POYTAXTIMIZDA “INFOLIB – 2016" V MILLIY AXBOROT-KUTUBXONA HAFTALIGI BOSHLANDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB – 2016" V Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi.
Unga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, hududlar va tarmoqlardagi axborot-kutubxona muassasalarining xodimlari, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibоtchilari, talaba-yoshlar, o‘quvchilar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayev, Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo‘jayev va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilimlarni egallashi yo‘lida mustahkam asos yaratilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasining "Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida"gi qonuni, mamlakatimiz aholisini axborot-kutubxonalar bilan ta’minlashni tashkil etishga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar fuqarolar bilan axborot-kutubxona maskanlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, ma’rifat maskanlarining faoliyati, axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishning huquqiy asoslarini belgilash, axborot-kutubxona fondlarini tashkil etish, asrash va ulardan foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarda barcha jabhalar, ayniqsa, ta’lim, ma’rifiy sohalarga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, axborot-kutubxona muassasalarining faoliyatini davr ruhi bilan hamohang yo‘lga qo‘yish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Matbuot va axborot agentligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida tashkil etilgan "INFOLIB – 2016" haftaligi kitobxonlar, kutubxona tizimi xodimlariga manzur bo‘layotir.
Milliy axborot-kutubxona haftaligidan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning mutolaa madaniyatini yuksaltirish, madaniy-ma’naviy merosimizni asrash, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga internet orqali sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, aholining turli qatlamlariga kutubxona xizmatini ko‘rsatishda ma’rifat maskanlarining ijtimoiy-madaniy rolini oshirishdan iboratdir.
Bu yilgi haftalikning o‘ziga xos jihati – yurtimizning turli hududlari, vazirlik va idoralar tarkibidagi axborot-kutubxona maskanlari faoliyatini keng va atroflicha o‘rganish, tahlil etish, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishdir. "Mustaqillikning 25-yili: mintaqalar rivojlanishi dinamikasi" nomli videomuloqot, "Eng yaxshi axborot-kutubxona muassasasi mutaxassisi – 2016" tanlovi, «Axborot-kutubxona resurslari katalogizatsiyasining dolzarb masalalari» mavzuidagi trening, «O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalarining bibliografik faoliyati: rivojlanish istiqbollari» mavzuidagi o‘quv-seminar, «Zamonaviy axborot texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslarini saqlash, restavratsiya va konservatsiya qilish, elektron bazasini yaratish» o‘quv-seminari, «Axborot-kutubxona sohasida marketing» nomli trening kabi tadbirlar o‘tkaziladi.
– Kutubxonamiz boy kitob fondiga ega, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Zuhra Berdiyeva. – Bunday tadbirlar faoliyatimizni batafsil sarhisob etish, ilg‘or ish tajribasini o‘rganish, kitobxonlarning fikrlarini atroflicha bilib olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Haftalikning har bir kuni "Ochiq eshiklar", "Ijod", "Ko‘rik-tanlovlar", "Bilimlar va xorijiy tillar", "Madaniyatlar xilma-xilligi" kuni deb nomlanib, uning doirasida mavzuga oid tadbirlar, uchrashuvlar, anjumanlar o‘tkaziladi.
Milliy kutubxona, Xalq ta’limi vazirligi, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligidagi "O‘quvchining axborot madaniyati" nomli o‘quv-metodik kompleksi taqdimoti 1-4-sinf o‘quvchilarining kitobxonlik, internet va boshqa manbalardagi ma’lumotlardan foydalanish madaniyatini oshirishga xizmat qilsa, "ZiyoNET" tarmog‘ida masofaviy ta’lim vositalari" nomli o‘quv dasturlar taqdimoti pedagoglar, talabalar, maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar uchun birdek qiziqarli bo‘lishi shubhasiz. Turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, she’rxonlik, musiqa kechalari, yangi adabiyotlar taqdimoti, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, sportchilar bilan uchrashuvlar, ma’rifiy filmlar namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Xorijiy davlatlarning elchixonalari, Britaniya kengashi, Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikdagi tadbirlarda xorijiy ma’rifiy dasturlar haqida to‘laqonli ma’lumotlar berilsa, milliy hunarmandlik, tasviriy san’at, shaxmat bo‘yicha tashkil etiladigan mahorat saboqlari bolalarning bilimlarini yanada boyitadi. Haftalik doirasida kutubxona o‘qish zallarida yangi adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi, nashriyotlar va kitob savdosi tashkilotlarining mahsulotlari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida “Kitob ummoni bo‘ylab sayohat” nomli adabiy savol-javob o‘yini, «Ta’lim sohasidagi huquqingizni bilasizmi?» nomli viktorina, «Jonajon yurtim –mening rasmlarimda», «O‘zbekiston kelajagi – mening tasavvurimda» deb nomlangan badiiy, adabiy tanlovlar yoshlarning tafakkurini charxlashga xizmat qiladi.
Haftalikning ilk kunida o‘quvchi-yoshlar uchun Milliy kutubxonaga ekskursiya, konsertlar, san’atkorlar bilan uchrashuvlar, axborot-kutubxona muassasalari xodimlari uchun o‘quv-seminarlar, videomuloqotlar, ma’rifiy anjumanlar bo‘lib o‘tdi.
O’zA