PEDIATRIYADA ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika pediatr shifokorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokorlar, Germaniya, Italiya, AQSh, Janubiy Koreya, Rossiyadan kelgan mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari R.Fuderich va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, pediatriyada jahon tibbiyotining ilg‘or uslublarini joriy etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazish, millat genofondini mustahkamlashda yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida aholi, jumladan, bolalarga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy tizim barpo etildi. “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturida belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilishi natijasida ona-bola skrining va perinatal xizmati tobora takomillashmoqda.
Bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan maskanlarni modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida olib borilgan modernizatsiya ishlari natijasida diagnostika va davolash ishlari qamrovi yanada kengaydi. Ayni paytda viloyatlardagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida ana shunday loyihalar bajarilayotir.
Bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishda tibbiyotning ilg‘or texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirish barobarida ilm-fanning dolzarb masalalari yechimi yuzasidan ko‘plab loyihalar hayotga tatbiq qilinmoqda. Natijada kardiojarrohlik, gastroenterologiya, nevropatologiya va boshqa yo‘nalishlarda yangi davolash amaliyotlari joriy etildi.
– Toshkentdagi respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Chikago shahridagi bolalar gospitali transplantologiya bo‘limi boshlig‘i, professor Superina Rekardo Antonio (AQSh). – Ushbu klinika imkoniyatlari jihatidan jahondagi nufuzli tibbiyot muassasalaridan aslo qolishmaydi. Biz anjuman doirasida jigardan tashqari portal gipertenziya kasalligini operatsiya qilish yuzasidan mahorat darslari o‘tkazdik. Ushbu davolash uslubi bo‘yicha amaliyot o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar, malakali mutaxassislar talab etiladi. Mamlakatingizda bu borada barcha sharoit mavjudligi jahon tibbiyoti yutuqlarini sog‘liqni saqlash sohasiga o‘z vaqtida tatbiq etish va bolalar salomatligini muhofazalashda yuksak samaralar bermoqda.
Tadbirda pediatriyani rivojlantirish, ilm-fan yangiliklarini amaliyotga tatbiq etish, reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofazalashga yo‘naltirilgan loyihalar natijalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Bolalar jarrohligi, neonatologiyada zamonaviy yondashuvlar, kaminvazivli operatsiyalar, bolalar shifoxonalarida menejment va tashkilotchilik, chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiya, bolalarni to‘g‘ri ovqatlantirish mavzularida mahorat darslari va davra suhbatlari tashkil etildi.
Anjumanning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.