OZODLIK, OBODLIK VA BUYUK KELAJAK TIMSOLI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Prezidentimiz Islom Karimov farmoniga binoan 1991-yil 5-sentabrda mamlakatimizning bosh maydoniga Mustaqillik maydoni nomi berilgan.
Er sharida alohida ajralib turgan O‘zbekiston xaritasi, farzandiga mehr-la termulgan baxtiyor ona siymosi, parvozga shaylangan turnalar... Mustaqillik maydonida qad rostlagan bu ramzlarda Vatan, istiqlol, milliy g‘urur, tinchlik-totuvlik, ona mehri, barqarorlik, obodlik, buyuk kelajak nafasi bor.
Ha, Mustaqillik maydoni el-yurtimiz hayotida chuqur ma’no-mazmunga ega. Bu ulug‘vor maskan ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan, bugungi baxtiyor avlodlarga nasib etgan eng ulug‘, eng aziz ne’mat – istiqlolimiz, kelajagi buyuk davlat barpo etish yo‘lida yuksak marralarni zabt etayotgan azmu shijoatli xalqimiz qalbidagi ezgu va beg‘ubor orzular ifodasidir.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari samarasida Toshkentning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Milliy me’morlik va zamonaviy arxitektura an’analarini o‘zida mujassam etgan muazzam maydonlar, so‘lim bog‘lar, keng va ravon yo‘llar, mahobatli ko‘priklar, ko‘rkam uy-joylar, ijtimoiy obyektlar shahar ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishladi.
Davlatimiz rahbari g‘oyasi va rahnamoligida Mustaqillik maydonida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilib, u yaxlit me’moriy ansambl, noyob majmua ko‘rinishini oldi. Bu yerda olib borilgan bunyodkorlik ishlari bosh maydonimizning nafaqat manzarasini, balki mazmun-mohiyatini ham tubdan o‘zgartirib yubordi.
Bir vaqtlar asosan beton bilan qoplangan maydon bugun dilga orom bag‘ishlovchi fusunkorlik kasb etgan. Kashtan, qarag‘ay, archa, eman, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli buta va gullarni ko‘rib, yayraysiz.
Mustaqillik maydoniga Ezgulik arkasi orqali kirib boriladi. Arka tepasidagi parvozga shaylanayotgan turnalar xalqimizning o‘z buyuk orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi yuksak intilishlari timsollaridir.
Muazzam maydonga qadam qo‘yar ekanmiz, ajib sokinlikni, uning zamirida mujassam bo‘lgan mamlakatimizdagi osoyishtalikni teran his etamiz. Shu bilan birga, bugungi tinch-osuda hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishganimiz xayoldan o‘tadi. Tilimiz, dinimizning g‘arib ahvoli, ulug‘ ajdodlarimizning muqaddas xoklariga e’tiborsizlik, milliy g‘ururimiz, insonlik sha’nimiz, urf-odatlarimizni mensimaslik... Qalbimizga alam va azob solgan o‘sha mash’um xotiralar har birimizni mustaqillik atalmish eng ulug‘, eng aziz ne’matning, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetishga chorlaydi.
– Yoshligim mana shu maydonga tutash Anhor bo‘ylarida o‘tgan, – deydi Erkin ota Rasulov. – O‘sha davrlarda maydonning umrida yurtimizga biror marta ham qadam qo‘ymagan, tariximiz va qadriyatlarimizga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan “dohiy” nomi bilan atalganidan ajablanardik. Maydon uzra yurgan mustamlakachilikning harbiy mashinalari dilga hadik solardi. Hozir ushbu ulug‘vor maskanda o‘zbekning munis onasi, kelajagimizni o‘zida mujassam etgan beg‘ubor bolakay qiyofasi nurlanib turibdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2005-yilning 28-dekabrida Mustaqillik monumenti oldida Baxtiyor ona siymosi ifoda etilgan muazzam haykal qad rostladi. Bugungi tinch, osuda hayotimiz, porloq kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchimiz aks etgan, farzandini bag‘riga bosib, unga termulib turgan baxtiyor ona siymosida har birimiz o‘z onamizni, beg‘ubor bolaligimizni, barkamol avlodimizni ko‘rgandek bo‘lamiz. Mazkur majmua erkin demokratik davlat, inson huquqlari va manfaatlari barcha narsadan ustun turadigan fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan mamlakatimizda ayol zotiga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtirom ifodasidir.
Bugun jamiyatimizda xotin-qizlarni qadrlash, ona va bola salomatligini mustahkamlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, har qaysi millat va xalqning ma’naviy kamolotini go‘yoki oynadek aks ettiradigan shunday bir mezon borki, u ham bo‘lsa, jamiyatning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati, hurmati bilan belgilanadi. Shu jihatdan mamlakatimiz bosh maydoni markazida qad rostlagan Baxtiyor ona haykali yurtimizda oila qo‘rg‘onining chiroyi va charog‘boni bo‘lgan ayol zotiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasidir.
Maydonning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan obidadagi zarhal Yer shari ramzida alohida ajralib turgan O‘zbekiston xaritasini ko‘rgan yurtdoshlarimiz shuurida cheksiz g‘urur-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Ushbu tasvir Vatanimiz dunyo ichra yagonaligi, uning jahon ayvonida o‘z o‘rni, obro‘si borligi va shuhrati tobora yuksalib borayotgani ifodasidir.
Xalqimizning orzu-intilishlarini teran ifoda etgan, yoshlarimizning ma’naviy olamini ezgu g‘oyalar asosida shakllantirish va kamol toptirishga xizmat qilayotgan mazkur majmuaga Yurtboshimiz taklifiga binoan Mustaqillik va ezgulik monumenti, deb nom berilgan.
Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. Bosh maydonimizning ajralmas qismiga aylangan Xotira maydoni bugungi dorilomon kunlarimiz uchun jon fido qilgan vatandoshlarimizga yuksak ehtirom ifodasidir. Xiyobon markazidagi mangu alanga, Motamsaro ona haykali, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik jangchilarning ism-familiyasi bitilgan ayvonlar tokchalariga o‘rnatilgan metall taxtalar yurtimizda inson oliy qadriyat, xotirasi muqaddas ekanidan so‘zlab, har birimizni yurtimizda hukm surayotgan, eng katta boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrashga chorlaydi.
Bugun Vatanimizning bosh maydoni yurtdoshlarimiz uchun sevimli sayilgoh, tabarruk ziyoratgoh va yuksak ma’naviyat maskanidir. Umumxalq bayramlari va tantanali marosimlarda, sportchilarimizni xalqaro musobaqalarga kuzatish paytida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yish yaxshi an’anaga aylangan. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy mamlakatlar rahbarlari, turli darajadagi delegatsiyalar vakillari ham davlatimizga bo‘lgan hurmatini ushbu Monument poyiga gulchambar qo‘yish orqali ifoda etmoqda.
– Bundan besh yil avval kelgan bo‘lsam-da, poytaxtimizni taniyolmay qoldim, – deydi samarqandlik Gulnora Saidova. – Shu qisqa vaqt oralig‘ida Toshkent qiyofasi mislsiz darajada o‘zgaribdi. Go‘zal bino va inshootlar, ko‘chayu xiyobonlar poytaxt chiroyiga chiroy qo‘shibdi. Ayniqsa, Mustaqillik maydonidagi o‘zgarishlarni ko‘rib yuragim hayajonga to‘ldi. Yurtboshimiz aytganidek, hech kimdan kam emasligimizga, kam bo‘lmasligimizga yana bir karra ishonch hosil qildim.
Maydonni tomosha qilayotganlar orasida ko‘plab chet elliklarni ham uchratish mumkin.
– Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman, – deydi xitoylik tadbirkor Kizxi Yanszyun. – Ammo hech qayerda O‘zbekistondek jannatmonand yurtni, o‘zbeklar singari bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqni, Toshkentdek go‘zal va sokin shaharni ko‘rmaganman. Bu yerdagi har bir inshoot shaharning chiroyini ochib turibdi. Mustaqillik maydonidagi orastalik, sokinlik, fayzu tarovat kishi diliga orom beradi. Shu bois bu yerda ko‘p sayr qilaman.
Mamlakatimizning bosh maydoni hisoblangan Mustaqillik maydoni o‘zining betakror qiyofasi, teran mazmun-mohiyati bilan xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, buyuk kelajak sari katta umid va ishonch bilan intilishi, qanday ulug‘ ishlarga qodir ekanining amaliy ifodasi sifatida barchamizni shu buyuk Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga da’vat etaveradi.
O‘zA