OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI – DOLZARB MASALA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda deputatlar, O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mas’ul xodimlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlari olimlari, Ekoharakat faollari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari B.Alixonov, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi U.Muhammadiyev va boshqalar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xo‘jaligini tubdan diversifikatsiya qilish va aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlashga qaratilganini, shuningdek, yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning xalqaro bozordagi yuksak raqobatbardoshligini ta’minlashga yo‘naltirilganini ta’kidladi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mavsumining o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu mavsum yangi ko‘katlar tabiiy sharoitda yetiladigan mart oyining dastlabki kunlaridan boshlanib, butun yil mobaynida, bozorlarga uzum, qovun, xurmo va behining kechki navlari yetkazib beriladigan dekabr oyining boshiga qadar davom etadi. Ular bebaho iste’mol xususiyatlari, ya’ni tarkibida tabiiy shakar, amino va organik kislotalar, salomatlik uchun muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan boshqa mintaqalarda yetishtirilgan ana shunday mahsulotlarga nisbatan yuqori baholanadi.
O‘zbekistonda shakllangan sabzavotchilik va bog‘dorchilik madaniyati azaldan mahalliy o‘g‘itlardan foydalanishni ko‘zda tutadigan biologik dehqonchilik prinsiplariga asoslangan. Bu genlarni modifikatsiya qilish texnologiyalarini qo‘llamasdan, juda mazali ta’mga va iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lgan ekologik toza meva va sabzavotlar yetishtirish imkonini beradi. Albatta, bunda mamlakatimiz seleksionerlarining munosib hissasi bor. Zero, ularning izlanishlari tufayli erta, o‘rta va kechpishar sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 170 dan ortiq navi, meva va rezavor ekinlar hamda uzumning 175 yangi navi yaratilgan.
Davra suhbati ishtirokchilari mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridayoq oziq-ovqat xavfsizligiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralganini qayd etib, o‘tgan davr mobaynida sohaga oid mustahkam qonunchilik asoslari yaratilganini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”, “Urug‘chilik to‘g‘risida”, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Veterinariya to‘g‘risida”, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi, o‘zaro fikr almashildi.
"Jahon" AA