“O’ZBEKISTON VA ISPANIYA SAVDO-IQTISODIY HAMKORLIKNI YANADA RIVOJLANTIRISH UCHUN ULKAN SALOHIYATGA EGA”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Ispaniyaning Segoviya shahrida mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatiga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi. U Kastiliya va Leon mintaqasining Savdo bo’yicha konfederatsiyasi va O’zbekistonning Madriddagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda Kastiliya va Leon mintaqasining Savdo bo’yicha konfederatsiyasi a’zolari, Ispaniyaning qishloq xo’jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr texnikasi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniyalarining vakillari ishtirok etdilar.
Respublikamizning zamonaviy iqtisodiy taraqqiyoti, xalq xo’jaligini diversifikatsiyalash, xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan bog’liq atroflicha ma’lumotlar uchrashuv qatnashchilarining e’tiboriga havola qilindi. Shu o’rinda mamlakatimizning 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2015-yilgi ustuvorliklarga hamda 2015-2019-yillarda islohotlash, iqtisodiyotni tarkibiy o’zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash dasturlarini tizimli amalga oshirishning mazmun va mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir chog’ida O’zbekistonning ExpoMilano-2015 Butunjahon ko’rgazmasidagi ishtiroki, mamlakatimizning qishloq xo’jaligi va ekologik jihatdan toza oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati xususida ham atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir intihosida Ispaniya biznes doiralarining ayrim vakillari O’zbekistonning zamonaviy rivojlanishi mavzusida “Jahon” axborot agentligi uchun intervyu berdilar.
— O’zbekiston iqtisodiyotining barqaror o’sishi bu jabhada hukumat tomonidan ko’rilayotgan chora-tadirlarning samarador ekanligini namoyon etadi, - dedi Kastiliya va Leon mintaqasining Savdo bo’yicha konfederatsiyasi prezidenti Manuel Munos. - Qulay sarmoyaviy muhit, katta sanoat salohiyati, shuningdek, malakali mehnat resurslari mamlakatga chet el sarmoyasini jalb etish uchun muhim rag’bat hisoblanadi. O’zbekistonning ExpoMilano-2015 Butunjahon ko’rgazmasidagi muvaffaqiyatli ishtiroki esa mamlakatingizning qishloq xo’jaligi sohasida erishgan yuksak muvaffaqiyatlaridan dalolat beradi. Bu Kastiliya va Leon mintaqasi kompaniyalarida ham katta qiziqish uyg’otishi tayin.
— Bugun bo’lib o’tgan tadbir juda qiziqarli kechgani barobarida mintaqamizning ishbilarmon doiralari vakillari uchun dolzarb voqea bo’ldi, - dedi “Total Solutions” kompaniyasining menejeri Xorxe Alvares. - Ishonchim komilki, bunday tadbirlarning o’tkazilishi mamlakatlarimiz o’rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning yanada faollashuviga xizmat qiladi.
O’zbekiston va Ispaniya savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Hali mavjud imkoniyatlarning barchasi ishga solingani yo’q, deb o’ylayman. Shu bois biz Kastiliya va Leon mintaqasi kompaniyalarini O’zbekiston bilan amaliy munosabatlarda faol bo’lishga da’vat etamiz.
“Jahon” AA, Madrid