Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI TASHKIL ETILGANINING 24-YILLIGI MUNOSABATI BILAN VATAN HIMOYACHILARIGA BAYRAM TABRIGI

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI TASHKIL ETILGANINING 24-YILLIGI MUNOSABATI BILAN VATAN HIMOYACHILARIGA BAYRAM TABRIGI

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, qadrli yurtdoshlar!

Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 24-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Biz chorak asr mobaynida bosib o‘tgan murakkab yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, o‘z vaqtida qabul qilingan va chuqur o‘ylangan islohotlar dasturini amalga oshirish natijasida O‘zbekiston bugungi kunda professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan, yaxshi ta’minlangan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mamlakatimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni samarali ado etish, fuqarolarimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Mamlakatimizning zamonaviy Qurolli Kuchlarini tashkil etishda harbiy qurilish sohasiga prinsipial jihatdan yangicha yondashuvning ishlab chiqilgani ko‘p jihatdan hal qiluvchi omil bo‘ldi. Bu yondashuv eski, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan, bir qolipdagi qarorlardan butunlay voz kechish, ehtimol tutilgan harbiy harakatlar teatri hamda yaqin va uzoq yon-atrofimizda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlarini har tomonlama hisobga olish, shuningdek, xorijiy davlatlarning tajriba va yutuqlarini amaliy jihatdan puxta o‘zlashtirishga asoslanganini ta’kidlash lozim.

Bugun biz, milliy armiyamiz tarixiy va milliy an’analarimizni saqlagan holda, harbiy qurilish va harbiy san’at sohasida dunyodagi eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirib, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlashning ishonchli kafolatiga aylandi, deb g‘urur bilan ayta olamiz. O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tayanchi va suyanchi bo‘lgan zamonaviy harbiy xizmatchilar timsolida biz avvalambor chuqur bilim va intellektual salohiyatga, o‘z muqaddas harbiy burchini bajarish yo‘lida qat’iy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega bo‘lgan, ona yurtimizga sadoqatli, mard va fidoyi insonlarni ko‘ramiz va ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Qadrli do‘stlar!

Biz yashayotgan bugungi zamon hech qachon bir joyda to‘xtab turmasligini barchamiz o‘zimizga doimo yaxshi tasavvur qilganmiz va tasavvur qilamiz. Hozirgi kunda jahon miqyosida vaziyat qanday tez o‘zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol tobora keskin tus olayotgani, turli qarama-qarshiliklar, mojaro va qon to‘kishlar kuchayib, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi ortib borayotgani, yaqin yon-atrofimizda davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar bizda chuqur tashvish va xavotir tuyg‘usini uyg‘otmasdan qolmaydi, albatta.

Yuzaga kelayotgan ana shunday murakkab va oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat barchamizdan yuqori darajadagi ogohlikni saqlash va doimiy tayyorgarlik holatida bo‘lishni, milliy armiyamizni yanada isloh etishga qaratilgan e’tiborni kuchaytirishni, uni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi samarasini oshirishni, bir so‘z bilan aytganda, Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va jangovar qobiliyatini har tomonlama mustahkamlashni talab etadi.

Shu munosabat bilan bugungi kunda quyidagi vazifalarni amalga oshirish o‘ta muhim ahamiyatga ega deb hisoblayman:

Birinchidan, vujudga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyatni, zamonaviy harbiy san’at sohasidagi yutuqlar va harbiy qurilish borasida to‘plagan tajribamizni, shuningdek, yuz berishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar teatrining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, milliy armiyamizning tashkiliy tuzilishi va jangovar tarkibini, qo‘shinlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish lozim.

O‘zbekistonga qo‘shni mintaqalarda vaziyat doimiy ravishda o‘zgarib, tahdidlar kuchayib borayotgan, mamlakatimiz hududiga turli bosqinchi to‘dalar va qo‘poruvchi guruhlarning suqilib kirish ehtimoli istisno etilmayotgan bir sharoitda harbiy tuzilmalarni, birinchi navbatda, xavf-xatar yuqori bo‘lgan operatsion yo‘nalishlarda yanada mustahkamlash va safarbar etishga ustuvor ahamiyat berish zarur.

Ayniqsa, o‘tkazilayotgan jangovar mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratish va ushbu yo‘nalishdagi prinsip va yondashuvlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish, mashg‘ulotlarni har qaysi hudud va mintaqadagi mavjud real sharoitga eng yuqori darajada yaqinlashtirish, ehtimol tutilgan dushmanning amalga oshirishi mumkin bo‘lgan harakatlari xususiyatlarini aniqlash, qo‘mondonlik tarkibi va shtablarni vaziyatni har tomonlama baholash va asoslangan qarorlar qabul qilishga o‘rgatish o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, qo‘shinlarni tezlik bilan bir joydan boshqa joyga ko‘chirish masalalarini amaliy mashg‘ulotlarda sinovdan o‘tkazish, har qaysi harbiy xizmatchining qurol-yarog‘ va texnikani ishonchli ravishda ishlata olishi, jismoniy va ma’naviy-ruhiy jihatdan o‘ta og‘ir va murakkab vaziyatlarda ham mustahkam iroda va matonat ko‘rsatib, o‘z vazifasini sog‘-omon ado etishi uchun ularning individual malakasini muntazam ravishda oshirib borish zarur.

Ana shu maqsadlarga erishishda poligonlarning to‘laqonli faoliyat yuritishini va ulardan keng foydalanishni ta’minlash, buning uchun ularning infratuzilma va o‘quv moddiy-texnik bazasini har tomonlama rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish darkor.

Ikkinchidan, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati, ularning harakatchanligi va tezkorligini yanada oshirishga, maxsus operatsiyalar uchun mo‘ljallangan kuchlar, vertolyotlar va qo‘shimcha ravishda jalb etilgan boshqa texnikalardan foydalangan holda, dushmanning zaif nuqtalariga zudlik bilan shiddatli zarbalar berish malakasini puxta egallashga imkon beradigan qurol-yarog‘ va texnikalarning eng yangi turlari bilan qo‘shinlarni ta’minlash dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish zarur.

Uchinchidan, qo‘mondon va serjant kadrlar tarkibini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish masalalariga e’tiborni bir zum ham susaytirmaslik lozim. Bu borada harbiy xizmatchilarimizning o‘z professional, nazariy va amaliy bilimlarini uzluksiz oshirib borishi, xizmatni o‘tash va jangovar faoliyat davomida zarur bo‘ladigan tajriba va ko‘nikmalarni egallashi uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan Qurolli Kuchlar Akademiyasi, harbiy bilim yurtlari va serjantlar tayyorlash maktablarining o‘quv tizimini takomillashtirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish dolzarb ahamiyatga ega.

Shular qatorida milliy armiyamizning zamonaviy qurol-aslaha va texnika bilan bosqichma-bosqich ta’minlanishi, uning jangovar tarkibi va tuzilishidagi o‘zgarishlar, qurolli to‘qnashuvlarning o‘zgarib borayotgan xususiyatini hisobga olgan holda, mutaxassisliklar tarkibi, harbiy fanlarni o‘qitishning metod va texnologiyalari hamda o‘quv dasturlari ro‘yxatini doimiy tarzda yangilab, ularga aniqlik kiritib borish maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, harbiy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibining malakasini yanada oshirish, ularning chet tillarini egallashi, ta’lim jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirishi va o‘quv ishlariga eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda Qurolli Kuchlar Akademiyasi va mamlakatimizning shu yo‘nalishdagi boshqa ta’lim muassasalarida harbiy fanlarning eng zarur va dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha dars berish uchun xorijiy davlatlarning yetakchi harbiy ta’lim muassasalari va tadqiqot markazlari o‘qituvchilari, ekspert va mutaxassislarini keng jalb etish borasidagi ishlarimizni tizimli va izchil asosda kuchaytirishimiz kerak.

To‘rtinchidan, dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi zamonda, xalqimizning ma’naviy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlariga mutlaqo zid bo‘lgan, yot va buzg‘unchi g‘oyalarni jamiyatimiz hayotiga turli yo‘llar bilan singdirishga qaratilgan urinishlar kuchaygan, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongini egallash uchun keskin kurash ketayotgan bir sharoitda, harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatgacha bo‘lgan yoshdagi farzandlarimizni tarbiyalash va ularning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirish borasidagi ishlarning roli va o‘rni tobora ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan ta’lim muassasalari, harbiy va mehnat jamoalarida, mahallalarda yoshlarimiz qalbida Vatanga yuksak muhabbat, Qurolli Kuchlarimizdan g‘ururlanish va harbiy xizmatga chuqur hurmat tuyg‘ularini kamol toptirish maqsadida harbiy vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirish, hech shubhasiz, alohida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ana shunday uzoq muddatga mo‘ljallangan, dolzarb vazifalarni amalga oshirishda Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda boshqa jamoat tashkilotlari va tuzilmalar, madaniyat, san’at va sport sohalarining ko‘zga ko‘ringan namoyandalarining o‘rni va ta’siri beqiyos, albatta.

Bunday o‘ta muhim ishda rasmiyatchilik va yuzaki yondashuvlardan voz kechgan holda, ommaviy axborot vositalari va Internetning milliy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanish katta ahamiyatga egadir.

Beshinchidan, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turarjoy, maishiy va tibbiy xizmat bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlarini so‘zsiz bajarish zarur. Yurtimizda 2016-yilning “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan qabul qilingan hukumat qarorlari va davlat dasturlari doirasida harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq, kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari nufuzini yanada mustahkamlashning hal qiluvchi omili avvalo harbiy xizmatni o‘tash uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, harbiy xizmatchilar va ularni oilalarining ijtimoiy himoyasi va farovonligini ta’minlash bilan uzviy bog‘liqdir.

Hurmatli vatandoshlar!

Fursatdan foydalanib, bizning Harbiy doktrinamiz mudofaa xarakteriga ega ekanini, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlarimiz birinchi navbatda mamlakatimizning davlat suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga qaratilganini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaydigan davlat sifatida, har tomonlama chuqur o‘ylagan va to‘liq anglagan holda, o‘zi uchun prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan muhim yo‘lni tanlab oldi va shu yo‘lda qadam qo‘ydi. Ya’ni, mamlakatimiz tinchliksevar siyosat olib borish, harbiy-siyosiy ittifoq va koalitsiyalarga qo‘shilmaslik, o‘z hududida xorijiy harbiy baza va obyektlarni joylashtirmaslik, yurtimizdan tashqarida bo‘ladigan tinchlikparvarlik operatsiyalarida qatnashmaslik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq-ravshan belgilab oldi.

Bugungi bayram ayyomida, avvalambor, o‘zining sharafli, olijanob va mas’uliyatli burchini – Vatanni himoya qilishdek buyuk vazifani munosib ado etayotgan harbiy xizmatchilarning ota-onalariga chin qalbdan o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Yangi – 2016-yilda Qurolli Kuchlarimiz saflarida muqaddas burchini bajarib kelayotgan siz, mard va botir o‘g‘lonlarimizga – oddiy askar va serjantlarga, ofitser va generallarga Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish yo‘lida mustahkam sog‘liq, kuch-quvvat va katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga baxt va farovonlik tilayman.

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

O’zA