O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING UCHINCHI YALPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

2015-yil 6-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi ochildi.
Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, fuqarolik jamiyati institutlarining, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar.
Majlisni Oliy Majlis Senatining raisi N.Yo‘ldoshev ochdi va boshqardi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24-yilligini nishonlash arafasida bo‘lib o‘tayotganligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 17-iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda «Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!» deb nomlangan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy va axborot-tushuntirish tadbirlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bo‘lgan Mustaqillik kunini yuqori ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgandir. Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi jamoatchilikning Vatanimiz mustaqilligining betakror qadr-qimmatini, mustaqillik yillarida O‘zbekiston bosib o‘tgan mashaqqatli va shu bilan birga shonli yo‘lning, keng qamrovli islohotlarning, fuqarolarimizni yangi marralarni zabt etishga undaydigan ulug‘vor muvaffaqiyatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini chuqur anglab yetishida muhim omil bo‘ldi.
Oliy Majlis Senati yalpi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama etish chog‘ida senatorlar ta’kidlaganlaridek, ko‘rib chiqilayotgan qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Oliy Majlis Senatining 2015-yil 22-yanvarda o‘tkazilgan birinchi majlisidagi nutqida hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzalarida bayon etilgan vazifalarning ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan alohida muhim masala bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va uning asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun so‘nggi yillarda ushbu sohada ishlab chiqilgan o‘z ko‘lami va mazmuniga ko‘ra eng muhim normativ hujjatlardan biri hisoblanadi, bu esa xususiy sektor faoliyatini kuchaytirish hisobiga respublika iqtisodiyotining shiddat bilan rivojlanishiga kuchli turtki berishi shubhasizdir.
Qonun bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes yuritish tartibi, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlardan tortib to ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek, javobgarlikni erkinlashtirishga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxl qiladigan 40 dan ortiq qonun hujjatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Majlisda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq amaldagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan tuzatishlar xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyati yanada erkin rivojlanishining, tadbirkorlik subyektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish imkonini beradi. Qonun tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini ancha kuchaytiradi.
Jumladan, senatorlarning fikricha, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash tarzida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar jinoyat aniqlangandan keyin o‘ttiz kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan bo‘lsa, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalarni to‘lagan bo‘lsa, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligini nazarda tutuvchi norma o‘ta muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, qonunda noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganlik va savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy jazo tayinlanmasligi, buning o‘rniga ma’muriy yurisdiksiya qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda, bundan yirik jinoyatlar mustasno.
Senatorlarning fikricha, qonunda nazarda tutilganidek xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan barcha huquqbuzarliklar uchun, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi moddalarning Jinoyat kodeksining va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning alohida, mustaqil boblariga birlashtirilishi xususiy mulkni himoya qilishning kafolatlanishini kuchaytirishga, mansabdor shaxslarning ushbu sohadagi javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi.
Ta’kidlanganidek, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklarining faoliyatini to‘rt yilda ko‘pi bilan bir marta, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini uch yilda ko‘pi bilan bir marta tekshirish mumkinligi haqidagi tartibning belgilab qo‘yilishi tadbirkorlarni ularning xo‘jalik faoliyatiga asossiz aralashishdan himoya qilishga, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashadi.
«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan norma davlatimiz rahbarining farmonida belgilab berilgan vazifalarning yana bir timsoli bo‘ldi. Ushbu norma qonun hujjatlarida tadbirkorlik subyektlari uchun nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish tartibini takomillashtirishga qaratilgan. Qabul qilinayotgan qonunga muvofiq Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Imtiyozlar va preferensiyalarning yagona reyestri yaratilmoqda. Bu tadbirkorlarga sohadagi o‘zgarish va imtiyozlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish imkonini beradi.
Muhokama chog‘ida qayd etildiki, ma’muriy yoki jinoiy ish bo‘yicha tadbirkorlarning qayd etilmagan tovarlari davlat daromadiga aylantirilgan taqdirda Soliq kodeksida ko‘rsatilgan moliyaviy sanksiyalarning tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanmasligini nazarda tutuvchi norma ular mulkiy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishiga, tadbirkorlik, kichik biznesning jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashadi. Taklif etilayotgan norma tadbirkorlar moliyaviy holatining haddan tashqari yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Majlisda qayd etildiki, ana shu va boshqa yangiliklarning qonunlar darajasida mustahkamlab qo‘yilishi xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga, tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun huquqni muhofaza qilish, nazorat va boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi muqarrarligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar tomonidan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan «Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida so‘zga chiqqan senatorlar qayd etganlaridek, qonun investitsiya va pay fondlarini tuzish va ular faoliyatini tashkil etishning huquqiy mexanizmlarini yaratishga, respublikada jamoa tomonidan investitsiyalar kiritish tizimi yaratilishini rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘larini harakatga keltirishda, ularni turli iqtisodiy, investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirishda aholi va tadbirkorlik tuzilmalari uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Muhokama chog‘ida senatorlar ta’kidlaganlaridek, ushbu qonunning qabul qilinishi fond bozori tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida kapitalning erkin o‘tkazilishini ta’minlash kabi vazifalarning samaraliroq bajarilishiga, investorlar, tadbirkorlar va aholining keng qatlamlariga kapital bozoridan erkin foydalanish imkoniyatini berishga, fond mablag‘larini samarali boshqarishga, fuqarolarning omonatlarini shakllantirish va ularni ko‘paytirishning muqobil imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturini ijro etish maqsadida tayyorlangan «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi (yangi tahrirda) O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.
Majlisda ta’kidlanganidek, qonunda yangi qoidalar nazarda tutilgan bo‘lib, ular jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqaruv tizimining samaradorligini oshirishga, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini, davlat organlari, jamoat birlashmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu sohadagi vakolatlarini huquqiy tartibga solishga qaratilgan.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi aholini jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilishga, jismonan va har tomonlama yetuk yoshlarni shakllantirishga, ushbu soha mutaxassislarini tayyorlash tizimining samaradorligini oshirishga, zamonaviy va samarali sport infratuzilmasini shakllantirishga, yuqori klassdagi sportchilarni, shuningdek, sport zaxirasini tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga, sportning milliy turlarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
So‘ngra senatorlar «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlamentning quyi palatasiga kiritilgan «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlab o‘tilganidek, 1992-yilda qabul qilingan amaldagi «Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida»gi qonunning o‘rniga qabul qilinayotgan ushbu qonun zamonaviy talablarni inobatga olgan holda mamlakatimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirishga, kasalliklarning oldini olishning samarali tizimini yanada rivojlantirishga, aholi salomatligini saqlash va mustahkamlashga, sanitariya normalari va qoidalarini bajarishga qaratilgan. Shuningdek, qonunda hududlar, inshootlar, binolar, tashkilotlar, boshqa obyektlarni saqlash yuzasidan sanitariya-epidemiologik talablarni belgilashda fuqarolik jamiyati institutlari keng ishtirok etishining tashkiliy-huquqiy mexanizmlari nazarda tutilmoqda.
Senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi ushbu sohada ta’sirchan sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi tadbirlar uyushtirilishi va o‘tkazilishi, jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi uchun ijro etuvchi hokimiyat organlari va nazorat xizmatlarining javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi, deb qat’iy ishonch bildirdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.
Ushbu qonunni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar jinoyat qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning o‘ta muhimligini qayd etdilar. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar, shu jumladan, ozodlikni cheklash deb nomlangan yangi jazo chorasining joriy etilishi jinoiy jazolar tizimini yanada takomillashtirishga, erkinlashtirishga va insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘irishga qaratilgan.
Senatorlarning fikricha, ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar jazoning adolatlilik prinsipini to‘liqroq ro‘yobga chiqarishga, aybdor shaxslarni jamiyatdan keskin ajratmagan holda ularning qattiq pushaymon bo‘lishi va tuzalishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga, moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplashga, shuningdek, xalqaro standartlarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilishni davom ettirishga ko‘maklashadi.
Senatorlar, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga kiritilishi ushbu qonunda nazarda tutilgan, qabul qilingan qonunlarni, mamlakatimiz Prezidentining qarorlarini ro‘yobga chiqarish doirasida tayyorlangan hamda davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatida qonuniylikni, shuningdek, xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator boshqa o‘zgartish va qo‘shimchalarni, shu jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi, «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartishlarni ham ko‘rib chiqdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati