerakli barcha ma’lumotnomalarni olishni o‘zida mujassam etgan “yagona oyna” tizimidan foydalaniladi;

– joriy etilayotgan pasportning tannarxi va biometrik pasport tizimiga texnik xizmat ko‘rsatish zarurligidan kelib chiqqan holda, aholiga ushbu hujjatlarni berish bo‘yicha davlat bojining tegishli miqdori belgilanadi.

Qabul qilingan ushbu farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2019-yilning 1-yanvaridan xorijga chiqishi uchun muomalaga kiritilayotgan biometrik pasporti va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportining amal qilish muddati haqida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va xorijiy davlat hukumatlarini o‘rnatilgan tartibda xabardor qilish topshirildi.

O’zA