Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEV VA AFG‘ONISTON ISLOM RESPUBLIKASI PREZIDENTI MUHAMMAD ASHRAF G’ANINING QO‘SHMA BAYONOTI

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEV VA AFG‘ONISTON ISLOM RESPUBLIKASI PREZIDENTI MUHAMMAD ASHRAF G'ANINING QO‘SHMA BAYONOTI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 2017-yil 4-6-dekabr kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G’ani rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.

An’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonch muhitida o‘tgan muzokaralar davomida Davlat rahbarlari ikki tomonlama keng qamrovli hamkorlikning barcha jabhalari, shuningdek, Tomonlarni qiziqtirgan xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashdilar. Tomonlar muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan o‘z qarashlari yaqin va o‘xshash ekanligini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Prezidentlar muqaddam erishilgan kelishuvlar va imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qilib, so‘nggi paytda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotganini e’tirof etdilar. Shu munosabat bilan Davlat rahbarlari quyidagilar to‘g‘risida bayonot berdilar:

1. Tomonlar teng huquqlilik, ahil qo‘shnilik, o‘zaro manfaatdorlik va hurmat asosida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga o‘zaro intilgan holda, ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asoslarini, turli darajalarda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyoti va o‘zaro sheriklik aloqalarini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

2. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va chuqurlashtirish, mintaqaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish borasida olib borilayotgan siyosatni yuqori baholadi. Prezident Muhammad Ashraf G’ani hayotga faol tatbiq etilayotgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga yuqori baho berib, uni O‘zbekistonning yanada ravnaq topishi va farovonligini ta’minlashda muhim omil sifatida ta’rifladi. O‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ko‘p qirrali do‘stlik aloqalarini, umumiy xavfsizlik, savdo, tranzit va iqtisodiy taraqqiyotni mustahkamlash va kengaytirishda, xususan, O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni chuqurlashtirishda Prezident Muhammad Ashraf G’anining qarashlari va sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Ushbu e’tiborga loyiq sa’y-harakatlar natijasida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston mintaqa davlatlari mustaqillikka erishganidan keyingi eng yaqin o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantira boshladilar.

3. Davlat rahbarlari joriy yilda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligiga 25 yil to‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdilar va ushbu davr mobaynida ahil qo‘shnilik aloqalari rivojlanganini tasdiqladilar.

4. Tomonlar xalqaro maydondagi o‘zaro hamkorlik ikki mamlakat manfaatlariga mos kelishini tan olgan holda, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.

Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida mustahkamlangan maqsad va tamoyillar hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga rioya qilish asosida jahonda barqaror rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, global va mintaqaviy tahdidlarni bartaraf etishda ushbu tashkilot va uning institutlari rolini oshirish muhimligini tasdiqladilar.

5. Prezidentlar Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorligi tashkiloti doirasida samarali hamkorlik olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

6. Davlat rahbarlari xalqaro munosabatlarda barcha mojarolar, qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni faqatgina siyosiy muzokaralar va boshqa tinch vositalar orqali hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida mustahkamlangan asosiy xalqaro normalar va tamoyillarga qat’iy rioya qilgan holda hal etish mumkinligini yana bir bor ta’kidladilar.

7. Prezidentlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka tezroq erishish Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalarda xavfsizlikni ta’minlash va mustahkamlashning muhim omili hisoblanishiga yakdillik bilan ishonch bildirdilar. Ular Afg‘oniston Hukumati boshchiligidagi jarayon orqali Afg‘oniston Hukumati bilan «Tolibon» o‘rtasida tinchlik va milliy yarashuvga erishish uchun siyosiy yechim zarurligini ta’kidladilar. Ushbu maqsadda Davlat rahbarlari bardavom tinchlik va yarashuv uchun qulay muhitni yaratish yo‘lida mintaqaviy va xalqaro ko‘lamda samarali hamkorlikni amalga oshirish zarurligini qayd etdilar.

8. Davlat rahbarlari xalqaro terrorizm va xorijiy jangarilar, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalada bo‘lishi hamda mintaqaviy xavfsizlikka oid boshqa tahdidlar o‘sib borayotganidan chuqur tashvishda ekanliklarini bildirdilar. Shu munosabat bilan Davlat rahbarlari ushbu xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshirish, mintaqaviy murosa va global hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladilar. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston tomonining bu boradagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholashini va qo‘llab-quvvatlashini e’tirof etdi. Tomonlar Xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiyani tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo Bayonnoma imzolanishi bu yo‘nalishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar.

9. Prezidentlar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasidagi mavjud aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar. Shu munosabat bilan Tomonlar 2017-yilning yanvarida Kobul shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni amalga oshirishni davom ettirish orqali o‘zaro savdo hajmini yanada ko‘paytirish va uning nomenklaturasini kengaytirish muhimligini tasdiqladilar. Ushbu maqsadda Tomonlar Kobul va Mozori Sharif shaharlarida tashkil etilgan O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo uylari hamda Termiz shahrida tashkil etilgan «Termiz Cargo Centre» xalqaro logistika markazi imkoniyatlaridan keng foydalanish muhimligini qayd etdilar.

Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston tomoniga mamlakat iqtisodiyotining turli tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston tomoni bug‘doy, dori-darmon, elektr jihozlari, qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar, avtomobillar, tez yordam mashinalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, sanoat va oziq-ovqat mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga yetkazib berish hajmini yanada oshirishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar 2019-yilgacha o‘zaro tashqi savdo aylanmasi hajmini 1 mlrd. AQSh dollariga olib chiqish hamda keyingi yillarda uning barqaror o‘sishini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

10. Davlat rahbarlari 2016-yil dekabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy, transport va energetika bo‘yicha Qo‘shma komissiyaning ikkinchi majlisi yakunlarini ijobiy baholadilar. Ular oliy darajadagi kelishuvlarni o‘z vaqtida va so‘zsiz amalga oshirishni ta’minlashda, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo, tranzit, iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda Komissiyaning samarali mexanizm sifatidagi rolini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

11. Prezidentlar tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta’minlovchi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor ahamiyatini qayd etdilar.

Ushbu munosabat bilan Tomonlar Afg‘oniston hududida temir yo‘l va avtomobil yo‘llari qurilishini amalga oshirish hamda tranzit qatnovi va savdoni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro sa’y-harakatlarini yanada faollashtirishga kelishib oldilar. Xususan, ikki tomonlama samarali hamkorlik va o‘zaro manfaatli tajribaga asoslangan holda, Tomonlar Afg‘onistonda transport infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan quyidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar:

- «Transafg‘on transport yo‘lagi» doirasida rejalashtirigan «Mozori Sharif – Hirot» temir yo‘l liniyasini barpo etish;

- O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidan Afg‘onistonning Puli-Xumri shahrigacha quvvati 500 kV bo‘lgan «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini barpo etish;

- Kobul halqa yo‘li, «Qaysar-Laman» yo‘li, «Salang» tunnelini qayta ta’mirlash va boshqalar.

Prezidentlar ikki mamlakatning tegishli tashkilotlari o‘rtasida «Termiz-Hayraton» ko‘prigi bo‘yicha hamkorlik bitimlari imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

12. Tomonlar mintaqaviy aloqalarni, ishbilarmon doiralar hamda xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim tamal toshi hisoblanadigan «Kobul-Toshkent» to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

13. Tomonlar ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, qardoshlik va hamkorlikni saqlash va mustahkamlashda o‘zlarining tarixiy mas’uliyatini anglagan holda, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, san’at, sport va boshqa sohalarda ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.

14. Afg‘oniston tomoni mamlakatning muhim sanoat tarmoqlari va turli sohalarida kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasida O‘zbekiston tomoni ko‘rsatayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

15. Tomonlar Termiz shahrida Afg‘oniston Konsulligining ochilishi nafaqat ikki mamlakat, balki boshqa davlatlar fuqarolarining, xususan, savdo-iqtisodiy faoliyatga jalb etilgan shaxslarning konsullik va huquqiy masalalarini tezkor ravishda hal etish orqali ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdilar.

16. Prezidentlar bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar, shuningdek, tashrif davomida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida tenglik va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan an’anaviy do‘stona va ahil qo‘shnilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

17. Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G’ani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va O‘zbekiston xalqiga Afg‘oniston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda rasmiy tashrif bilan Afg‘oniston Islom Respublikasida bo‘lishni taklif qildi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.

2017-yil 5-dekabr, Toshkent

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Muhammad Ashraf G’ani

www.mfa.uz