“O‘ZBEKISTON: SAMARQAND - JAHON MADANIYATLARI CHORRAHASI”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Fransiyada nashr etiladigan GEO ilmiy-ommabop jurnali sahifasida ana shunday sarlavha ostidagi maqola bosilib chiqdi. Unda GEO nashriyoti tomonidan “Sayyoramizning eng go‘zal va muqaddas joylari bo‘ylab unutilmas sayohat” nomli kitobi sahifasidan afsonaviy shahar - Samarqand haqidagi reportaj ham o‘rin olgani ma’lum qilingan.
Maqolada tarixiy yodgorliklarga boy bo‘lgan Sharq ganjinasi - Samarqand 2001 yili “madaniyatlar chorrahasi bo‘lgan shahar” sifatida YUNESKO Butunjahon merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgani o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan. Unda O‘rta asr alloma va mutafakkirlari tomonidan aytilgan mashhur ta’rif ham qalamga olingan: “Agar Yerdagi jannatni ko‘rmoqchi bo‘lsang Samarqandga bor”.
Jurnal ushbu shaharning tarixi haqida yozar ekan, Samarqandning yoshi 2700 yildan oshganini, u sug‘oriladigan dehqonchilikka ega bo‘lgani hamda Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgani bois hamisha muvaffaqiyat bilan rivojlanganini ta’kidlagan. “Bu yo‘lda qimmatbaho toshlar, chinni buyumlar, choy, qog‘oz, ziravorlar va, albatta, ipak savdosi amalga oshirilgan”, deb yozadi GEO.
Maqolada Amir Temur hukmronligi davrida ushbu shahar gullab-yashnagani va u sohibqiron asos solgan qudratli saltanatning poytaxti bo‘lgani alohida qayd etilgan. “Amir Temur shahar qurilishi ishlariga o‘sha davrning eng mohir me’morlari, rassom va hunarmandlarini jalb etdi. Temuriylar boshqaruvi davri butun islom me’morchiligi uchun tom ma’noda oltin asr bo‘ldiki, mazmun-mohiyati va tashqi ko‘rinishi bilan ertakmonand hisoblanadigan Sohibqiron maqbarasi va boshqa madaniy yodgorliklar bunga misol bo‘la oladi”.
Fransiya nashri baland minorali muhtasham madrasalar o‘rab turgan Registon maydonini “Samarqandning durdonasi”, deya ta’riflaydi. “O‘z naqshinkorligi va go‘zalligi bilan Registon maydonidagidek diqqatga sazovor maskanni sayyoramizda topish mushkul”, deb yozadi mualliflar.
Maqola xulosasida Shohi Zinda ansambli ham ulug‘vor yodgorliklar qatorida qalamga olingan. “Samarqandning noyob tarixiy obidalari xalq ma’naviy boyligi va ezgu intilishlarining mazmundorligidan dalolat beradi”, deb yozadi jurnal.
Kezi kelganda shuni ham qayd etish joizki, GEO jurnali Fransiyada hamda qator xorijiy mamlakatlarda keng tarqatiladigan ilmiy-ommabop nashrlardan biri hisoblanadi. U 500 mingdan ziyod nusxada chop etiladi.
“Jahon” AA, Parij