“O’ZBEKISTONNING IZCHIL IJTIMOIY-IQTISODIY TARAQQIYOTNI TA’MINLASH BORASIDAGI MUVAFFAQIYATLARI HURMAT-E’TIBORGA SAZOVORDIR”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Fumixiko Kato “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo’lib o’tgan suhbat chog’ida mamlakatimizning izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatlari haqidagi o’z fikr-mulohazalarini o’rtoqlashdi.
— Qariyb yarim asr davomida O’zbekiston o’zining mustaqil rivojlanish yo’lini bosib o’tdi, - dedi u. - Ko’pgina qiyinchiliklarni, shu jumladan, global moliyaviy-iqtisodiy inqirozni muvaffaqiyat bilan yengib o’tgani holda mamlakatingiz o’rtacha 8 foizni tashkil etadigan iqtisodiy o’sishning yuqori sur’atlarini namoyish etib kelmoqda. Umid qilamizki, Yaponiya va O’zbekiston o’rtasidagi o’zaro manfaatli munosabatlar bundan keyin ham rivojlanib, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo’lida yanada kengayadi.
Davlatimizning ijtimoiy siyosatidagi ustuvorliklari haqida to’xtalar ekan, diplomat Yaponiyada har yili 21-sentabr keksalarni qadrlash kuni sifatida nishonlanishi an’ana tusini olganini ma’lum qildi. Shuning munosabati bilan, ikki mamlakat xalqlarining ma’naviy va ahloqiy qadriyatlarida mushtarak jihatlar mavjudligini ta’kidlar ekan, u 2015-yilning O’zbekistonda “Keksalarni e’zozlash yili”, deb e’lon qilinganini tabrikladi. “Men mamlakat taraqqiyotiga o’z hissalarini qo’shgan keksa fuqarolarga e’tibor va g’amxo’rlik ko’rsatilishi davlat siyosati daradjasiga olib chiqilgani juda to’g’ri bo’ldi, deb hisoblayman”, dedi Yaponiya elchisi.
Shuningdek, F.Kato mamlakatimizda sog’liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga ham yuqori baho berdi. Uning fikr bildirishicha, O’zbekistonda mustaqil rivojlanish yillari davomida onalar va bolalar salomatligi muhofazasini kuchaytirish bo’yicha dasturlar muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etildi. Bolalar va onalar o’limi darajasini pasaytirish borasida salmoqli natijalarga erishildi.
— Respublikangizning 2014-yil oktabr oyida Urganchda «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo’yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusida xalqaro konferensiyani o’tkazish tashabbusi ham o’ziga katta e’tiborni jalb qildi, - dedi Yaponiya elchisi. - Orolbo’yidagi sog’liqni saqlash muammolarini hal etish ushbu tadbirdan ko’zlangan maqsadlardan biri bo’ldi.
Suhbat chog’ida F.Kato mamlakatimizning mintaqada tutgan o’rni hamda O’zbekiston yuritayotgan tashqi siyosat masalalariga alohida to’xtaldi.
— O’zbekiston transkontinental yo’lning chorrahasida, Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan, - dedi Yaponiya elchisi. - Mintaqa transport tizimida uning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Mustahkam kommunikatsiya tizimlarini yo’lga qo’yish nafaqat mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotida, balki ushbu keng miqyosli hududda tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida ham muhim ahamiyatga egadir. Yaponiya mustaqillikning birinchi kunlaridan buyon O’zbekistonni qo’llab-quvvatlab keladi. O’tgan davr mobaynida rivojlanishga ko’maklashish, ko’ngillilarni yo’llash va kreditlar ajratishni ko’zda tutadigan katta miqdordagi qo’shma loyihalar amalga oshirildi. So’nggi paytlarda mamlakatingizda elektr energiyasi, avtobus va yuk transporti ishlab chiqarish, kimyo o’g’itlari, axborot texnologiyalari, irrigatsiya singari sohalarda keng qamrovli biznes loyihalarni hayotga tadbiq etish yuzasidan yapon kompaniyalarining faoliyati jadallashayotgani kuzatilmoqda.
Qo’shma tadbirlar tashkil etish va talabalar almashish vositasida bizlarning madaniy-gumanitar aloqalarimiz ham tobora rivojlanmoqda.
Umuman olganda, men O’zbekistonda Yaponiya elchisi sifatida ishlayotganimdan mamnunman. Xalqingiz o’zining mehmondo’stligi bilan ajralib turadi, mamlakatingizda tinchlik-osoyishtalik, chor atrofda oqko’ngillik va mehmonlarga nisbatan hurmat muhiti hukmron. Toshkent qadim-qadim zamonlardan beri o’z xalqining samimiyati bilan mashhur bo’lib kelayotgani bejiz emas. U bugungi kunda ham dunyodagi eng mehmondo’st megapolislardan biri bo’lib qolmoqda.
O’zbek xalqini Mustaqillikning 24 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi bir-birini to’g’ri tushunish va hurmatga asoslangan do’stona munosabatlar bundan keyin ham rivojlanishiga, davlatlarimiz manfaatlari yo’lida mustahkamlanib boraverishiga aminman. O’zbekistonga va uning xalqiga chin dildan tinchlik-xotirjamlik, farovonlik va gullab-yashnashini tilayman.
“Jahon” AA