Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O‘ZBEKISTON – TURKIYA: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili 2017 - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 26 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 26 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik "Sharq taronalari" xalqaro festivali "Sharq taronalari" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
hamma resurslarni ko'rsatish
O‘ZBEKISTON – TURKIYA: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning taklifiga binoan 2017-yil 25-oktabr kuni davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi.

Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan Esonbug‘a xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Bekir Bozdag‘ va boshqa rasmiy kishilar kutib oldi.

Shavkat Mirziyoyev Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida bo‘lib o‘tdi. Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Turkiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. 1996-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.

O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi ikki tomon uchun ham manfaatli. Mamlakatimizning bozori, tobora erkinlashayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti Turkiyani qiziqtiradi. Ushbu mamlakatning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi va turizm salohiyati O‘zbekistonga foyda keltiradi.

2016 yil noyabrda Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga tashrifi Turkiya O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini namoyon etdi. Davlat rahbarlari joriy yil 14-may kuni Pekinda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumi, 10-sentabr kuni Ostona shahrida bo‘lgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli darajadagi o‘zaro tashriflar faollashdi. Joriy yilning o‘zida Turkiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri, milliy mudofaa vaziri boshchiligidagi delegatsiyalar O‘zbekistonda, mamlakatimiz Bosh vaziri o‘rinbosarlari, mudofaa vaziri rahbarligidagi delegatsiyalar Turkiyada bo‘ldi. Qator qo‘shma tadbir va forumlar o‘tkazildi. 25-may kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi, 30-sentabr Toshkentda va 6-oktabr kunlari Istanbulda o‘tgan biznes-forumlarda hamkorlikning ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Muzokarada savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. 2016-yilda o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Joriy yilning to‘qqiz oyida tovar ayirboshlash hajmi 29 foizga oshdi. Mamlakatimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Shu yilning o‘zida yurtimizda ushbu mamlakat sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi.

Muzokarada o‘zaro hamkorlikda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ushbu tashrif ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga yangi sur’at baxsh etishi ta’kidlandi.

Ikki mamlakatda xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni yetkazib berish va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali o‘zaro savdo hajmini muttasil oshirib borish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi. Xususan, O‘zbekiston keng turdagi sanoat mahsulotlari, transformatorlar, kabel o‘tkazgichlar va boshqa elektrotexnika tovarlari, polimerlar, mis va mis mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, ip-kalava, meva-sabzavot, qayta ishlangan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni eksport qilishi mumkin. Shu maqsadda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasi majlislarini muntazam yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, eng avvalo, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mineral va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish rag‘batlantiriladi.

Energetika va foydali qazilmalar, jumladan, qayta tiklanadigan energiya, energiyani tejash va uglevodorodlar sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish hamda tajriba almashish qo‘llab-quvvatlandi.

Transport va logistika masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatlarimizni bir-biri bilan bog‘laydigan transport yo‘laklarini kengaytirish savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida muhim omil bo‘lishi qayd etildi. Ikki mamlakat hududi orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish maqsadida tranzit tariflarini maqbullashtirish va preferensiyalar taqdim qilishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari Samarqand va Istanbul shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha erishilgan kelishuvni mamnuniyat bilan qayd etib, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, muntazam parvozlar sonini oshirish va yangi parvozlarni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar.

O‘zbekiston ham, Turkiya ham turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega. Bu salohiyatdan to‘la foydalanish, sayyohlar almashinuvini oshirish ulkan iqtisodiy samara beradi.

Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan Turkiya Respublikasi fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirishga oid qarori bu borada muhim qadam bo‘ldi. Qaror asosida tadbirkorlik va sayyohlik maqsadida O‘zbekistonga borishni istagan Turkiya fuqarolari uchun vizalar tez va oson taqdim etiladi.

Sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim sohalarida, yetakchi tadqiqot markazlari o‘rtasida tajriba almashish hamda professional kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biriga o‘xshash yoki yaqindir.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro darajada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash istagida ekanliklarini ta’kidlab, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini bildirdilar.

Tomonlar xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklarning noqonuniy muomalasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, boshqa tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashish borasida tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Fan, ta’lim, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Turkiya O‘zbekistonda buyuk allomalar merosini o‘rganish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga qaratilgan tashabbuslar va amaliy ishlarni yuqori baholaydi. Samarqandda bunyod etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda tashkil qilinayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Olimlar va ilmiy markazlar o‘rtasidagi aloqalar, ma’naviy va madaniy merosni birgalikda o‘rganishga qaratilgan loyihalar xalqlarimiz do‘stligini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini imzoladilar.

Shuningdek, savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir qator hujjatlar qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on muzokaralar o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tganini, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

www.uza.uz