ORIYAT, G’URUR VA SHIJOAT BAHSI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Termiz shahrida kurash bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag’ishlangan o’n uchinchi xalqaro turnir bo’lib o’tdi.
Mustaqillikning ilk yillaridanoq milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, rivojlantirish va targ’ib etish borasida olib borilgan ulkan sa’y-harakatlar tufayli kurash dunyo hamjamiyati e’tiborini tortdi. Ushbu sport turi bo’yicha jahon hamda qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar yuksak saviyada tashkil qilinayotgani unga bo’lgan qiziqishni kuchaytirmoqda. Xususan, 1993 yildan buyon Termiz shahrida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag’ishlab har ikki yilda o’tkazilayotgan xalqaro turnir bu borada beqiyos ahamiyat kasb etayotir.
Termizdagi “Alpomish” stadioni. Bu yerga o’n mingdan ortiq tomoshabinlar yig’ildi. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, musobaqaning barcha jarayoni televideniye orqali to’g’ridan-to’g’ri efirga uzatib turildi. Bu ham sport ixlosmandlariga katta qulaylik tug’dirdi.
Chorlov sadolari ostida maydonga 46 davlat sport delegatsiyasi kirib keldi.
Surxondaryo viloyati hokimi E. Turdimov O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag’ishlangan o’n uchinchi xalqaro turnirni ochiq, deb e’lon qildi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, mamlakatimiz hamda musobaqa bayrog’i ko’tarildi.
Tadbirda O’zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo’mitasi raisi R. Qurbonov, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti H. Farmon hamda boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida sport, xususan, kurashni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlashdi. O’z navbatida, nufuzli musobaqa qatnashchilariga omad tilashdi.
Bir vaqtning o’zida uchta gilamda 73, 90 kilogramm va mutlaq vazn toifasida bellashuvlar bo’lib o’tdi. Stadionga yig’ilgan tomoshabinlar sportchilarni olqishlar bilan qo’llab-quvvatlab turdilar.
Yakuniy natijalarga ko’ra, 73 kilogramm vazn toifasida hamyurtimiz Hikmatilla To’rayev g’oliblikka erishdi. Ikkinchi o’rin Davlat Abrayevga nasib etgan bo’lsa, Sherbek Abloqulov va Suhrob Xudoyberdiyev keyingi pog’onadan joy oldi. 90 kilogramm vazn -toifasida ham vakillarimiz eng yaxshi natijalarni ko’rsatishdi. Jumladan, barcha raqibini katta ustunlik bilan yenggan Yahyo Imomov oltin, Shuhrat Arslonov kumush, Dilshod Choriyev va Kamoliddin Rasulov bronza medalni qo’lga kiritdi. Har ikkala vazn bo’yicha g’oliblar pul mukofotlari hamda esdalik sovg’alar bilan taqdirlandi.
Mutlaq vazn bo’yicha kechgan bahslar ham kurash ishqibozlariga zavqu shavq bag’ishladi. Finalda hamyurtimiz Abdulla Xoliyorov va rossiyalik polvon Artyom Osipenko o’zaro kuch sinashdi. Bellashuvda Abdulla zafar quchdi. Shunday qilib, Abdulla Xoliyorov O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini — 25 ming dollar bilan taqdirlandi. Artyom Osipenko 10 ming dollar, 3-o’rin sohiblari Bekmurod Oltiboyev hamda Baxtiyor Mengliqulovning har biri 2,5 ming dollardan pul mukofoti bilan rag’batlantirildi.
— Afrika qit’asida ham kurashga qiziqish juda katta, — deydi Kongo Respublikasi sportchisi Meddey Mbenza. — Termiz shahrida tashkil etilgan musobaqada qatnashib, o’zim uchun kurashning yana yangi qirralarini kashf etdim. Bellashuvlar bunday katta maydonda, muxlislarning olqishi ostida o’tgani unga alohida ruh bag’ishladi, menda unutilmas taassurot qoldirdi. Musobaqa bahonasida nomi yetti iqlimga taralgan O’zbekistonni ziyorat qilish, uning go’zal shaharlari, samimiy, mehmondo’st xalqi bilan yuzma-yuz ko’rishish, muloqot qilish baxtiga muyassar bo’ldim. Bundan behad mamnunman.
...Atrofni rango-rang shu’lalar bilan yoritgan mushaklar yog’dusi nufuzli musobaqaga o’ziga xos yakun yasadi.