O‘ZBEKISTON TAJRIBASI O‘RGANILMOQDA VA KENG JORIY ETILMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Samarqandda «O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlar roli: O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan «BMT – xotin-qizlar» tuzilmasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi mintaqaviy byurosi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha omonat kassalari jamg‘armasi hamda F.Ebert nomidagi jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, manfaatdor vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xorijiy va xalqaro tashkilotlar vakillari, AQSh, Xitoy, Germaniya, Italiya va boshqa davlatlardan ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Konferensiya ishtirokchilari dastlab Samarqand yengil sanoat kollejida bo‘lib, kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish shtabi, Samarqanddagi 21-umumta’lim maktabining «Orasta qizlar» to‘garagi faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, xalqaro tanlovlar, matematika, kimyo, chet tillar bo‘yicha fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallagan yoshlar bilan uchrashdi. Samarqand shahridagi Chashma mahallasida bo‘ldi.
Konferensiyada mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Jamiyatimizda xotin-qizlarning roli va nufuzini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy faolligini, intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish uchun zarur sharoitlar yaratish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish hamda yangilashdagi ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Buning uchun xotin-qizlarga nisbatan davlat siyosatini yanada rivojlantirish va ularning huquqlarini institutsional himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yuzdan ortiq qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o‘z ichiga olgan qonunchilik bazasi shakllantirilib, samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz Islom Karimovning 2004-yil 25-maydagi «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni, bu borada qabul qilingan qonunlar umume’tirof etilgan xalqaro demokratik normalarga to‘la mos keladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi BMTning «Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi konvensiyasi, Xalqaro mehnat tashkilotining «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi va «Mehnat va ish turlari sohasida kamsitish to‘g‘risida»gi konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan.
Bugun mamlakatimiz xotin-qizlari jamiyatimizni rivojlantirish, iqtisodiyotni isloh qilish, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan va madaniyat sohalarini yuksaltirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shayotir.
Konferensiyada xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, davlat hokimiyatining vakillik va boshqa organlariga saylovlarda ular ishtirokini kengaytirish borasida O‘zbekiston tajribasi ko‘rib chiqildi. Saylov tizimining xalqaro huquq normalariga muvofiq takomillashtirilayotgani, siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzod bo‘lgan xotin-qizlar uchun qonunchilik kvotasi 30 foizgacha oshirilgani ushbu yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘lib, bu ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish imkoniyatini yanada kengaytirgani ta’kidlandi.
Jumladan, 2014-yilning dekabr oyida o‘tkazilgan saylov yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 24 nafar xotin-qiz deputat etib saylandi va bu jami deputatlar korpusining 16 foizini tashkil qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida xotin-qizlar 17 foizni tashkil etadi. Bu nafaqat ularning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligi yuksalib borayotgani, balki davlat hokimiyati vakillik organlarida ishtirok etishi qonuniy kafolatlanganidan dalolat beradi.
– O‘zbekistonga har safar kelganimda mamlakatingiz ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotida xotin-qizlarning o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani guvohi bo‘laman, – deydi AQSh Xotin-qizlar tashkilotlari milliy kengashi raisi Syuzan Skanlan. – O‘zbekistonlik xotin-qizlar bilan navbatdagi uchrashuvda amerikalik ayollarning ham ulardan o‘rganadigan jihatlari ko‘p degan fikrga keldim. Negaki, bugun O‘zbekiston xotin-qizlari nafaqat oila farishtasi, balki mehnatsevarligi, iqtidori va mas’uliyati bilan ulkan natijalarga erishayotgan yuqori malakali mutaxassislar, ijodkorlardir.
Aholi qatlamlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy-siyosiy sohada xotin-qizlar faolligini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishda davlatning ishonchli hamkorlariga aylandi. Ayni paytda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 8 ming 200 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotining 530 dan ortig‘i xotin-qizlar tashkilotlaridir. Ularning faoliyati asosan xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Yirik nodavlat notijorat tashkilotlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy hayotida xotin-qizlarning samarali ishtirokini ta’minlash, ularning ma’naviy, intellektual salohiyatini yuksaltirish borasida kompleks tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2015-yilning mart oyida Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki va siyosiy partiyalar o‘rtasida kollej va akademik litsey bitiruvchilari, shuningdek, xotin-qizlar uchun mamlakatimizning chekka tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha seminarlar o‘tkazish to‘g‘risida qo‘shma qaror imzolandi. Xotin-qizlar qo‘mitasi, Markaziy bank va Banklar uyushmasining xotin-qizlar, ayniqsa, kollej bitiruvchilarini qishloq joylarda kichik biznes, fermerlik, xizmat ko‘rsatish, kasanachilik sohasiga keng jalb qilish hisobidan ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlar rejasi tasdiqlandi. Bu borada 350 dan ortiq seminar o‘tkazildi. 250 mingdan ziyod xotin-qiz mamlakatimizdagi moliyaviy xizmatlar haqida maslahat oldi, iqtisodiy savodxonligini oshirdi.
– Tashkilotimiz «Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish» loyihasi doirasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan ko‘p yildan buyon hamkorlik qilib keladi, – deydi Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha omonat kassalari jamg‘armasi departamenti direktori Matias Foss. – Hamkorligimiz samarasida O‘zbekistonning barcha hududlarida tadbirkor xotin-qizlarga moliyaviy savodxonligini oshirishga yordam beradigan xotin-qizlar maslahat markazlari tashkil etildi. Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani tufayli 15 mingdan ziyod tadbirkor xotin-qizga kredit olish, mikrosug‘urta va boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar berildi.
Masalan, Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hamkorlarining birgalikdagi faoliyati samarasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlagan xotin-qizlar joriy yilning birinchi yarmida qiymati 685,7 milliard so‘mdan ortiq kredit oldi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,5 foizga ko‘pdir. Jumladan, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan tadbirkor xotin-qizlarga ajratilgan 45,4 milliard so‘mdan ortiq kreditlar hisobidan 5 ming 300 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari kollejni tamomlagan qizlarni ishga joylashtirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha samarali tashkiliy ishlarni amalga oshirmoqda. Shu maqsadda barcha viloyatlarda yoshlarga yangi ish o‘rinlari, shaxsiy va oilaviy biznesni yuritish to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish hamda maslahat xizmatlari ko‘rsatish shtablari tuzildi. 2015-yilda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha 23 mingdan ortiq tadbir o‘tkazildi. Ularning huquqiy, iqtisodiy va tadbirkorlik sohasidagi bilimini boyitishga qaratilgan 9,8 ming tadbir tashkil etildi.
Xalqaro ekspertlar xotin-qizlarning mamlakatimiz madaniy hayotidagi to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oila va jamiyatda ularning rolini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdagi O‘zbekiston tajribasi bilan ham tanishdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xotin-qizlari iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib, o‘zining kasb mahorati va ijodiy qobiliyatini namoyon etayotgani alohida ta’kidlandi. Bu borada mamlakatimiz mehnat qonunchiligi muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, mazkur qonunchilikda xotin-qizlarning teng huquqliligi, uch yoshga to‘lmagan bolasiga qarash uchun haq to‘lanmaydigan ta’til olish huquqi, homilador va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar uchun imtiyozlar kafolatlangan, ularni og‘ir, xavfli va tungi ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Ish beruvchi korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish bo‘yicha seminarlar, tushuntirish ishlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda, xotin-qizlar mehnat huquqlariga rioya etish o‘rganilmoqda.
– O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi samarali faoliyat ko‘rsatayotgani va davlatingiz tomonidan xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining Istanbuldagi mintaqaviy ofisining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha gender masalalari maslahatchisi Bxarati Sadasivam. – Misol uchun, ushbu xalqaro konferensiya doirasida mahallalarga raislik qilayotgan ayollar bilan uchrashdik, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari bilan suhbatlashdik. Bundan tashqari, tadbir davomida yuqori lavozimlarda mehnat qilayotgan ayollar ma’ruzalarini tingladik. Bularning barchasi davlatingiz mamlakat uchun muhim qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlar huquqlarini yanada kengaytirish tarafdori ekanidan dalolat beradi.
Mamlakatimizda xotin-qizlar salomatligini himoya qilish, sog‘lom oilani shakllantirish masalasida davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi, xotin-qizlar va oilaviy sportni rivojlantirishga ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni tashkil etish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada hayotga tatbiq etilayotgan izchil va kompleks chora-tadbirlar samarasida mamlakatimizda 20-yilda o‘rtacha umr ko‘rish 67 yoshdan 73 yoshga, ayollar o‘rtasida 75 yoshga uzaydi. Bunga ko‘p jihatdan zamonaviy va eng yuksak talablarga javob beradigan tibbiyot muassasalari tashkil etilayotgani tufayli erishilmoqda. Bundan tashqari, maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlari, tashkilot va mahallalarda «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» mavzusida aholining tibbiy madaniyatini oshirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilishga doir ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ushbu yo‘nalishda ikki yuzdan ortiq turli tadbirlar o‘tkazilib, ularga ikki milliondan ziyod oila qamrab olindi.
Mamlakatimizda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan 3 mingdan ortiq qishloq vrachlik punkti tashkil etilib, o‘nta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyat ko‘rsatayotgani aholi salomatligini himoya qilish tizimini isloh qilishda muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha yuqori samarali tibbiyot muassasalari tarmog‘i tashkil etildi. Barcha viloyat markazlari va Toshkent shahrida skrining markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili 230 mingdan ziyod homilador ayol ushbu markazlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Perinatal markazlar tarmog‘i ham jadal rivojlanmoqda. O‘tgan o‘n yilda tashkil etilgan 11 perinatal markazda 2014-yilda 206 mingdan ziyod ayol va chaqaloqlarga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatildi. Bu 2010-yilga nisbatan 1,3-marta ko‘pdir.
Konferensiyada Prezidentimiz rahnamoligida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizning barcha hududlarida ular uchun sportning 39 turi bo‘yicha 35 mingdan ortiq seksiya tashkil qilingan. 2008-yilda ushbu seksiyalarda 2,5 million xotin-qiz shug‘ullangan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich 4,2 milliondan oshdi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston xotin-qizlarining bilim darajasini ham yuqori baholab, rivojlangan demokratik davlatlardagi ko‘rsatkichlardan qolishmasligini ta’kidladi. Bu bejiz emas. Negaki mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, adabiyot, san’at, fan, madaniyat va sport sohalarida iqtidorli qizlarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. 226 qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani ham buning yorqin tasdig‘idir. Ayni paytda ularning aksariyati faol va yetakchi sifatida ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanmoqda. Ularning 20 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, shuningdek, Alisher Navoiy, Ibn Sino nomidagi stipendiyalar sohibalari, 30 nafari respublika, Osiyo va jahon sport musobaqalari chempionlaridir.
– O‘zbekistonga ilk bor kelishim va mamlakatingizda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash sohasida erishilayotgan yutuqlar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Shanxay ayollar federatsiyasining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha departamenti direktori Gu Syujuan. – O‘zbekistonda ulkan yutuqlarga erishayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi meni, ayniqsa, hayratga soldi. Jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilgani o‘zbekistonlik qizlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘ziga xos noyob tajribadir. Zero, ushbu mukofot ularga barcha sohalarda muvaffaqiyatlarga erishishda ilhom bag‘ishlaydi. Bu bizda katta qiziqish uyg‘otdi.
Muxtasar aytganda, xalqaro konferensiya mamlakatimiz va xorijiy ilmiy tadqiqot, ekspert-tahlil tuzilmalari vakillarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish, ularning siyosiy va huquqiy madaniyati hamda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish sohasida O‘zbekistonning ijobiy tajribasini o‘rganish, shuningdek, tegishli fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish tajribasini keng joriy etish masalasi yuzasidan o‘zaro fikr almashish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘tadi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.