“O’ZBEKISTON SAYLOV TIZIMI ERKIN VA ADOLATLI SAYLOVLAR O’TKAZISHNING UMUM E’TIROF ETILGAN ME’YORLARIGA TO’LA JAVOB BERADI”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Ilgari xabar berilganidek, joriy yilning dekabrida bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari xorijiy davlatlarning ko’zga ko’ringan vakillari diqqat markazida turibdi. Ular mamlakatimizning saylov tizimini takomillashtirish borasida erishgan muvaffaqiyatlari hamda mazkur muhim siyosiy tadbirdan kutilayotgan natijalar xususidagi o’z fikr-mulohazalarini “Jahon” axborot agentligi muxbirlariga bayon etdilar.
Frank Shvalba-Xot, Yevropa parlamenti maslahatchisi, sobiq deputat:
— O’zbek jamiyatida yuqori darajadagi siyosiy madaniyat shakllangan. Fuqarolar o’zlari beradigan ovoz, hoxish-irodasi va istaklari bugungi kun va kelajakni belgilab berishini yaxshi anglaydilar. Jamiyat har bir a’zosining o’z mamlakati uchun mas’uliyatni his etishi O’zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotining hozirgi bosqichdagi o’ziga xos, boshqalaridan ajratib turadigan jihati hisoblanadi.
O’zbekiston Prezidenti saylovlarida turli siyosiy partiyalardan nomzodlarning ishtirok etishi ushbu muhim siyosiy jarayonning demokratiya va teng huquqlilik asosida o’tkazilishini ta’minlash nuqtai nazaridan juda muhimdir. Saylovchilarga ularning qarashlarini ifoda etadigan hamda manfaatlarini himoya qiladigan u yoki bu nomzodni saylash va qo’llab-quvvatlash imkoniyati beriladi. Bu xalq hoxish-irodasini erkin ifoda etishning eng asosiy tamoyillaridan biri hisoblangani holda davlatning yaxlitligini mustahkamlashga hamda uning demokratiya yo’lida muvaffaqiyatli ravnaq topishiga ko’maklashadi.
Lukas Maurer, Yevropa Komissiyasi vakili:
— Bugungi O’zbekiston Markaziy Osiyoning eng muhim mamlakati hisoblanadi. Xalqaro hamjamiyat uning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Aholining turmush darajasini oshirish, mamlakat siyosiy hayotida ular faol ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish bo’yicha mamlakatda ko’rilayotgan chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlashni istar edim.
Yana bir diqqatga molik jihat shundan iboratki, Prezident saylovlariga tayyorgarlikning borishi va ularning o’tkazilishi monitoringi xorijiy ekspertlar hamda nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari tomonidan amalga oshiriladi. Bu ham O’zbekistonning ochiqligini hamda respublikaning umum qabul qilingan me’yor va andozalarga rioya etayotganini yana bir bor namoyish qiladi.
O’zbek xalqining jipsligi va muhim siyosiy tadbirlarda qatnashishga mas’uliyat bilan yondoshishi oldinda turgan saylovlar fuqarolarning yuqori faolligida o’tishi yuzasidan xulosa chiqarishga imkon beradi.
Inna Stetsenko, Boltiq xalqaro akademiyasi professori:
— Har bir davlatda Prezident saylovlari demokratiya rivojlanishi, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari ta’minlashi hamda mamlakatda universal xalqaro me’yor va tamoyillar hayotga tadbiq etilishi darajasining asosiy ko’rsatkichlari hisoblanadi. Bu jarayonda saylov kampaniyasining barcha bosqichlaridagi qonuniylik, oshkoralik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga rioya etilishiga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.
Mamlakatda demokratiyaning eng muhim tamoyili - ovoz berish va o’z hoxish-irodasini erkin ifoda etish huquqini ta’minlash uchun zarur bo’lgan huquqiy zaminni shakllantirish bo’yicha katta ishlar amalga oshirildi. Natijada O’zbekiston saylov tizimi demokratiyaning eng yuqori andozalariga javob beradigan darajaga yetdi.
Respublika saylovlarni o’tkazish borasida katta tajriba to’plagan. Men 2014 yili bo’lib o’tgan parlament saylovlari chog’ida bunga shaxsan amin bo’lganman. Mazkur saylovlar yuqori tashkilotchilik darajasida o’tgan edi. Shuni ham qayd etish joizki, 2015-yilgi Prezident saylovlarida saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi aholi siyosiy madaniyati va ijtimoiy ongining o’sib borayotganini isbоtladi.
Shu bois ishonch bilan aytishim mumkinki, oldinda turgan Prezident saylovlari ham umum e’tirof etilgan xalqaro saylov andozalariga to’la muvofiq ravishda o’tadi.
Irina Zvyagelskaya, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining bosh ilmiy xodimi:
— O’zbekistondagi saylov jarayoni barcha fuqarolar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Respublikada bo’lajak saylovlarni maksimal darajada shaffof va demokratik yo’sinda o’tkazish uchun allaqachon muhim qadamlar tashlangan. Chunki Islom Karimov rahbarligida barcha sohalarning izchil va yanada o’sishi uchun zarur bo’lgan institutlar yaratilgan edi. Bu juda muhimdir. Bunday institutlarning mavjudligi tadrijiylik va barqarorlikni ta’minlaydi, mamlakatning umumiy strategik yo’li o’zgarmasligiga umid bag’ishlaydi.
Mehmet Erol, G’ozi universiteti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining direktori, professor (Turkiya):
— Mustaqil rivojlanish yillari davomida O’zbekistonda o’zbek xalqining ma’naviy, tarixiy-madaniy qadriyatlari va demokratiya tamoyillarini rivojlantirish bo’yicha jahon tajribasi hisobga olingan holda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish hamda saylov tizimini takomillashtirish bo’yicha izchil islohotlar hayotga tadbiq etildi.
Ro’y bergan o’zgarishlar natijasida respublikada umum e’tirof etilgan me’yorlarga hamda erkin va adolatli saylovlarni o’tkazish tamoyillariga to’la javob beradigan saylov tizimi yaratildi. Saylovlarda siyosiy partiyalarning ishtiroki, saylovoldi targ’ibоtini olib borish uchun sharoitlar yaratish hamda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishga doir universal xalqaro hujjatlarning asosiy qoidalari milliy qonunchilikda o’z aksini topgan. Suveren rivojlanish yillari mobaynida ushbu islohotlarning hayotga tadbiq etilgani mustaqillikka qadar bo’lgan davr nuqtai nazaridan tom ma’noda keskin o’zgarish hisoblanadi.
Aleksandr Sinker, Saylov tizimlari xalqaro ekspertlik markazining prezidenti, MDH va Sharqiy Yevropa mamlakatlari institutining direktori (Isroil):
— O’zbekistonda shakllangan milliy saylov tizimi Prezident saylovlari oshkoralik va yuqori darajadagi shaffoflik muhitida o’tkazilishini kafolatlaydi.
Respublikada parlament demokratiyasi jabhasida to’plangan tajriba, qonunchilik hujjatlarini modernizatsiyalash sohasida amalga oshirilgan islohotlar hamda ijtimoiy-siyosiy hayotda ro’y bergan tizimli o’zgarishlar shu yil 4 dekabrga belgilangan umumxalq saylovi konstitutsiyaviy asoslarga rioya qilingan holda hamda umum e’tirof etilgan xalqaro andozalarga muvofiq ravishda o’tishini tasdiqlash uchun to’la imkon beradi.
Konstitutsiya huquqi va saylov texnologiyalari sohasi eksperti sifatida targ’ibоt kampaniyasi tashkil qilinishi, fuqarolarning ovoz berishdagi ishtiroki, saylovchilar o’z hoxish-irodalarini erkin ifoda etishlari, berilgan ovozlarni hisoblash singari o’lchovlari bilan O’zbekistondagi saylov jarayonlari ijobiy bahoga loyiq ekanligini tasdiqlashim mumkin.
“Jahon” AA