O‘zbekistonning shonli tarixi va boy merosi Xitoyning “CCTV 6” telekanali nigohida
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Xitoyning “CCTV 6” telekanali O‘zbekistonning ko‘hna va shonli tarixi hamda boy madaniy va me’moriy merosi haqidagi “O‘zbekiston tarixiga nazar yoxud Buyuk ipak yo‘li taqdimoti” deb nomlangan hujjatli filmning birinchi qismini 800 millionga yaqin auditoriyani tashkil qiladigan tomoshabinlari e’tiboriga havola etdi.
Bu mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan O‘zbekistonning xalqaro nufuzini ilgari surish va mustahamlash, diyorimizning sayyohlik va madaniy salohiyatini keng targ‘ib etish, ushbu sohalarda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarni Xitoy Xalq Respublikasi jamoatchiligiga yetkazish yuzasidan olib borayotgan sa’y-harakatlarining yorqin amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.
Ushbu hujjatli film “CCTV 6” telekanalining World Film Report teleko‘rsatuvi boshlovchisi, Xitoydagi taniqli telejurnalist Van Nintun boshchiligidagi ijodiy guruhning joriy yil may oyida O‘zbekiston bo‘ylab uyushtirilgan ijodiy safarning mahsuli sifatida dunyo yuzini ko‘rdi.
World Film Report sayyohlik va sayohatni ommalashtirishga ixtisoslashgan teledastur hisoblanadi. U o‘zining doimiy tomoshabinlari soni bilan Xitoydagi sayohat orqali bilimlarni oshirish borasidagi ko‘rsatuvlar orasida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Namoyish qilingan filmning ushbu birinchi qismini mamlakatimizning tarixi va zamonaviy qiyofasi haqidagi muxtasar hikoyasi bilan boshlar ekan, muallif bugungi O‘zbekiston Abu Rayhon Beruniy, sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali Ibn Sino singari ko‘pdan-ko‘p buyuk alloma va mutafakkirlarga beshik bo‘lganini alohida ta’kidlaydi.
Jurnalist qadim Buyuk ipak yo‘li tarixi xususida to‘xtalib, bu mashhur magistralda jahonga dong‘i ketgan, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand, go‘zallikda betakror Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent singari shaharlar juda muhim o‘rin tutganini qayd etadi. Hujjatli film ushbu tarixiy kentlar bag‘rida joylashgan, dunyoga dong taratgan me’moriy yodgorliklar – mashhur Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi, Ark qal’asi, Labi hovuz majmui, Somoniylar maqbarasi, Ichon qal’a, Kalta minor, Oqsaroy va boshqa qator me’moriy obidalar bilan tomoshabinlarni yaqindan tanishtiradi.
Kartinada tarix zarvaraqlarida bunyodkor shaxs sifatida o‘chmas iz qoldirgan Amir Temur, u va Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat jadal rivojlangani o‘z e’tirofini topgan. Muallif buyuk sohibqiron asos solgan ulkan saltanat haqidagi fikrlarini rivojlantirib, “Agar o‘sha davrda Amir Temur Xitoyning Min dinastiyasi ustiga o‘z qo‘shinini tortganida bugungi dunyo butunlay o‘zgacha qiyofa va mazmun kasb etgan bo‘lar edi”, deydi. Reportajda Ikkinchi jahon urushi boshlanishiga oid tarixiy lavhalardan ham o‘z o‘rnida foydalanilgan. “CCTV 6” telekanali bugungi kunlarda O‘zbekistonda Amir Temur merosini asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga yetkazishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida qayd etadi.
Xitoylik jurnalist islom uyg‘onishi davri haqidagi fikrlarini tomoshabinlar bilan o‘rtoqlashar ekan, jahon tabobati ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sinoni bu davrning yorqin siymosi, deya ta’riflaydi. Filmda buyuk alloma hayoti, uning noyob iqtidor egasi sifatidagi ilmiy faoliyati haqida atroflicha va to‘lqinlanib so‘zlanadi. Muallif, shuningdek, dunyoning boshqa mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatadigan mutaxassis, sharqshunos va tarixchi olimlarning Ibn Sino haqidagi fikrlarini ham tomoshabinlar e’tiboriga havola qilgan.
Syujetda o‘zbeklar zaminida yashagan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullangan buyuk olim va mutafakkirlar Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek jahon ilm-fani taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shganiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Yuqoridagilar bilan birga, O‘zbekiston hududida arxeologlar tomonidan kashf etilgan qadimgi shahar va qo‘rg‘onlar, topilgan buddaviylik yodgorliklari, turli qadimgi tangalar, sopol buyumlar va boshqa madaniy meros xususida ham atroflicha fikr yuritilgan.
O‘lkamiz ana shunday tarixiy-madaniy boylikka ega ekanini nazarda tutgan holda muallif “Ko‘hna va shonli tarixga ega O‘zbekiston o‘zining mislsiz merosi, go‘zallikda betakror masjidlari, maqbara va madrasalari bilan butun dunyo sayyohlarining e’tiborini ohanrabodek o‘ziga jalb etayotgani”ni alohida ta’kidlaydi.
Ma’lumot tariqasida shuni ham qayd etish joizki, “CCTV” (Chinese Central Television) Xitoyda asosiy ijtimoiy teletarmoq hisoblanadi. “CCTV 6” esa tarmoq ichida kino mahsulotlarini efirga uzatuvchi Xitoy hududidagi eng yirik telekanaldir.
Xitoy ijodiy guruhi rahbari Van Nintunning ma’lum qilishicha, “O‘zbekiston tarixiga nazar yoxud Buyuk ipak yo‘li taqdimoti” hujjatli filmi jami 5 qismdan iborat bo‘ladi. Uning navbatdagi qismi ham hademay Xitoy tomoshabinlarining e’tiboriga havola qilinadi.
“Dunyo” AA