Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MA’MURIY ISLOHOTLAR KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MA'MURIY ISLOHOTLAR KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining maqsadlariga erishish davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (keyingi o‘rinlarda ijro etuvchi hokimiyat organlari deb yuritiladi) uyg‘un faoliyatini tashkil etishni talab qiladi.

Shu bilan birga, ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining zamonaviy talablarga javob bermaydigan institutsional asoslari va ular faoliyatining prinsiplari o‘tkazilayotgan islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga hamda qo‘yilgan maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qilmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani modernizatsiyalash, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish bo‘yicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi qator tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda, xususan:

birinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari hududlarni rivojlantirish sur’atlarini pasaytiruvchi, joylarda to‘planib qolgan muammolarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlamayapti;

ikkinchidan, ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xususiyatga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;

uchinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning amaldagi tizimi qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosiga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni ta’minlamayapti;

to‘rtinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholash mexanizmlari faqat holatlarni qayd etish va statistik ma’lumotlarni joriy to‘plashdan iborat bo‘lib, bu ko‘pchilik hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;

beshinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohasining aniq chegarasi, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo o‘zaro hamkorligining ta’sirchan mexanizmlari mavjud emas;

oltinchidan, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda;

ettinchidan, boshqaruv jarayoniga ishlarni rejalashtirish va tashkil etishning zamonaviy innovatsion uslublarini, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash va uning jarayonini tezkor kuzatib borish imkonini bermaydi, shuningdek, davlat boshqaruvida ortiqcha byurokratlashtirish va yuqori sarf-xarajatlarga sabab bo‘lmoqda;

sakkizinchidan, xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalari qo‘shib olib borilishi, yetarli darajada moslashuvchanlikka va bozorga yo‘naltirilganlikka ega bo‘lmagan eskirgan tarmoq boshqaruv tizimi, individual imtiyoz, preferensiya va afzalliklarning asossiz taqdim etilishi sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda;

to‘qqizinchidan, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning rivojlanmaganligi nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini cheklamoqda va oqibatda byudjet xarajatlarining kamayishini ta’minlamayapti;

o‘ninchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiq va shaffof emasligi, jamoatchilik nazoratining kuchsiz mexanizmlari haddan tashqari byurokratiya va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga olib kelmoqda;

o‘n birinchidan, ayrim rahbarlarda lozim darajada mas’uliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni va maqsadli ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy ta’sir qilmoqda.

Ko‘rsatib o‘tilgan tizimli muammolarni bartaraf etish, innovatsion rivojlanishning zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda “Yo‘l xaritasi” deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha ma’muriy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilansin:

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish:

ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarini tashkil etish va tugatishning aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy qilish;

ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va bo‘linmalarini optimallashtirish;

ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining biriktirilgan sohada davlat siyosati amalga oshirilishida mustaqilligini oshirish;

“Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish;

davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish;

ma’muriy adliya tizimini rivojlantirish;

b) quyidagilarni nazarda tutgan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohalarini aniqlashtirish, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish;

ijro etuvchi hokimiyat organlarining aniq vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni va javobgarlik sohalarini belgilash, ishonib topshirilgan tuzilma faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish;

davlat va hududiy rivojlanish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligini oshirish hamda rolini kuchaytirish;

maqsadli indikatorlarga erishishga va strategik rivojlanish dasturlarini amalga oshirish samaradorligiga asoslangan barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini, shu jumladan, vakillik hokimiyati organlari tomonidan ular hisobotlarini eshitish yo‘li bilan baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish;

“aqlli tartibga solish” modellarini va qabul qilinayotgan qarorlarning tartibga solish ta’sirini tahlil qilishning standartlashtirilgan uslubiyotini joriy etish;

ayrim davlat funksiyalarini jamoatchilik nazorati subyektlariga o‘tkazish yo‘li bilan tartibga solish vositalarini takomillashtirish;

ishni tashkil etishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy uslublarini (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing) joriy etish;

rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish jarayonida jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikning zamonaviy shakl va mexanizmlaridan keng foydalanish;

v) quyidagilarni nazarda tutgan holda, iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish:

eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, davlat va tijorat manfaatlari to‘qnashuvini bartaraf etishga qaratgan holda boshqaruv tizimini takomillashtirish;

iqtisodiy faoliyatda davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish;

ayrim davlat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etgan holda ularni xususiy sektorga o‘tkazish;

g) quyidagilarni nazarda tutgan holda, vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish:

davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish;

mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipining amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini va faoliyat samaradorligini oshirish;

d) quyidagilarni nazarda tutgan holda, davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish:

strategik rejalashtirish tizimini tashkil etish hamda davlat boshqaruvining innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan keng foydalanishga asoslangan zamonaviy shakllarini joriy etish;

ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish sohasini, shu jumladan, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda unga investitsiyalarni keng jalb etish;

ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish;

tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish;

e) quyidagilarni nazarda tutgan holda, professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish:

davlat xizmati, davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashning maxsus ta’lim yo‘nalishlarini tashkil etish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining munosib sharoitlarini yaratish;

ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish.

3. O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tarkibda;

Davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish yuzasidan tanqidiy o‘rganish o‘tkazish va takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda ishchi guruhlar deb yuritiladi) 4-ilovaga muvofiq tarkiblarda tashkil etilsin.

4. Komissiya (A.N.Aripov):

bir hafta muddatda Davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish yuzasidan tanqidiy o‘rganish o‘tkazish va takliflar tayyorlash jadvalini tasdiqlasin;

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari sifatli ishlab chiqilishi hamda belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish doirasida fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar vakillari va xorijiy ekspertlarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, seminarlar, "davra suhbatlari" va press-konferensiyalar tashkil qilsin;

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining o‘z vaqtida hamda sifatli tayyorlanishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring olib borilishini ta’minlasin;

har oyda Komissiyaga monitoring natijalari to‘g‘risida axborot kiritsin.

6. O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar va mavzuga oid ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.

7. O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi zarurat bo‘lganda, xorijiy (xalqaro) tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda davlat boshqaruvi sohasida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganishni tashkil etishda Komissiyaga, ishchi guruhlarga ko‘maklashsin.

8. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xizmatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, shuningdek, ishchi guruhlar rahbarlari mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardir.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari U.S.Ismoilov, O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti
Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 8-sentabr
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoniga

1-ilova

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MA’MURIY ISLOHOTLAR KONSEPSIYASI

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga (keyingi o‘rinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) muvofiq, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish va liberallashtirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishning muhim maqsadlari etib belgilandi.

Ushbu maqsadlarga erishishning muhim sharti amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarining to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlay oladigan, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish muammolarini o‘z vaqtida aniqlaydigan va samarali hal qiladigan davlat boshqaruvi tizimining aniq faoliyat ko‘rsatishi hisoblanadi.

Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonining tizimli tahlili va aholi bilan muloqot natijalari davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (keyingi o‘rinlarda ijro etuvchi hokimiyat organlari deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishda islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi jiddiy kamchiliklarning saqlanib qolayotganligidan dalolat bermoqda. Xususan:

ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari hududlarni rivojlantirish sur’atlarini pasaytiruvchi, joylarda to‘planib qolgan muammolarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlamayapti. Ijro etuvchi hokimiyat organlari (vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar, qo‘mitalar, markazlar, inspeksiyalar) huquqiy maqomining ayrim holatlarda aniq chegaralab qo‘yilmaganligi ularning davlat apparatidagi aniq o‘rni va rolini aniqlash imkonini bermayapti;

ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xarakterga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ularga xos bo‘lmagan funksiyalarning bajarilishi, shuningdek, sezilarli darajada kvazidavlat sektorning (xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari) mavjudligi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishiga olib kelmoqda;

ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning amaldagi tizimi qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni ta’minlamayapti. Davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan ko‘plab idoralararo kollegial organlarning (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar) mavjudligi ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifa va funksiyalarining o‘rnini egallashga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun javobgarlikning susayishiga olib kelmoqda;

ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholash mexanizmlari faqat holatlarni qayd etish va statistik ma’lumotlarni joriy to‘plashdan iborat bo‘lib, bu aksariyat hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;

ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohalarining aniq chegarasi, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo o‘zaro hamkorligining ta’sirchan mexanizmlari mavjud emas;

davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashtirilganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda;

boshqaruv jarayoniga ishlarni rejalashtirish va tashkil etishning zamonaviy innovatsion uslublarini, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash va uning jarayonini tezkor kuzatib borish imkonini bermaydi, shuningdek, davlat boshqaruvini ortiqcha byurokratlashtirish va uning yuqori sarf-xarajatlarining sababi hisoblanadi;

xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalari qo‘shib olib borilishi, yetarli darajada moslashuvchanlikka va bozorga yo‘naltirilganlikka ega bo‘lmagan, eskirgan tarmoq boshqaruv tizimi, individual imtiyoz, preferensiya va afzalliklarning asossiz taqdim etilishi sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda;

ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning rivojlanmaganligi nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini cheklaydi hamda oqibatda byudjet xarajatlarining kamayishini ta’minlamaydi;

ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiq va shaffof emasligi, jamoatchilik nazoratining kuchsiz mexanizmlari haddan tashqari byurokratiyaga va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga olib kelmoqda. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasi aholi va biznesning istak va talablariga javob bermayapti, davlat boshqaruvi tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish imkonini bermayapti;

ayrim rahbarlarda lozim darajada mas’uliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni va maqsadli ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy ta’sir qilmoqda. Davlat xizmatining unifikatsiyalangan huquqiy asoslari, davlat xizmatchilarining maqomini belgilovchi yagona normalar, ularning faoliyatini baholash mezonlari shakllantirilmaganligi davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish imkonini bermayapti;

ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini ijtimoiy-moddiy himoya qilishning past darajada ekanligi, yuklatilgan javobgarlik darajasining ular ijtimoiy-huquqiy holatiga muvofiq kelmasligi, mehnatga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minot jamg‘armasini shakllantirishning yagona prinsiplari mavjud emasligi malakali kadrlarning davlat xizmatidan chiqib ketishi hamda korrupsiyaviy holatlar, davlat tomonidan ajratilayotgan moliyaviy resurslarning adolatsiz va nomutanosib taqsimlanishi uchun sharoit yaratmoqda.

Davlat boshqaruvi tizimidagi mavjud kamchiliklar jamiyatning o‘sib borayotgan talablariga lozim darajada munosabat bildirish, joylarda to‘planib qolgan muammolarni hal qilish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, oqibatda esa odamlarning hayotida kutilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga erishishni ta’minlash imkonini bermaydi.

Shu munosabat bilan quyidagi asosiy yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali davlat boshqaruvining konseptual yangi modelini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi:

I. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

1. Ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarini tashkil etish va tugatishning ma’muriy apparat, byudjet yuklamasi asossiz oshishi va davlat boshqaruvini byurokratlashtirishning oldini olishga qaratilgan aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy etish.

2. Real ehtiyoj, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga salbiy ta’sirga yo‘l qo‘ymaslik, respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etish, shuningdek, kadrlar va moddiy resurslarning to‘g‘ri taqsimlanishini ta’minlashni hisobga olgan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va bo‘linmalarini optimallashtirish.

3. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tegishli departamentlari bilan o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish hisobiga biriktirilgan sohada davlat siyosati amalga oshirilishi uchun ularning mustaqilligi hamda javobgarligini oshirish.

4. Ma’muriy tartib-taomillarni optimallashtirish, boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, hududlar va butun mamlakatda yuzaga kelayotgan tahdid va muammolarga o‘z vaqtida hamda munosib ta’sir ko‘rsatish uchun axborot almashishning samarali tizimini shakllantirish maqsadida barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida “Elektron hukumat” tizimi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish.

5. Quyidagilar orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish:

“yagona darcha”, shu jumladan, idoraviy markazlar negizida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarini tashkil etish;

barcha davlat xizmatlarini tartibga solish, ularni yagona reyestrga kiritish;

davlat xizmatlari ko‘rsatishda ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan idoralararo hamkorlik orqali olish lozim bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarning ro‘yxatini belgilash va bosqichma-bosqich kengaytirish.

6. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning mansabdor shaxslarining qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilish tartibini takomillashtirish, nizolarni sudgacha hal qilish usuli sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etish orqali ma’muriy adliya tizimini rivojlantirish.

II. Ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohasini aniqlashtirish, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish.

1. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining aniq vazifalari (funksiyalari, vakolatlari) va javobgarlik sohasini belgilash, har bir vazifa va funksiyani amalga oshirish mexanizmlarini belgilaydigan, shu jumladan, axborot-tahliliy qo‘llab-quvvatlash, strategik rejalashtirish, loyiha boshqaruvi, tartibga solish funksiyalarini amalga oshirish, davlat xizmatlari ko‘rsatish masalalari bo‘yicha ma’muriy tartib-taomillar hamda reglamentlarni joriy etish.

2. Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali ishini tashkil etish va kuchlarini safarbar etish, shuningdek, tor idoraviy yondashuv holatlarining oldini olish imkonini beruvchi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni – Vazirlar Mahkamasi – respublika davlat boshqaruvi organlari – tarkibiy va hududiy bo‘linmalar – mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari” ta’sirchan tizimini joriy etish.

3. Tegishli vakolatlarni aniq davlat organlariga o‘tkazish va ularga qabul qilinayotgan qarorlarning natijasi uchun javobgarlikni yuklash orqali davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan idoralararo kollegial organlarni (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar) tubdan qisqartirish.

4. Hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va joylardagi dolzarb muammolarni kompleks hal etish zaruratini hisobga olgan holda, davlat va hududiy rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligini oshirish hamda rolini kuchaytirish.

5. Maqsadli indikatorlarga erishishga va strategik rivojlanish dasturlarini amalga oshirish samaradorligiga asoslangan barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini, shu jumladan, dasturiy byudjetlashtirish va vakillik hokimiyati organlari tomonidan ular hisobotlarini eshitish yo‘li bilan baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish.

6. Normativ-huquqiy hujjatlarni ularning ta’sirini lozim darajada baholamasdan qabul qilishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, kollizion normalar, ikki xil sharhlash, korrupsiya ko‘rinishlari va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlariga olib keluvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyotini bosqichma-bosqich bartaraf etishni nazarda tutuvchi “aqlli tartibga solish” modellarini va qabul qilinayotgan qarorlarning tartibga solish ta’sirini tahlil qilishning standartlashtirilgan uslubiyotini joriy etish.

7. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini mavjud muammolarning oqibatlariga qarshi kurashishga emas, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga yo‘naltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini jamoatchilik nazorati subyektlariga o‘tkazish va ortiqcha ma’muriy tartibga solishni kamaytirish orqali tartibga solish vositalarini takomillashtirish.

8. Ishni tashkil etishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy uslublarini (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing) joriy etish.

9. Rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish jarayoniga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni ta’minlaydigan jamoatchilik bilan hamkorlikning zamonaviy shakllarini (virtual qabulxonalar, “ishonch telefonlari”) keng joriy etish.

III. Iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish.

1. Eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, davlat va tijorat manfaatlari to‘qnashuvini bartaraf etishga qaratgan holda, boshqaruv tizimini takomillashtirish.

2. Xususiy sektor samarali faoliyat ko‘rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ekskluziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish.

3. Iqtisodiy faoliyatda, eng avvalo, davlat unitar korxonalarini tashkil etish va faoliyatini boshqarish, ishonchli boshqaruvchilar va davlatning ishonchli vakillari vakolatlarini, ularning iqtisodiy va boshqaruv samaradorligini oshirish, birinchi navbatda, davlat aktivlarini boshqarish tizimining moliyaviy shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni boshqarishning korporativ mexanizmlarini rivojlantirish sohalarida davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish.

4. Nazorat vakolatiga ega ijro etuvchi hokimiyat organlarini ("O‘zdavneftgazinspeksiya", "O‘zdavenergonazorat" va boshqalar) ularning nazorati ostidagi xo‘jalik boshqaruvi organlari (“O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zbekenergo” AJ va boshqalar) hisobidan moliyalashtirish amaliyotidan voz kechish.

5. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini (ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, kommunal xo‘jaligi, yo‘l-transport infratuzilmasi) hal qilishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini ta’minlashga hamda byudjet xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish.

6. Litsenziyalash, sertifikatlashtirish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish tartib-taomillari orqali davlat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etgan holda ularning ayrimlarini xususiy sektorga o‘tkazish. Ayni vaqtda davlat nazoratining ortiqcha ma’muriy choralarini (litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari), shu jumladan, ularni muqobil tartibga solish turlariga (javobgarlikni majburiy sug‘urtalash, muvofiqlikni deklaratsiyalash va boshqalar) almashtirish orqali qisqartirish.

IV. Vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish.

1. Respublika davlat boshqaruvi organlari vakolatlarini mahalliy davlat hokimiyati organlariga, viloyatdan tuman (shahar) davlat hokimiyati organlariga o‘tkazishni nazarda tutgan holda, davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish. Davlat boshqaruvining turli darajadagi o‘zaro funksiya va vakolatlarini, xususan, umumdavlat miqyosidagi strategik masalalarni respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida qoldirish, shuningdek, ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan vakolatlardan lozim darajada foydalanayotganligi ustidan nazorat qilishni aniq chegaralash.

2. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlarini, shu jumladan, mahalliy byudjetga soliq ajratmalarini ko‘paytirish hamda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlarining soliq solish bazasini kengaytirishdan manfaatdorligini kuchaytirish orqali kengaytirish.

3. Hokimning mahalliy hokimiyat vakillik organining rahbari sifatidagi maqomini unda ijro etuvchi hokimiyat rahbari maqomini saqlagan va xalq deputatlari Kengashlarining kotibiyatini tuzgan holda qayta ko‘rib chiqish orqali mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilining amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash.

4. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining, ayniqsa, xalq deputatlari Kengashlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo‘linmalari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha roli va mas’uliyatini oshirish.

5. Tegishli vakolatlarni hokimga bosqichma-bosqich o‘tkazish orqali hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kuchaytirish.

6. Kelgusida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va hokimlar faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga qaratilgan hokimlarni saylash tartibini joriy etish.

7. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini va faoliyat samaradorligini oshirish.

V. Davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish.

1. Mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirishning kelajakdagi modellarini shakllantirish imkonini beradigan strategik rejalashtirish tizimini yaratish.

2. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni ta’minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish.

3. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish sohasini, shu jumladan, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda unga investitsiyalarni keng jalb qilish, ularni yanada rivojlantirishni ta’minlaydigan normativ-huquqiy bazani shakllantirish.

4. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini, shu jumladan, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari va texnoparklarni tashkil etish orqali yaratish.

5. Tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llashni rivojlantirish, suvni tozalash hamda chuchuklashtirishning zamonaviy shakllarini kengaytirish, undan oqilona foydalanish orqali keng joriy etish.

VI. Professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish.

1. Davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish maqsadida davlat xizmatini tashkil etish, shu jumladan, huquqiy maqomi, davlat xizmatchilarining klassifikatsiyasi, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlari (tanlov asosida), kadrlar zaxirasini shakllantirish, xizmatni o‘tash, axloq normalariga rioya etilishini ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yagona davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan organni tashkil etish.

3. Davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashning va davlat xizmatchilari malakasini oshirishning maxsus ta’lim yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shaxsiy yutuq, bilim va kasb mahorati asosida ularning faoliyati samaradorligini baholashning zamonaviy uslublarini joriy etish.

4. Davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelish xavfi va mansab suiiste’molchiligini kamaytirish imkonini beradigan davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining zamonaviy tizimini yaratish.

5. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish, jamiyat va biznes bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ortiqcha ma’muriy sarf-xarajatlarga barham berish.

6. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va uslublarini joriy etish.

7. Ish vaqti va moddiy-ishlab chiqarish resurslaridan oqilona foydalanish hisobiga ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish.

VII. Ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishidan kutilayotgan natijalar.

1. Kutilayotgan islohotlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratish, shu jumladan, quyidagilar orqali:

ortiqcha va o‘ziga xos bo‘lmagan vazifa, funksiya va vakolatlarni bartaraf etish, takrorlash va parallelizmni tugatish hisobiga davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish hamda nomarkazlashtirish;

davlat boshqaruvini byurokratiyadan xoli qilish va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirish;

strategik rejalashtirish, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar tizimini joriy etish;

iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish hamda boshqaruvning sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va aholining ishchanlik faolligini oshirishga qaratilgan bozor mexanizmlarini kengaytirish;

jamoatchilik va parlament nazoratining, eng avvalo, korrupsiya ko‘rinishlarining oldini olishga qaratilgan samarali shakllarini joriy etish.

2. Fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirish, shu jumladan, quyidagilar orqali:

davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslar bilan huquqiy munosabatlarini aniq tartibga solishga qaratilgan ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish;

ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari va harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibini takomillashtirishni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi ma’muriy adliya tizimini rivojlantirish;

“Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini oshirish;

jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash.

Ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirishning pirovard natijasida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya hayotga to‘liq tatbiq etilishi lozim.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga

SHARH

Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi davlat boshqaruvining mutlaqo yangi va samarali faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni talab qiladi.

Shu munosabat bilan mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash va davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish uchun elektron portallar va ma’lumotlar bazalari yaratildi.

Xususan, ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziya olishni soddalashtirish uchun www.license.gov.uz, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni ta’minlash uchun birdarcha.uz veb-saytlari yaratildi. Davlat xizmatlarini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish natijasida tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olishning tartib-taomillari 4-martaga, ro‘yxatga olish uchun zarur vaqt esa 30 daqiqaga qadar qisqartirildi.

Shu bilan birga, so‘nggi yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning obyektiv tahlili, davlat boshqaruvi organlari faoliyati, aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot natijalari mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli hal etishga ehtiyoj vujudga kelganligini ko‘rsatdi.

Bu, birinchi navbatda, quyidagi holatlarga taalluqlidir:

– bir qator idoralarning vazifalari deklarativ xususiyatga egaligi va ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi;

– faqat holatlarni qayd etish va statistikani to‘plashdan iborat bo‘lib qolgan faoliyatni baholashning samarasiz tizimi va bu ko‘pchilik hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;

– hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib keluvchi davlat funksiyalarining haddan tashqari markazlashtirilganligi;

– byurokratlashtirish va yuqori sarf-xarajatlarga olib kelayotgan innovatsion rivojlanishning past darajasi;

– xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalari qo‘shib olib borilishi, sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi imtiyoz va preferensiyalarni tanlab taqdim etish amaliyoti;

– hududlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim rahbarlarda lozim darajada mas’uliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi.

Ushbu kamchiliklar iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani modernizatsiyalash, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish bo‘yicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Bu borada Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmon 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi hamda mohiyatiga ko‘ra O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishida yangi sahifani ochib beradi.

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta asosiy yo‘nalishi belgilab berildi.

Birinchi yo‘nalish ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga bag‘ishlangan. Mazkur sohadagi chora-tadbirlar quyidagilarni nazarda tutadi:

– ijro etuvchi hokimiyat organlarini tashkil etish va tugatishning aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy qilish;

– kadrlar va moddiy resurslardan oqilona foydalangan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlarini optimallashtirish;

– ijro etuvchi hokimiyat organlarining mustaqilligini oshirish hamda ularning Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish;

– davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini izchil takomillashtirish va “Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish;

– ma’muriy adliyani rivojlantirish va murojaatlarni kollegial eshitishni joriy qilish.

Ikkinchi yo‘nalish ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalarini, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohalarini aniqlashtirishni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan quyidagi masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi:

– rivojlanish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligi va rolini oshirish;

– maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan, barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning prinsipial yangi tizimini joriy qilish;

– xalqaro amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan, shu jumladan, sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing kabi ishni tashkil etishning zamonaviy uslublaridan foydalanish;

– rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilishda jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikning zamonaviy shakllarini joriy etish.

Uchinchi yo‘nalish iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirni qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda quyidagilar rejalashtirilmoqda:

– xususiy sektor samarali faoliyat ko‘rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishni cheklash va amaldagi davlat korxonalarini qayta tashkil etish;

– iqtisodiy faoliyatda davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;

– ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish;

– ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish.

To‘rtinchi yo‘nalishda, jumladan, quyidagilar orqali vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilgan:

– davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish;

– mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, ularning roli va javobgarligini oshirish;

– hududiy organlarning rahbar kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kuchaytirish.

Beshinchi yo‘nalish davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanma va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Mazkur chora-tadbirlar qatorida quyidagilarni ta’kidlash lozim:

– davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni ta’minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish;

– innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqishga investitsiyalarni faol jalb etish;

– zamonaviy ilmiy-tadqiqot va innovatsion yutuqlarni muvaffaqiyatli joriy qilish uchun zarur bo‘lgan rivojlangan infratuzilmani yaratish;

– tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish.

Va nihoyat, so‘nggi oltinchi yo‘nalishda professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini o‘rnatish belgilangan. Ularga erishish uchun quyidagilar rejalashtirilgan:

– davlat xizmatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi mexanizmlarini joriy etish;

– davlat xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining zamonaviy tizimini kiritish orqali ularning mehnat unumdorligini oshirish.

Bundan tashqari, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi normalarini amaliy ro‘yobga chiqarish bo‘yicha 40 dan ortiq aniq tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya hamda davlat boshqaruvi tizimini tanqidiy o‘rganish va uni tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etildi.

Komissiya ishchi guruhlar tomonidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini tashkil etadi, shuningdek, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi va “Yo‘l xaritasi”ning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat olib boradi.

Shu bilan bir qatorda, Komissiyaga davlat boshqaruvi tizimini tanqidiy o‘rganish va uni tubdan isloh qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash jadvalini tasdiqlash vazifalari yuklatildi, unga asosan 100 dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirildi.

Ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishi quyidagi natijalarga erishishga qaratilgan.

1. Kutilayotgan islohotlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratish, shu jumladan, quyidagilar orqali yaratish:

– ortiqcha va o‘ziga xos bo‘lmagan vazifa, funksiya va vakolatlarni bartaraf etish, takrorlash va parallelizmni tugatish hisobiga davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish hamda nomarkazlashtirish;

– davlat boshqaruvini byurokratiyadan xoli qilish va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirish;

– strategik rejalashtirish, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar tizimini joriy etish;

– iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish hamda boshqaruvning sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va aholining ishchanlik faolligini oshirishga qaratilgan bozor mexanizmlarini kengaytirish;

– jamoatchilik va parlament nazoratining, eng avvalo, korrupsiya ko‘rinishlarining oldini olishga qaratilgan samarali shakllarini joriy etish.

2. Fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini yanada oshirish, shu jumladan, quyidagilar orqali yanada oshirish:

– davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslar bilan huquqiy munosabatlarini aniq tartibga solishga qaratilgan ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish;

– ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari va harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibini takomillashtirishni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi ma’muriy adliya tizimini rivojlantirish;

– “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini oshirish;

– jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash.

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, so‘zsiz, innovatsion rivojlanishning zamonaviy tendensiyalari va jahon standartlarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilishga yangi kuch bag‘ishlaydi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyani hayotga to‘liq tatbiq etishga xizmat qiladi.

O’zA