“O’ZBEKISTONNI BORIB KO’RISHGA SHOSHILING”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar xorijiy davlatlarda ham katta qiziqish uyg’otmoqda. Xususan, yaqinda Turkiyaning “Konya Life” ijtimoiy-siyosiy jurnalida “O’zbekistonni borib ko’rishga shoshiling” sarlavhali maqola chop etildi.
Ta’kidlash joizki, “Konya Life” Turkiyaning nufuzli nashrlaridan biri bo’lib, Ko’niyo shahri munitsipaliteti ko’magida nashr etib kelinadi. Ko’niyo - shu nomdagi viloyatning markazi, bu yerda 2 million nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shuningdek, Ko’niyo shahri tarixiy maskanlari va oliy o’quv yurtlari bilan ham mashhur, o’z vaqtida bu yerda Umar Xayyom va Jaloliddin Rumiy kabi atoqli shoirlar va faylasuflar umrguzaronlik qilishgan.
“Konya Life” maqolasida mamlakatimizning sayyohlik markazlari haqida batafsil ma’lumotlar, O’zbekistonga sayohatni tashkil etish uchun ko’maklashadigan amaliy axborotlar beriladi. Jumladan, O’zbekistonda turizmning ziyorat yo’nalishi bo’yicha ulkan salohiyat mavjudligi, mamlakat boy tarixiy-madaniy merosga, me’morchilik durdonalariga ega ekani hamda ko’plab islomiy ziyoratgohlar, Sharqning buyuk olim va mutafakkirlari maqbaralari ayni shu o’lkada joylashganligi alohida ta’kidlanadi. Maqolada bularning barchasi hamda o’zbek xalqining mehmondo’stligi, ajoyib an’ana va urf-odatlari mamlakatga borgan har bir sayohatchida unutilmas taassurotlar qoldirishi qayd etiladi.
Shu bilan birga muallif jurnalxonlar e’tiborini O’zbekistonga boruvchi sayohatchilarning katta qismi Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Xitoy va Rossiya fuqarolari ekani haqidagi dalilga qaratadi. Uning fikriga ko’ra, “Yer sharining boshqa aholisiga qaraganda juda kam borishgani uchun ko’niyaliklar bu ma’lumotdan bir qadar uyalishi kerak. Vaholanki, mamlakatlarimizni teran tarixiy-madaniy rishtalar bog’lab turadi.
Zero, Ko’niyoda Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari hamda O’zbekistonda joylashgan Sharqning boshqa markazlari shu qadar mashhurki, hatto ba’zi kishilar bu nomlarni o’zlarining sevimli farzandlariga qo’yishgan”, deyiladi maqolada.
Shu bilan birga maqolada Ko’niyoda “Toshkent” deb atalgan shaharcha, “Buxoro” nomli mavze hamda “Samarqand” nashriyot uyi mavjudligi alohida mehr bilan qayd etiladi.
Turkiya hukumatini O’zbekiston bilan turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga da’vat etar ekan, maqola muallifi o’zbek xalqi samimiy va xayrixohligi bilan boshqalardan ajratib turishiga urg’u beradi hamda o’zaro uyg’un madaniyat, din va til kabi omillar mamlakatimiz aholisining turkiyalik mehmonlarga beriladigan qulaylik va imtiyozlarni oshirishiga xizmat qilishini ta’kidlaydi.
Maqola xulosasida O’zbekistonda nodir islomiy ziyoratgohlar mavjudligi alohida qayd etiladi va Sharqning durdonasi hisoblangan Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari musulmon olamida Makka va Madinadan keyin albatta ziyorat qilinishi lozim bo’lgan maskanlarga aylanishiga umid bildiriladi.
“Jahon” AA, Anqara