Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING TO‘RTINCHI YALPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING TO‘RTINCHI YALPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

2015-yil 4-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Yalpi majlisning ikkinchi kunini senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar.

2014-yilda davlat hokimiyati tizimini yanada demokratlashtirishga qaratilgan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarni amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunlarga, bir qator boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Senatorlar Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatini tashkil etishda siyosiy partiyalar fraksiyalarining rolini oshirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning o‘ta muhimligini qayd etdilar. Xususan, qonunni ko‘rib chiqishda qonun ijodkorligi jarayonining har bir bosqichida fraksiyalar fikr-mulohazalarini olish, shuningdek, Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni fraksiyalar dastlabki tarzda muhokama etishi shartligi qonunchilik yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yildi. Muqobil qonun loyihalarini kiritish bo‘yicha muxolifat fraksiyasining huquqlari aniqlashtirildi va kengaytirildi.

Ushbu qonunda qonun ijodkorligi jarayonini yanada demokratlashtirishga, uning samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator normalar nazarda tutildi. Jumladan, qonun loyihalarining har tomonlama maromiga yetkazilishini tashkil etish, Oliy Majlis vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ko‘rib chiqish maqsadida parlament palatalari qo‘mitalarining huzurida davlat organlari, ilmiy va ta’lim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlarining tegishli sohalarda ish tajribasiga ega bo‘lgan vakillari orasidan ekspert guruhlarini tuzishning aniq tartibi belgilab qo‘yilmoqda. Sotsial va ijtimoiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarga taalluqli qonun loyihalarini muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini albatta taklif qilish nazarda tutilmoqda.

Ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga qaratilgan konstitutsiyaviy normalarni amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalari reglamentlari to‘g‘risidagi qonunlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning tegishli tarmoqlarida qonun hujjatlari, davlat dasturlari talablarining bajarilishi, qabul qilingan qonunlarning ijrosi bilan bog‘liq qonunosti hujjatlarini qabul qilishga doir ishlar to‘g‘risida Hukumatning yillik ma’ruzalarini, davlat boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish tartibi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Hukumatning mustaqilligini va ayni paytda javobgarligini yanada oshirishga qaratilgan, Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarni amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunda uning vakolatlari aniqroq belgilab berilmoqda, bu esa senatorlarning fikricha, ijro etuvchi hokimiyat tizimini, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini yanada demokratlashtirishga, ularning samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga bir qator o‘zgartishlar kiritildi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlarga va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan,Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari kengaytirildi. Endi uning zimmasiga xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov komissiyalarining faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlash funksiyalari yuklanmoqda, saylov tizimini yanada demokratlashtirishga qaratilgan boshqa qo‘shimchalar ham kiritildi.

Majlis davomida korporativ boshqaruv sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘rib chiqildi. 2015-yil 24-aprel kuni “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilinganligi munosabati bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, potensial investorlar uchun ularning ochiqligi va jalb etuvchanligini ta’minlash, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, mamlakatimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Qonun bilan davlat organlariga, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va boshqa tashkilotlarga, shuningdek, ularning mansabdor shaxslariga tadbirkorlik faoliyati subyektlarining vakolatiga taalluqli bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha ularga ko‘rsatmalar va boshqa farmoyishlar berish taqiqlanadi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Aksiyadorlik jamiyatini o‘rta muddatga va uzoq muddatga mo‘ljallangan istiqbol strategiyasini aniqlash, shuningdek, ijro etuvchi organ va kuzatuv kengashining mazkur strategiyani amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam eshitib borish bo‘yicha aksiyadorlar umumiy yig‘ilishlarining vakolatlari ancha kengaytirilmoqda.

Ushbu o‘zgartishlarga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlari ishlarini boshqarishda ishtirok etayotgan chet ellik menejerlarning vakolatlari kengaytirildi, aksiyadorlik jamiyatlaridagi chet ellik xodimlarning boshqaruv xodimi sifatida olgan daromadlarini soliqdan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan protsessual qonun hujjatlariga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, sud ishi tezkorligini, ochiqligini va sifatini, uning fuqarolar uchun qulayligini oshirish maqsadida Xo‘jalik protsessual kodeksiga, Byudjet kodeksiga va “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq tegishli sud tartib-taomillarini o‘tkazishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning turli shakllari, jumladan, ijro varaqasini sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida jo‘natish mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Veterinariya to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Majlisda ta’kidlanganidek, ushbu normativ-huquqiy hujjat mamlakatimizda veterinariya xizmatini yanada rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aniq mustahkamlab berdi.

Qonunda davlat veterinariya xizmati, profilaktika, diagnostika va davolash tadbirlari, veterinariya nazorati hamda hayvonlarning kasalga chalinishining, respublika hududiga boshqa davlatlardan ularning yuqumli kasalliklari olib kirilishining oldini olishga qaratilgan boshqa ishlarning samaradorligini ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining vakolatlari belgilab berildi.

Veterinariya tadbirlarini o‘tkazishda, bu sohadagi mavjud muammolarni hal qilishda davlat organlari va boshqa organlarga ko‘mak berishda hamda zarur yordam ko‘rsatishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar ishtirok etishining huquqiy mexanizmlari mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi hozirgi zamon talablari va standartlarini inobatga olgan holda veterinariya xizmatini yanada rivojlantirishga, davlat veterinariya nazorati samaradorligini oshirishga, aholi salomatligini, atrof-muhitni asrashning veterinariya-sanitariya muammolarini hal qilishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda ta’kidlanganidek, mazkur qonunning maqsadi dori vositalari aylanishi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan, aholini sifatli, xavfsiz dori vositalari, dori-darmonlar bilan ta’minlashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishdan iborat.

Ushbu vazifalarni samarali hal etish maqsadida qonunda hozirgi zamon talablari va standartlarini hisobga olib, farmokologik vositalarning, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning klinikadan oldingi tadqiqotlarini o‘tkazishning aniq huquqiy tartibi va shartlari belgilanmoqda. Dori vositalari, tibbiy buyumlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ularni qo‘llashga ruxsat berilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, saqlash, tashishga nisbatan qo‘yiladigan asosiy talablar, mamlakatimiz hududiga tibbiy preparatlarni olib kirish va mamlakat hududidan olib chiqish tartibi mustahkamlanmoqda. Aholini xavfsiz va samarali dori vositalari bilan ta’minlashning muhimligini hisobga olgan holda qonun farmakologik nazoratni amalga oshirishga qo‘yilgan talablarni, sog‘liqni saqlash muassasalarining ushbu sohadagi vakolatlarini, funksiyalarini belgilab bermoqda. Qonunda dorixonalarning huquqiy maqomi, ularning xodimlarini kasbga tayyorlash darajasiga qo‘yiladigan talablar belgilab berildi.

Mamlakatimizda qo‘llanilayotgan dori vositalaridan fuqarolarni keng xabardor qilish, farmatsevtika faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikalarning davlat reyestrini, shuningdek, retseptsiz beriladigan dori vositalarining ro‘yxatini hamda dori vositalari va boshqa tibbiy vositalar to‘g‘risidagi boshqa rasmiy axborotni joylashtirish talabi joriy etilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun fuqarolarning malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishdan iborat huquqlarini ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy jihatdan himoya qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylanadi.Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotini tingladilar.

Hisobot davrida qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan himoya qilinadigan manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni profilaktika qilish yuzasidan zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishga doir ko‘plab ishlar prokuratura organlari tomonidan bajarilganligi senatorlar tomonidan qayd etildi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qonun hujjatlari shak-shubhasiz ijro etilishini ta’minlashga, ular qabul qilayotgan normativ hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan chora-tadbirlar prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Prokuratura organlari qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash orqali huquqbuzarliklarni sodir etishning aniq sabablari va shartlarini aniqlashga, ularni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratdi.

Jinoyatga qarshi kurashishni tashkil etish sohasida profilaktika chora-tadbirlari samaradorligini, shuningdek, aholining huquqiy bilimlari, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish talablarining samaradorligini oshirishga muhim urg‘u berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24 iyulda qabul qilingan “Qonunchilik ijrosini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tarkibida Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi tashkil etilishi prokuratura organlari nazorat faoliyati kuchayishining muhim omiliga aylandi.

Hisobot davrida qonunlar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan 17 mingdan ortiq tekshiruv yakunlariga ko‘ra prokuratura organlari tomonidan 115228 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanildi, 87094 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Davlat organlarining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan 19578 ta hujjati ustidan arz qilindi. Natijada keyinchalik ushbu hujjatlar bekor qilindi yoki qonun hujjatlariga muvofiq holga keltirildi.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijro etilishi, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, buning uchun ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish bilan bog‘liq masalalar ham prokuratura organlarining diqqat markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-mayda qabul qilingan “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qoidalarini so‘zsiz ijro etishgaprokuratura organlari tomonidan alohida e’tibor qaratildi.

Majlisda ta’kidlanganidek, mazkur farmon, unga muvofiq qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni so‘nggi yillarda mazkur sohada qabul qilingan eng muhim normativ hujjatlar bo‘lib qolmoqda. Ushbu qonun hujjatlari tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes olib borishni tashkil etish, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq mazkur subyektlar faoliyatining deyarli barcha jihatlariga taalluqlidir.

Ushbu qonun hujjatlarining qoidalarini amalga oshirish maqsadida prokuratura organlari tomonidantadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining so‘zsiz ijro etilishiustidan nazoratni kuchaytirishga, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslari javobgarligining muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan kompleks, tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda hamda ro‘yobga chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-mayda qabul qilingan farmonini ijro etish maqsadida Bosh prokuratura huzurida fuqarolarning, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qiladigan elektron tizim yaratildi va samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tezligini ta’minlash maqsadida ushbu tizimga 34 ta idora, prokuratura organlarining viloyat va tuman bo‘linmalari ulandi. Har bir murojaatning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi on-layn rejimda nazorat qilinmoqda.

Bosh prokuraturaning Murojaatlarni kechayu kunduz qabul qiluvchi markazi tashkil etilganidan buyon (2015-yil 1-iyul) markaz telefonlariga 19 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi. Ular bo‘yicha prokuror tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi. Hisobot davrida prokuratura organlari tomonidan deyarli 16 ming nafar tadbirkorlik subyektining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ularga amaliy yordam ko‘rsatildi. Tadbirkorlarni himoya qilishga qaratilgan nazorat tadbirlari natijasida ularning foydasiga 13 milliard so‘m undirish to‘g‘risida sudlarga 764 ta ariza kiritildi, 6220 nafar tadbirkorning huquqlari tiklandi.

Muhokama chog‘ida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning mehnat, ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasidagi huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga doir taklif hamda tavsiyalar bildirildi.

Tadbirkorlar huquqlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni profilaktika qilish, keng jamoatchilikni jinoyatga qarshi kurashishga jalb qilish, mamlakatimizda qonuniylikni va huquq tartibotini ta’minlashga doir prokuratura tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirish tavsiya etildi.

Shuningdek, fuqarolarning, ayniqsa yoshlarning huquqiy madaniyatini, huquqiy ongini oshirish, qonuniylikni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni ta’minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bu sohadagi faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini tashkil etish ham muhim vazifadir.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqladilar.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Umuman olganda, Senat yalpi majlisining yakunlariga ko‘ra 15 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqildi. Senatorlarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-yilligi munosabati bilan mamlakatimiz parlamenti tomonidan qabul qilingan amnistiya to‘g‘risidagi hujjat, O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda 2016-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, 2016-yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi, Senat majlisi davomida ma’qullangan qonunlar demokratik ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini yanada demokratlashtirishning, iqtisodiyotni, sud-huquq tizimini erkinlashtirishning, mamlakatimiz xavfsizligini, barqaror rivojlanishini ta’minlashning, insonlar turmush darajasini va sifatini oshirishning muhim omiliga aylanadi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

O’zA