“O’ZBEKISTONNING MEVA-SABZAVOT HAMDA POLIZ MAHSULOTLARI AJOYIB VA TENGSIZDIR”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Toshkentdagi “O’zekspomarkaz” milliy ko’rgazmalar majmuida I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi o’z ishini davom ettirmoqda.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 1 iyundagi “Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o’tkazib turish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori ushbu keng qamrovli xalqaro tadbirni tayyorlash va o’tkazishga dasturilamal hujjat bo’lib xizmat qildi.
Jahonning 40 dan ziyod mamlakatida faoliyat ko’rsatadigan meva-sabzovot jabhasidagi kompaniya va tashkilotlarning ko’p sonli vakillari hamda respublikamiz barcha mintaqalarini namoyon qilgan o’zbek ishlab chiqaruvchilari O’zbekiston meva-sabzavot tarmog’ining salohiyati bilan tanishish uchun uchrashdilar.
Ushbu yarmarka nafaqat ko’p sonli xorijiy kompaniya va tashkilotlar, balki mamlakatimizda akkreditatsiyadan o’tgan diplomatiya korpusi vakillarining ham diqqat markazida turibdi. Ularning ayrimlari ushbu xalqaro tadbir yuzasidan o’z fikr-mulohazalarini o’rtoqlashdilar.
Yaponiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Fumixiko Kato:
— Mazkur yarmarka O’zbekistonda birinchi marotaba o’tkazilmoqda. Ushbu tadbir muvaffaqiyatli boshlanganini hamda yuqori darajada tashkil etilganini qayd qilishni istar edim. Qishloq xo’jaligi - mamlakatingizdagi muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi, yuqori qo’shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ham yo’lga qo’yilgan. Bu mahsulotlarni butun dunyoga, shu jumladan, Osiyo mamlakatlariga eksport qilish sohasida katta salohiyat mavjuddir.
Yaponiya, o’z navbatida, O’zbekistondagi irrigatsiya tizimlari rivojlanishini qo’llab-quvvatlamoqda. O’tgan yili Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakolatxonasining ko’magida hayotga tadbiq etilgan 120 million AQSh dollariga teng hajmdagi qo’shma loyiha bu fikrni tasdiqlaydi.
Xorijga mahsulotlarni eksport qilish borasida mamlakatimiz ega bo’lgan katta tajribadan kelib chiqadigan bo’lsak, biz respublika milliy brendini yaratish va meva-sabzavotlar savdosi borasidagi yordamni kengaytirishni istaymiz, shuningdek, mamlakatingiz agrar jabhasining yanada modernizatsiyalashuvi uchun moliyaviy mablag’larni yo’naltirish niyatidamiz.
O’zbekistonning meva-sabzavotlari hamda poliz mahsulotlarining ta’mi va sifati haqida to’xtalar ekanman, men olma, uzum, qovun va tarvuzlarni alohida qayd etishni istardim. Ular ajoyib va tengsizdir.
Italiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Rikkardo Manara:
— Ushbu yarmarka yuqori darajada tashkil etilgani bilan ajralib turadi. O’zbekiston meva va sabzavot yetishtirish jabhasida va bu mahsulotlarni xorijga eksport qilish borasida katta salohiyatga ega. O’ylaymanki, istiqbolda respublika jahonning meva va sabzavotlar bozorida muhim mamlakat bo’lib qolishi mumkin.
Italiya va O’zbekiston logistikani rivojlantirish hamda meva va sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun muzlatish kameralarini yaratish loyihasi doirasida o’zaro hamkorlik qilmoqda. Ushbu yarmarka ishida mazkur loyiha amalga oshishidan manfaatdor bo’lgan ikki yirik Italiya kompaniyasi ishtirok etmoqda.
Yana shuni ham qayd etishni istardimki, O’zbekistonda yetishtirilgan mevalar benihoya rang-barang, ta’m jihatidan a’lo darajadadir. Ular dunyodagi eng shirin mevalardan hisoblanadi.
Malayziyaning AM Avenue SDN BHD savdo kompaniyasi bosh direktori Zaid Abdulla al-Amdi:
— Mana shunday keng qamrovga ega bo’lgan yarmarka bizga O’zbekistonning meva va sabzavot bozorini hamda mamlakatning bu sohadagi salohiyatini tadqiq etish imkonini berganidan juda mamnunmiz. Bu yerda yetishtiriladigan barcha meva va sabzavotlar mahsulotlari tabiiydir, ular o’zining ajoyib ta’mi bilan ajralib turadi. Shu boisdan ham O’zbekistonning bu ne’matlari xorijda yuqori baholanadi.
Shuni qayd etish zarurki, O’zbekistonning mazkur jabhadagi imkoniyatlari hamda mamlakatda ularni eksport qilish uchun yaratilgan har tomonlama sharoitlar namoyishi bu tadbirga nisbatan xorijiy kompaniyalarning qiziqishlarini oshirishi barobarida shartnomalar imzolanishi samaradorligini ham yaxshilaydi.
“Jahon” AA