O‘ZBEKISTONNING IJTIMOIY BARQARORLIKNI TA’MINLASH BO‘YICHA SA’Y-HARAKATLARI BMT RASMIY HUJJATIDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, islom dinining tub mohiyati va mazmunini saqlash maqsadida O‘zbekiston hukumati ko‘rayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida Bosh Assambleya 71-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
BMTning rasmiy olti tilida tarqatilgan mazkur hujjatda oilalarda, mahallalarda va butun jamiyatda ijtimoiy va ma’naviy hayotni yanada rivojlantirish, sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlarni tarbiyalash vazifasi, tinch va osoyishta turmushni ta’minlash hamda muqaddas dinning sofligini saqlash bugungi kunlarda O‘zbekistonda har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlangan. “Aynan ana shu masalalar O‘zbekistonning bugungi va ertangi qiyofasini hamda o‘zbeklarning hozirgi va kelgusi avlodlari taqdirini belgilaydi”, deya qayd etiladi mazkur hujjatda.
Hayotning barcha sohalarida taraqqiyotning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun mamlakatimiz hukumati 2017-2021 yillarda respublikani yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qilgani, hozirgi paytda u izchil hayotga tadbiq etilayotgani ham mazkur hujjatda o‘z ifodasini topgan. “2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilingani hisobga olinar ekan, bu dasturning alohida ahamiyat kasb etishi yaqqol ayon bo‘ladi”. Bu yo‘nalishdagi amaliy choralar ifodasi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy va virtual qabulxonalari ochilgan.
Hujjatda qayd etilganidek, bugungi kunning o‘zidayoq bu tizimlar mamlakat fuqarolari ehtiyoji va talablarining qondirilishida muhim o‘rin tutadigan institutga aylanmoqda. Aholi bilan muloqotning qo‘llab-quvvatlanishi va odamlar manfaatlarining himoyasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatoridan joy oldi.
Bu ishlarning hammasi va barcha islohotlar, deya xabar beriladi hujjatda, O‘zbekistonda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, aholi farovonligini oshirish hamda sog‘lom va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, unda O‘zbekiston ko‘p etnik va dinlar vakillari istiqomat qiladigan davlat hisoblanishi ham ta’kidlangan. Bugungi kunda mamlakatda 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari yashashmoqda: ularning barchasi bir-biri bilan o‘zaro uyg‘unlik va hamjihatlikda, bir oiladek hayot kechirishmoqda. Bunda O‘zbekiston xalqi qadim-qadim zamonlardan buyon asrab kelayotgan bag‘rikenglik va ochiqko‘ngillik an’analari muhim o‘rin tutayotganiga shubha yo‘q.
Hujjatda ma’lum qilinganidek, o‘zbek zamini islom ilmi va madaniyati rivojlanishi hamda tarqalishining markazlaridan biri hisoblanadi. Xalqning ana shunday boy ma’naviy merosi har tomonlama o‘rganilishini ta’minlash va islom dinining chuqur insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilishga intilgan holda respublikamiz hukumati Toshkentda Islom tsivilizatsiyasi markazini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Xabar berilganidek, markazga kelib-ketuvchilar islom olamining o‘nlab donishmand ulamolari qanday hayot kechirishgani va nima bilan shug‘ullanishganini bilishlari mumkin bo‘ladi. Imom Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Nasafiy, Najmiddin Kubro, Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Hoja Ahror Valiy singari tabarruk zotlar, Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olim va mutafakkirlar, Kamoliddin Behzod va Mahmud Muzaxxib singari rassomlarning bebaho merosidan nodir namunalar, shuningdek, ular tug‘ilib ijod qilgan shaharlar tarixidan hikoya qiladigan osori-atiqalar mazkur markazdan o‘z o‘rnini topadi. Muzeyning qoq markazida muqaddas Qur’oni Karimning Mushafi Usmon nusxasi joylashtiriladi.
Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi hujjatida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilayotgani ham ma’lum qilingan. Islom taraqqiyot banki bu muassasa tuzilishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yuqoridagilar bilan birga, materialda xabar berilganidek, Imom Moturidiy nomli markazda qalam ilmini o‘rganish bo‘limi, Farg‘onada Marg‘inoniy nomli markaz negizida islom huquqi maktabi, Buxorodagi Bahouddin Naqshband markazida so‘fiylik tadqiqotlari markazi, Qashqadaryo viloyatidagi Abu Muin an-Nasafiy markazi negizida aqoid tadqiqotlari markazini tuzish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Shu tariqa barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mamlakatni rivojlantirish, ma’rifiy islomni qayta tiklash va targ‘ib etish, uning sofligini asrash, shuningdek, millatlararo va dinlararo do‘stlikni hamda jamiyat jipsligini mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar haqidagi batafsil ma’lumotlar BMT hujjatida o‘z aksini topdi.
“Jahon” AA