Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINI 2016-YILNING TO‘QQIZ OYIDA IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRISH YAKUNLARI TO‘G‘RISIDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINI 2016-YILNING TO‘QQIZ OYIDA IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRISH YAKUNLARI TO‘G‘RISIDA

I. Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining shu yil 15-yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida belgilab berilgan 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari izchil amalga oshirilishi va puxta o‘ylangan makroiqtisodiy hamda faol tarkibiy siyosatning davom ettirilishi joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimizda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash imkonini berdi.

Yalpi ichki mahsulot hajmi 2015-yilning shu davriga nisbatan 7,8 foiz, sanoat hajmi 7,2 foiz, qishloq xo‘jaligi hajmi 6,4 foiz, chakana savdo aylanmasi 14,2 foiz o‘sdi.

Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi, davlat byudjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsiti va 2,2 foizni tashkil qilgan inflatsiya darajasining pastligini ifoda etgan makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash orqali erishildi.

Sanoatni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirishga oid faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmining 9,4 foizga va pudrat-qurilish ishlarining 15 foizga o‘sishi imkonini berdi.

Joriy yil boshidan buyon 2016-2020-yillarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi doirasida 9 mingta yangi servis obyekti tashkil etilgani shu yilning to‘qqiz oyida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining 12,4 foiz va yalpi ichki mahsulot tarkibida xizmatlar ulushini 2015-yilning shu davridagi 51,2 foizdan 51,7 foizgacha oshirish imkonini berdi.

2016-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari
(2015-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar / O‘sish sur’atlari

Yalpi ichki mahsulot 107,8

Sanoat 107,2

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 106,4

Jami xizmatlar 112,4

Chakana savdo aylanmasi 114,2

O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 109,4

Shu yilning to‘qqiz oyida sanoat mahsulotlari ko‘payishining asosiy qismi qayta ishlash sanoati tarmoqlari tomonidan ta’minlandi. Sanoat mahsulotlaridagi ularning ulushi 2015-yilning shu davridagi 78,2 foizdan 79,7 foizga oshdi.

Xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida tovar ishlab chiqaradigan tarmoqlarda sanoat mahsulotlarining yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi. Xususan, to‘qimachilik buyumlari, kiyim va charm mahsulotlari ishlab chiqarish 114,8 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 113,7 foiz, farmatsevtika mahsulot va preparatlari 123,7 foiz, kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlari 134,1 foiz, qurilish materiallari ishlab chiqarish 112,9 foizga oshdi.

Ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va tayyor iste’mol tovarlari turini kengaytirish maqsadida iste’mol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning texnologik uskunalar xarid qilishi hamda aylanma kapitalini ko‘paytirishi uchun tijorat banklari 4,4 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratdi. Tayyor tikuvchilik-trikotaj mahsulotlarining 57 yangi turi va 141 modelini, 80 dan ziyod turdagi yangi dori preparatlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalar tomonidan sanoat mahsulotlarining 50 dan ortiq yangi turi, jumladan, neft-gaz-kimyo uskunalari, konveyyer uskunalarining ehtiyot qismlari, avtomobillar spidometri, elektr pechlar, suv to‘playdigan elektr isitgichlar, sport trenajyorlari, bolalar velosipedi va samokatlari hamda boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

2016-yilning to‘qqiz oyida Mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 4091,7 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi va o‘sish 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarni, import o‘rnini bosish samaradorligi 1,3 milliard dollarni tashkil qildi.

Moliya-bank tizimi barqarorligini ta’minlashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida shu yilning to‘qqiz oyida banklar umumiy kapitali 22,8 foiz, ularning aktivlari 25,5 foiz, banklardagi depozitlar 27,5 foiz ko‘paydi. Natijada tijorat banklari mablag‘lari hisobidan iqtisodiyotga kredit ajratish hajmi 25,7 foiz o‘sdi. Bunda ajratilgan bank kreditlari umumiy hajmining qariyb 80 foizini investitsiya maqsadlari uchun uzoq muddatli kreditlar tashkil qildi.

Joriy yil boshidan buyon Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,7 milliard dollarlik 100 yirik ishlab chiqarish obyekti ishga tushirildi. Jumladan, «Jizzax viloyatidagi sement zavodini kengaytirish», «JM O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida «T-250» rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil qilish», «Talimarjon IESda 450 MVt quvvatli ikkita bug‘-gaz turbinasi qurish», «Angren IESda ko‘mir kukunidan foydalanishga mo‘ljallangan 150 MVt quvvatli energiya bloki qurish», «Indorama Qo‘qon tekstil” xorijiy korxonasida yigiruv korxonasi tashkil etish (IV-bosqich)», «Sirdaryo viloyatidagi «Guliston Med Texnika» qo‘shma korxonasida steril shprislar ishlab chiqarish" va boshqa loyihalar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlari doirasida hisobоt davrida qariyb 22 ming loyiha, jumladan, sanoat sohasida 3195 korxonada yangi quvvatlarni ishga tushirish, 162 korxonada yangi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish, 264 korxonani modernizatsiya qilish va 653 korxonaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirishni o‘z ichiga olgan 4274 loyiha amalga oshirildi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirishda joriy yil boshidan buyon 2,65 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,2 foizni tashkil qildi. Bu mablag‘larning 1,8 milliard dollardan ortig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Natijada o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmida xorijiy sarmoyalar ulushi 21,1 foizdan 22,3 foizga yetdi.

Sanoatni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash loyihalari, shuningdek, 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturining hayotga samarali tatbiq etilishi natijasida yirik korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini o‘rtacha 9,4 foiz kamaytirishga erishildi.

II. Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, eksportda fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish

Jahon iqtisodiyotida inqiroz holatlari hamon saqlanib turgan va jahon bozoridagi narxlar eksport salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir sharoitda yurtimiz eksportchilarining tashqi bozordagi o‘rnini saqlash maqsadida xorijga mahsulot yetkazib berish hajmini ko‘paytirish, eksport qilinadigan mahsulotlar turi va geografiyasini diversifikatsiya qilish, eksport faoliyatiga yangi korxonalarni jalb etish ishlari davom ettirildi.

Joriy yil boshidan buyon yana 835 korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 246 turdagi yangi mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy mahsulotlarni chetga yetkazish geografiyasi 52 ta yangi bozorga ko‘paydi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Livan, Iordaniya, Iroq, Gana, Senegal, Kot-d`Ivuar, Somali, Nigeriyaga yengil avtomobillar, Yaponiya, XXR, AQSh, Isroilga vinomateriallar va vino-aroq mahsulotlari, Polsha, XXR, Turkiya, Janubiy Koreya, Latviya, Afg‘onistonga kimyo mahsulotlari, Shvetsiya, Ruminiya, Bolgariya, Turkiyaga mineral o‘g‘itlar, Belarus, Ozarbayjon, Polsha va Janubiy Koreyaga sport poyabzallari, charm buyumlar va boshqa mahsulotlar eksport qilindi.

Buning samarasida shu yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, tovar va xizmatlar eksport hajmi 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,4 foiz o‘sdi. Polietilen, trikotaj polotno, ip gazlama, farmatsevtika preparatlari va tibbiyot buyumlari, molibden, volfram mahsulotlari, ammofos, kalsiylashtirilgan soda, yuk avtomobillari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlarni eksport qilish hajmi oshdi.

Mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilgani, jumladan, “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tashkil etilgani natijasida joriy yil to‘qqiz oyida 543 ming tonnadan ziyod yoki 2015-yilning shu davriga nisbatan 40,4 foiz ko‘p ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

III. Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish

Joriy yilning to‘qqiz oyida 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirish faol davom ettirildi.

Jumladan, yangi Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini qurish va Pop – Qo‘qon – Andijon uchastkasini elektrlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Samarqand – Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 98 kilometrlik temir yo‘l uchastkalari qayta tiklandi, 300 kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi, uzunligi 1000 kilometrdan ortiq xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shahar, qishloq aholi punktlari, tuman markazlari va shahar posyolkalari ko‘chalari joriy ta’mirlandi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi havo kemalari parkini yangilash» loyihasini amalga oshirish doirasida milliy aviakompaniyamiz parki dastlabki «Boeing 787-800 Dreamliner» samolyoti bilan to‘ldirildi.

2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi doirasida joriy yil boshidan buyon zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkonini beruvchi 1756 kilometrdan ziyod keng polosali optik-tolali tarmoqlar barpo etildi va zaxiraga olindi. Davlat axborot resurslari soni 318 taga yetkazildi, davlat organlari axborot tizimlari 485 tadan oshdi, 290 turdagi interfaol xizmatlar joriy etildi. Shu yilning to‘qqiz oyida Yagona portal orqali 802 mingdan ziyod xizmatlar ko‘rsatildi va o‘sish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,9 barobarni tashkil qildi.

IV. Xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va ularning manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ishtiroki ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada kamaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yil to‘qqiz oyida qiymati 313,6 milliard so‘mlik investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan 373 davlat aktivi xususiy mulkdorlarga sotildi. Shundan 96 davlat aktivi qiymati 294,5 milliard so‘m va 27,2 million dollarlik investitsiya majburiyatini olish va 7,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan investorlarga «nol» qiymatda sotildi.

45 aksiyadorlik jamiyatida xorijiy investorlarga nizom jamg‘armasining 15 va undan ko‘p hajmdagi davlat ulushlari sotildi. Buning samarasida nizom jamg‘armasida davlat ulushiga ega aksiyadorlik jamiyatlari soni o‘tgan yilning shu davridagi 302 tadan 183 taga tushdi.

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishi doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida qonunchilik va me’yoriy-huquqiy baza tashkil etish hamda uni takomillashtirish ishlari davom ettirildi.

Xususan, tovarlarni (ishlar, xizmatlar) elektron tijorat shaklida sotishni tartibga soladigan Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi. Qurilishning barcha bosqichlarida tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari doirasida yagona qoida va talablar belgilandi, bino va inshootlar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, obyektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek, turar joylarni noturar joylar toifasiga o‘tkazishga ruxsat berish talablari joriy etildi. Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish kafolatlari va choralari kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangani bu boradagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va kichik korxonalar tashkil etish maqsadida joriy yil to‘qqiz oyida kichik biznes subyektlariga 12,6 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi va o‘sish 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobarni tashkil qildi. Jumladan, qiymati 2,7 trillion so‘mlik mikrokreditlar ajratildi, xalqaro moliya institutlarining 185,7 million dollar miqdoridagi kredit liniyalari o‘zlashtirildi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida «E-ijro» idoralararo elektron hamkorlik tizimini faol joriy etish asosida tadbirkorlik subyektlariga «Yagona darcha» markazlari orqali 75 mingdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Xususiy tadbirkorlik subyektlarining tovar va xomashyo bozorlaridan foydalanishi kengaytirilishi tufayli Respublika tovar-xomashyo birjasida davlat xaridlari bo‘yicha o‘z tovar va xizmatlarini yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatga olingan kichik biznes subyektlari soni 12,7 foizga ko‘paydi va 41 mingdan ortiq subyektni yoki davlat xaridlari ishtirokchilari umumiy sonining 97,6 foizini tashkil qildi.

Kichik biznes korxonalari o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishga yordam berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida Mahsulotlar eksportiga ko‘maklashish byurosi tomonidan joriy yil boshidan buyon 1,1 mingdan ziyod korxonaga maslahat xizmati ko‘rsatildi, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya, mahsulot eksporti, xalqaro va davlatlararo talablarni joriy etish bo‘yicha 40 dan ortiq xalqaro shartnoma tuzildi.

Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yanada rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar shu yilning to‘qqiz oyida 23,6 mingdan ortiq yangi kichik biznes subyekti tashkil etish imkonini berdi. Natijada yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushi 54,6 foiz (2015-yilning to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 53,6 foiz bo‘lgan), sanoatda 43,8 foiz (38,7 foiz), investitsiyalarda 38,3 foiz (33,5 foiz), chakana savdo aylanmasida 89,9 foiz (87,3 foiz) va bandlikda 77,8 foiz (77,5 foiz) oshdi.

V. Qishloq xo‘jaligida islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hosildorligi va samaradorligini yanada oshirish, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish uchun ekin maydonlarini kengaytirishga qaratilgan 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotlarini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga oshirish imkonini berdi.

2016-yilning to‘qqiz oyida paxta maydonlarini 30,5 ming gektarga qisqartirish va bo‘shagan yerlarga ichki hamda tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlar ekish hisobidan ekin maydonlari tuzilmasi optimallashtirildi. Bundan tashqari, 8,2 ming gektar maydonda yangi intensiv bog‘lar, 5,2 ming gektarda tokzorlar tashkil etildi. 6 ming gektar maydondagi bog‘lar va 3,5 ming gektardagi tokzor qayta tiklandi. 532 gektar maydonda 9,9 mingta zamonaviy issiqxona barpo etildi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini yanada oshirish maqsadida 2013-2017-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat dasturini amalga oshirish doirasida shu yilning to‘qqiz oyida uzunligi 734,6 kilometrlik kollektor, 229 kilometr yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 846 ta quduq, 50 ta gidrotexnik inshoot va 7 nasos stansiyasi barpo etildi va rekonstruksiya qilindi.

2016-2020-yillarda meva-sabzavotlarni saqlash bo‘yicha moddiy-texnik bazani mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasining hududiy kompaniyalari, fermer xo‘jaliklari va boshqa korxonalar tomonidan 64,6 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 164 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi.

Shu yilning o‘tgan davrida murakkab ob-havo sharoitlariga qaramasdan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mo‘l qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi va yig‘ib olindi. Jumladan, 2,3 million tonna kartoshka, 8,2 million tonna sabzavot, 1,5 million tonna poliz mahsulotlari, 1,2 million tonnadan ortiq uzum, 2 million tonna meva va rezavorlar tayyorlandi.

Joriy yil boshidan buyon chorvachilik sektori salohiyatini yanada oshirish maqsadida tijorat banklarining qiymati 380 milliard so‘mdan ziyod kreditlari hisobidan qoramol boqish, parrandachilik, asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish va baliq yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha 5,2 mingta loyiha amalga oshirildi.

Natijada shu yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, qoramollar umumiy soni 11,6 million boshga (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 103,4 foiz) yetdi, to‘qqiz oy davomida 1,6 million tonna go‘sht (106,6 foiz), 6,9 million tonna sut (106,9 foiz), 4,5 milliard donadan ortiq tuxum (110,8 foiz) va boshqa mahsulotlar tayyorlandi.

VI. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi hayot darajasi va sifatini yanada yuksaltirish, «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturini amalga oshirish

Ta’lim va tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida ta’lim va tibbiyot muassasalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, ularni zarur inventarlar bilan jihozlash uchun yil boshidan buyon qiymati 919,5 milliard so‘mlik kapital qo‘yilma o‘zlashtirildi.

Byudjetdan tashqari Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ta’lim muassasalari obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun 201,3 milliard so‘m o‘zlashtirildi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sport inshootlari qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha qiymati 285,5 milliard so‘mlik ishlar bajarildi.

Umuman, joriy yil boshidan buyon 86,3 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan 236 umumta’lim maktabi, 1,1 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan 2 akademik litsey, 2,3 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan 21 kasb-hunar kolleji, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun 550 o‘rinli 4 yotoqxona, 24 tibbiyot muassasasi, 15 musiqa va san’at maktabi, 232 bolalar sporti inshooti va boshqa obyektlar barpo etildi.

Aholi turmush sifatini yanada yaxshilash maqsadida hisobоt davrida yangi qishloq massivlarida zamonaviy loyihalar asosida 12 mingdan ortiq yakka tartibdagi shinam uylar foydalanishga topshirildi.

Barpo etilayotgan qishloq uy-joy massivlarida 453 kilometrlik suv ta’minoti tarmog‘i, 256 kilometrlik gaz, 323 kilometrlik elektr tarmoqlari tortildi, 283 transformator nimstansiyasi o‘rnatildi.

Umuman olganda, joriy yil boshidan buyon mamlakatimizda 10,1 million kvadrat metr, jumladan, qishloq joylarda 7,6 million kvadrat metr uy-joylar, 1,6 ming kilometrdan ziyod, xususan, qishloq joylarda 1,3 ming kilometr suv ta’minoti tarmoqlari bunyod etildi.

Aholi daromadlari, hayot darajasi va sifatini muttasil oshirishni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi joriy yil boshidan buyon o‘rtacha oylik ish haqini 12,6 foiz oshirish imkonini berdi. Shu yilning 1-oktabridan byudjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori yana 15 foizga ko‘paydi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini hayotga tatbiq etish doirasida 2016-yilning to‘qqiz oyida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, mustahkam, sog‘lom va ahil oilani shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish ishlari amalga oshirildi. Bu ishlarni moliyalashtirish uchun barcha manbalar hisobidan 6,8 trilliondan ortiq so‘m va 150 million dollar yo‘naltirildi.

Joriy yil boshidan buyon oila qurayotgan yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bolalarni 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi profilaktik emlash, homilador ayollarni skrining tekshiruvidan o‘tkazish, ularni polivitamin bilan bepul ta’minlashga doir faol ishlar olib borildi.

2016-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari mamlakatimizni isloh etish, modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan va islohotlarni amalga oshirishning besh mashhur tamoyiliga asoslangan strategiyani maqsadli hamda tizimli amalga oshirish samarasida global iqtisodiy rivojlanish sur’atlari susaygani va jahon bozorida kon’yunktura yomonlashuviga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik hamda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanayotganidan dalolat beradi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mustaqilligimizning 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga murojaatida ta’kidlaganidek, «Biz erishayotgan ulkan marra va natijalar ko‘zlagan maqsadlarimizning faqat ma’lum bir qismini tashkil etadi». Shu bois joriy va kelgusi yillarda demokratik yangilanish bo‘yicha boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, xususiy mulk ulushini oshirish va uning ustuvorligini ta’minlash, mamlakatimizda aholining tadbirkorlik daromadini muttasil ko‘paytirish uchun zarur sharoitlar yaratish asosida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash iqtisodiy siyosatning eng muhim vazifasidir.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi
Davlat statistika qo‘mitasi

O’zA