“O’ZBEKISTONNING VIJDON ERKINLIGI SOHASIDA ERISHGAN YUTUQLARI”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Poytaxtimizdagi O’zbekiston musulmonlari idorasida bo’lib o’tgan matbuot anjumani ana shunday nomlandi.
Ma’lumki, istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda yashab, faoliyat ko’rsatayotgan turli konfessiya vakillari ma’naviy dunyosining rivoji, e’tiqod erkinligi uchun keng yo’l ochildi. Mamlakatimizda din xalqimiz ma’naviy-madaniy hayotining uzviy qismi ekanligidan kelib chiqqan holda unga bo’lgan munosabatini “Dunyoviylik - dahriylik emas” tamoyili va “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi” degan aniq ishonch asosida qat’iy va prinsipial tarzda belgilangan.
Tadbir chog’ida Din ishlari bo’yicha qo’mita raisi O.Yusupov, Toshkent islom universiteti rektori, professor R.Abdullayev, O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimovlarning “O’zbekistonda davlat va din munosabatlari”, “O’zbekistonda diniy ta’lim islohotlari”, “Mustaqillik yillarida din sohasida amalga oshirilgan o’zgarishlar samarasi” mavzulariga bag’ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
Ularda qayd etilganidek, hukumatimiz tomonidan har yili turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolar uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, har yili fuqarolarimizning muqaddas qadamjolarga safarlari tashkil etilmoqda. Joriy yilda ham 5 ming 200 nafar musulmon Haj va 6 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Umra safari amallarini mukammal bajarishga muvaffaq bo’ldilar. Mustaqillikning 25 yili davomida o’zbekistonlik hojilar soni 100 ming, umra ziyoratini ado etgan musulmonlar esa 90 ming nafardan oshdi.
Anjumanda O’zbekistonda fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag’rikenglik va dinlararo do’stlik, hamkorlik g’oyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Shu o’rinda O’zbekiston xalqi diniy bag’rikenglik g’oyalariga sodiq ekanligini alohida ta’kidlash o’rinli bo’ladi. Buning yaqqol ifodasi sifatida dinlararo do’stlik va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Imom Buxoriy” xalqaro markazi, Toshkent Islom universiteti, O’zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli diniy ta’lim muassasalari, pravoslav va protestant seminariyalarida diniy bag’rikenglikni targ’ib etuvchi turli tadbirlar muntazam ravishda tashkil etilmokda.
Matbuot anjumanida respublikamizda faoliyat ko’rsatayotgan turli konfessiyalar tomonidan O’zbekistonda dindorlarining emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgani e’tirof etilayotgani ham qayd qilindi. Masalan, musulmonlar uchun “Hidoyat” va “Islom nuri” nashrlari, pravoslavlikka e’tiqod kiluvchilar uchun “Slovo jizni” gazetasi, “Vostok svo‘she” jurnali, shuningdek, ibodat ma’ruzalari va boshqa ma’rifiy nashrlar chop etilayotir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda barcha diniy tashkilot va konfessiyalar vakillari faoliyati uchun birdek qulay imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, joriy yilning aprelida dunyo nasroniylari qatorida o’zbekistonlik pravoslav cherkovi izdoshlari ham Pasxa bayramini keng nishonlashdi. Shu munosabat bilan ulardan 130 dan ziyodi Isroilning Quddusi sharif shahridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat etib keldi. Bu kabi ziyoratlar har yili tashkil etiladi. Bundan tashqari, ular yil davomida Gretsiya, Turkiya va Rossiyaning turli qadamjolarini ziyorat etish imkoniga egadirlar.
Bugungi kunda dinning asl insonparvarlik mohiyatini asrash, uni turli noto’g’ri qarashlardan sof holda saqlash, dinning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini jamiyatdagi barqarorlik, ijtimoiy hamkorlik, konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga yo’naltirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mavjud muammolarni hal etish jamiyatimizning barcha a’zolari oldiga qator vazifalarni qo’yadi. Jumladan, respublikamizda olib borilayotgan vijdon erkinligi sohasidagi siyosat, uning amaliy natijalari, mamlakatimizda qaror topgan bag’rikenglik muhitini omma orasida keng yoritishga qaratilgan tadbirlarga diniy tashkilotlar vakillari, mutaxassis olimlarni faol jalb qilish orqali ularning samardorligini ta’minlashni taqozo etadi.
Har yili respublikadagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog’lomlashtirish borasida diniy tashkilotlar xodimlari tomonidan mahallalar, o’rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida targ’ibоt-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Tashkil etilayotgan ma’naviyat soatlarida o’quvchi va talabalar, professor-o’qituvchilar ishtirokida zamonamizning dolzarb mavzulari yoritilmoqda.
Bugungi kunda O’zbekiston millatlar va dinlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashga yunaltirgan odilona siyosati natijasida jahon hamjamiyatiga ibrat namunasini ko’rsatayotgani hammaning ko’z o’ngida namoyon bo’lmoqda.
Matbuot anjumani doirasida diniy-ma’rifiy ishlar ko’rgazmasi ham bo’lib o’tdi.
— Bugungi kunda yurtimizda 2 ming 40 ta masjid faoliyat olib bormoqda, yoshlarimiz tinchlik dini bo’lgan musaffo Islom dinimiz asoslarini Toshkent Islom instituti hamda 9 ta o’rta-maxsus islom bilim yurtlarida o’qib-o’rganish imkoniyatlariga egalar, - O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov “Jahon” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusi chog’ida. - Muqaddas ziyoratgohlarimiz obod etildi, ularda qo’nim topgan bobokalonlarimizning bebaho ilmiy merosi xalqimizga yetkazilmoqda. Kezi kelganda ta’kidlash joizki, bu yutuqlar qanday qo’lga kiritilgani, xalqimizga xos bo’lgan sabr-bardosh, mamlakat kelajagiga qat’iy ishonch, hamjihat, hamfikr bo’lib yashash, tinchlik-totuvlikni asrash, bag’rikeng bo’lish, o’zaro mehr-oqibat ko’rsatish kabi ulug’ fazilatlar haqida odamlarga, xususan, o’sib kelayotgan yosh avlodga atroflicha so’zlab berishimiz lozim. Toki ular bugungi murakkab sharoitda tinchlikni asrash uchun ogoh bo’lish, sezgirlik va hushyorlik har qachongidan ko’ra muhim ekanligini to’la anglab yetsinlar.
Yoshlarimiz tinchlik-osoyishtalikda, farovon hayot kechirishlari, ularning ilmli va bilimli bo’lib voyaga yetishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar muhim ahamiyatga egadir.
Hozirgi kunda O’zbekistonda barcha diniy tashkilotlarga qonun doirasidagi teng sharoitlar yaratib berilgan bo’lib, qonun doirasida ularning barcha istaklari ro’yobga chiqarilmoqda.
— Mamlakatimizda diniy, milliy va irqiy asosdagi kamsitish yoki nizolar ro’y bermagan, - dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitaning bo’lim boshlig’i M.Yuldashev. - O’zbek xalqining bag’rikengligi, turli e’tiqod va madaniyatlarga hurmat bilan qarashi dunyo miqyosida o’z e’tirofini topmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar vakillari, 16 ta konfessiyaga mansub 2 ming 239 diniy tashkilot Konstitutsiyamiz kafolatlab bergan teng xuquqlilik asosida demokratik, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo’lida yagona oila a’zolaridek birdam bo’lib faoliyat ko’rsatayotgani e’tiborga molik jihat hisoblanadi.
Matbuot anjumani ishtirokchilar va diniy tashkilotlar vakillarining savol-javoblariga boy bo’ldi.
“Jahon” AA