Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

O’ZBEKISTON - XITOY: O’ZARO MANFAATLI HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH YO’LIDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
O'ZBEKISTON - XITOY: O'ZARO MANFAATLI HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH YO'LIDA

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2015-yil 2-sentabr kuni Pekin shahriga jo’nab ketdi.

Ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar zamonaviy bosqichda o’zaro manfaat uyg’otadigan barcha yo’nalishlarda rivojlanib bormoqda. Hamkorlikning shartnoma-huquqiy zamini turli sohalarni qamrab olgan 200 dan ziyod ikki tomonlama hujjatlardan iboratdir.

Oliy va yuqori darajadagi o’zaro tashrif almashuvlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2014-yil avgust oyida Xitoyga buyurgan davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarilishiga ko’maklashdi. 2014-2018-yillarga mo’ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturining qabul qilingani mazkur tashrifning eng muhim yakuni bo’ldi. Shuningdek, 6 milliard AQSh dollari miqdoridagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda moliyaviy bitim va shartnomalar majmui imzolandi.
O’zbekiston va Xitoy xalqaro tizimlar doirasidagi hamkorlikni kegaytira borib, bir-birining manfaatlarini ilgari surish masalalari bo’yicha xalqaro maydonda bir-birini siyosiy qo’llab-quvvatlab kelmoqda.

Xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining muvaaffaqiyat bilan rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’lumki, joriy yilda mazkur tashkilotga raislik davlatimizga o’tdi. ShHT yo’nalishidagi hamkorlik bugungi kunda mintaqada va umuman, butun dunyoda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash ishida muhim omil bo’lib bormoqda. Shu yil 9-10-iyul kunlari ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi chog’ida Prezident Islom Karimov tomonidan bildirilgan O’zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotida raisligidagi ustuvorliklarini Xitoy rahbariyati qo’llab-quvvatladi.

Shuningdek, tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashda ham faol hamkorlik qilishmoqda. Ko’pgina xalqaro muammolarning hal etilishi yuzasidan har ikki davlatning yondoshuvlari o’xshash yoki yaqindir.

Parlamentlararo aloqalar ham rivojlanmoqda. 2011-yili O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Xalq vakillari Umumxitoy kengashi Doimiy qo’mitasi o’rtasida Hamkorlik to’g’risidagi Memorandum imzolangan edi. 2014-yil noyabr oyida Xitoy Xalq Respublikasining Xalq siyosiy maslahat kengashi milliy qo’mitasi raisining o’rinbosari, millatlar ishlari bo’yicha davlat qo’mitasi raisi Van Chjenvey rahbarligidagi parlament delegatsiyasi O’zbekistonga keldi. O’z navbatida, 2015-yil may oyida O’zbekiston parlamenti a’zolari Xitoyda bo’ldilar.

Muntazam ravishda hukumat delegatsiyalari darajasidagi uchrashuvlar o’tkazilmoqda. Ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari o’rtasidagi hamkorlik doirasida 2004 – 2015-yillarda siyosiy maslahatlashuvlarning 13- raundi o’tkazildi.

2011-yil oktabrida Pekinda O’zbekiston - Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo’mitasi ta’sis etildi. Uning doirasida har yili tarmoq kichik qo’mitalarining yig’ilishlari o’tkazilmoqda.
Mamlakatlarimiz o’zaro naf ko’rish tamoyillariga asoslangan, bir-birining manfaatlarini hisobga olgan holda ko’p qirrali savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga ustuvor darajada ahamiyat qaratmoqda.

O’zaro savdoning o’suvchanligi ijobiy bahoga loyiqdir. Masalan, keyingi olti yil ichida tovar aylanishi hajmlari uch barobarga o’sdi - 2008-yildagi 1,5 milliard AQSh dollaridan 2014-yili 4,76 milliard AQSh dollariga yetdi. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo’yicha bu ko’rsatkich 2,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 582 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 81 tasi to’laligicha Xitoy investitsiyalari hisobiga tashkil etilgan. Yurtimizda Xitoyning 70 kompaniyasi o’z vakolatxonasini ochgan.

O’zbekiston tomoni 2011-yili Pekin tomonidan ilgari surilgan O’zbekiston-Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parkini tashkil etish to’g’risidagi tashabbusini qo’llab-quvvatladi. U 2013-yilning mart oyida Sirdaryo viloyatida filiali bo’lgan “Jizzax” maxsus industrial zonasi shaklida tashkil etildi. Hozirgi paytda bu yerda mobil telefonlar, qurilish va pardozlash materiallari, sanitar-texnik buyumlar, tormoz kolodkalari, quyosh suv isitishi kollektorlari, tikuv mashinalari, teri buyumlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) va Xitoyning boshqa kompaniyalari O’zbekiston hududida uglevodorod konlarini topish va o’zlashtirish loyihalarida faol ishtirok etishmoqda. Mamlakatlarimiz o’rtasida eng qisqa temir yo’l tarmog’ini barpo etish ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning eng muhim strategik masalasi hisoblanadi.

Moliyaviy sohadagi hamkorlik ham faol rivojlanib bormoqda. Xitoy moliya institutlari kreditlarining umumiy hajmi 6 milliard AQSh dollaridan oshib ketdi. 1991- 2014-yillar oralig’ida Xitoy tomonidan O’zbekistonga sog’liqni saqlash, ta’lim, qishloq va suv xo’jaligi, bojxona va huquqni muhofaza qilish xizmatlari salohiyatini mustahkamlash, kadrlar malakasini oshirish sohalaridagi 35 ta loyihani amalga oshirish uchun qariyb 200 million AQSh dollari miqdorida grant mablag’lari taqdim etildi. Ularning 25 tasi allaqachon muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etildi.

Shuningdek, mamlakatlarimiz madaniyat va ilm-fan sohalaridagi aloqalarni ham rivojlantirmoqda. 2003-yilda Xitoyning Chanchun shahrida o’tgan VI jahon haykaltaroshlari forumi doirasida buyuk miniatyurachi Kamoliddin Behzod haykali ochildi.

O’zaro madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda “O’zbekiston - Xitoy” va “Xitoy Xalq Respublikasi - Markaziy Osiyo mamlakatlari” do’stlik jamiyatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2013-yil may oyida Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot institutida O’zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi ochildi.

O’zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda XXR Madaniyat vazirligi o’rtasidagi 2014-2017-yillarga mo’ljallangan madaniy almashinuvlar dasturi madaniy yo’nalishdagi o’zaro hamkorlikni kengaytirishga ko’maklashmoqda. Masalan, 2011-yilda Pekin va Sian shaharlarida O’zbekiston madaniyati haftaligi, 2012-yilda Toshkent va Samarqandda Xitoy madaniyati haftaligi o’tkazildi. 2013-yilda Xitoyning bir qator yirik shaharlarida “O’zbekistonning taniqli rassomlari asarlari” badiiy ko’rgazmasi tashkil etildi. O’z navbatida, 2014-yili Xitoyning yosh rassomlari ““Toshkent quvonchlari” V xalqaro bolalar rasmlari biyennalesida ishtirok etdilar. Unda to’qqiz yashar Pan Yuysze tanlovning asosiy mukofotiga sazovor bo’ldi. Xitoyning “Jiangsu Women’s Orchestra” guruhi 2015-yil 25-30-avgust kunlari Samarqandda bo’lib o’tgan “Sharq taronalari” o’ninchi xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini - Gran-pri sohibi bo’ldi.

Ta’lim sohasida davlat va idoralararo darajadagi, shu jumladan, o’zbek va xitoy tillarini o’rganish bo’yicha talabalar va amaliyotchilar almashinuvlarining ko’lamlari kengayib bormoqda. 2005-yili Toshkentda ochilgan Konfutsiy institutida har yili 350 nafardan ziyod tinglovchi tahsil oladi. Samarqand Davlat chet tillar instituti huzurida ikkinchi Konfutsiy instituti faoliyat ko’rsatmoqda.

2010-yilning iyunidan e’tiboran XXR Millatlar markaziy universitetida o’zbek tili bo’limi ish olib bormoqda, 2012-2013-o’quv yilidan boshlab Pekin chet tillar universitetida o’zbek tili o’qitilishi yo’lga qo’yildi.

Tomonlar sayyohlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. 2010-yildan O’zbekiston Respublikasiga xitoylik sayyohlarning guruh-guruh bo’lib sayohat qiladigan turistik mamlakat maqomini berish jarayoni boshlandi. 2013-yil noyabr oyida ikki mamlakat hukumatlari o’rtasida imzolangan sayyohlik sohasidagi hamkorlik to’g’risidagi Bitim bu yo’nalishdagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Xitoylik turoperatorlar muntazam ravishda, shu jumladan, “Mega-info-tur” dasturi doirasida ham O’zbekistonga kelishmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, O’zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o’rtasidagi turli darajalarni qamrab olgan bugungi munosabatlar ochiqlikka va ishonchli muloqotga asoslangani bilan izohlanadi. Barcha sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning barqaror o’suvchanligi hisobga olinadigan bo’lsa, shuni to’la ishonch bilan qayd etish mumkinki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xitoy Xalq Respublikasiga buyurgan ushbu tashrifi davlatlararo munosabatlar tarixidagi yana bir muhim voqyea bo’lib qolishi barobarida O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi o’zaro manfaatli hamkorlikning yanada chuqurlashishiga hamda yangi mazmun bilan boyishiga xizmat qiladi.

“Jahon” AA