POYTAXTIMIZDA XALQARO TA’LIM KO‘RGAZMASI ISH BOSHLADI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Yoshlar ijod saroyida "International Study Uzbekistan Expo – 2016" xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi boshlandi.
Ko‘rgazma "ITE Uzbekistan" kompaniyasi hamda Britaniya Kengashi hamkorligida tashkil etildi. Unda mamlakatimiz hamda qator xorijiy davlatlarning ta’lim sohasiga oid yangiliklari, oliy o‘quv yurtlari faoliyati, grant dasturlari, chet tillarni o‘rganishga oid ma’rifiy dasturlari bilan tanishish mumkin.
Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti rektori K.Karimov, Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi K.Allan, "ITE Uzbekistan" xalqaro kompaniyasi raisi N.Hasanova va boshqalar O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida mazkur yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik ko‘lami tobora kengayib borayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning hayotga joriy etilgani mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash, ta’lim jarayonini sifat va mazmunan tubdan yaxshilash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash imkonini bermoqda.
Yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayoniga xalqaro miqyosda e’tibor va qiziqish tobora ortib, dunyodagi yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda.
Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori yoshlarga zamonaviy bilimlar asosida xorijiy tillarni puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Mamlakatimiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa bir qator rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikda pedagoglarning kasb malakasini oshirish, masofaviy ta’lim, o‘qitishga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, chet tillarni puxta o‘rganishga doir qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Xalqaro ta’lim bo‘yicha ushbu ko‘rgazmadan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy ta’lim sohasida axborot almashish, xorijiy ta’lim imkoniyatlari, oliy ta’lim olishni davom ettirish va malaka oshirishga doir ma’lumotlardan yoshlarni boxabar etishdan iborat. Ko‘rgazma ishtirokchilari yurtimiz hamda Buyuk Britaniya, Malayziya, Rossiya, Xitoy, Ruminiya, Fransiya, Yaponiyadagi injiniring, innovatsion texnologiyalar, rejalashtirish va statistika, turizm va mehmonxona biznesi, tabiiy fanlarga ixtisoslashgan oliy ta’lim maskanlaridagi o‘quv yo‘nalishlari, ta’limdan keyingi, biznes, ta’til dasturlari, til o‘rganish kurslari bo‘yicha keng ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
– Koventri universiteti Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri, – deydi Buyuk Britaniyaning Koventri universiteti vakili Klaudio Iordaxe. – Universitetimizda talabalarga biznes, moliya, ilg‘or texnologiyalar, gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim beriladi. Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston yoshlarining bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi g‘oyat baland ekani, ular bir necha xorijiy tillarni puxta egallaganining guvohi bo‘ldik.
– Biz ko‘rgazmada Malayziyaning beshta yirik universiteti faoliyati, undagi ta’lim dasturlari taqdimoti bilan ishtirok etmoqdamiz, – deydi ushbu mamlakatning global ta’limga oid servis xizmati "Education Malaysia Global Servises" tashkiloti mutaxassisi Raja Muhammad Fariz. – Yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, ta’limning insonparvarligi kabi tamoyillar O‘zbekiston va Malayziya ta’lim tizimidagi o‘xshash jihatlardir.
– Bu tadbir orqali ko‘plab xorijiy universitetlar faoliyati bilan tanishib, mamlakatimiz ta’lim sohasidagi o‘quv andozalari xalqaro talablarga to‘liq javob berishiga amin bo‘ldim, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining axborot xavfsizligi fakulteti talabasi Ahmadjon Xolmurodov. – Ko‘rgazmada xorijdagi magistratura bosqichidagi ta’lim yo‘nalishlari, til o‘rganish dasturlariga oid ma’lumotlar bilan tanishdim.
– Universitetimizda Hamdo‘stlik mamlakatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya va boshqa davlatlardan ham talabalar tahsil oladi, – deydi ushbu universitetning "O‘zbekistonda xorijiy tillar" elektron jurnali va internet portali rahbari Gulmira Shukurova. – Ko‘rgazma ishtirokchilarini chet tillarni o‘rganish, bunda innovatsion metodlar bo‘yicha loyihalar yuzasidan ma’lumotlar bilan tanishtiryapmiz. Ushbu ko‘rgazma xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zA